Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlum qilishicha, hosilning asosiy qismi zamonaviy paxta terish mashinalari yordamida yigʻishtirib olinmoqda. Hozirgacha 2,6 million tonna paxta mexanizatsiyalashgan usulda, 848 ming tonnasi esa qoʻl terimi orqali terilgan.

Qoʻl terimida yigʻilgan paxtaning 174 ming tonnasi dalalar chetlarini mexanizatsiyalashgan terimga tayyorlash jarayonida terilgan. Yana 674 ming tonna paxta terim mashinalari kira olmaydigan kichik maydonlardan fermerlar va agroklasterlar ishchilari tomonidan yigʻib olingan.

Terim mavsumida jami 3 mingga yaqin yuqori unumli paxta terish mashinasi ishga jalb etilgan. Joriy yilda fermer xoʻjaliklari va agroklasterlarga lizing asosida 1 mingdan ziyod zamonaviy paxta terish mashinasi yetkazib berilgan.

12 oktabr kuni mashinalar yordamida 147 ming tonna paxta terib olindi. Bu kuni bitta paxta terish mashinasiga oʻrtacha 50 tonnadan hosil toʻgʻri kelgan.

Paxta terimini oʻz vaqtida yakunlash, hosil nobudgarchiligining oldini olish va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish maqsadida dalalarda terim ishlari davom etmoqda.