Birinchi chorak yakuni bilan yalpi ichki mahsulotimiz 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga, qishloq xoʻjaligi 5,1 foizga oʻsdi. Eksport 5,8 milliard dollarni, xorijiy investitsiya hajmi esa 13,7 milliard dollarni tashkil qildi. Inflyatsiya yillik hisobda birinchi marta 7,1 foizgacha pasaydi.

Bularning hisobiga yanvar mart oylarida byudjet daromadlari oʻtgan yilga nisbatan 35 foizga koʻpayib, 103 trillion soʻmga yetdi. Mahalliy byudjetlarda qoʻshimcha 2 trillion 200 milliard soʻm mablagʻ shakllandi.

Muhimi, shundan 1 trillion 400 milliard soʻm tuman va shaharlar ixtiyorida qoldi.

«Kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizini ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqaramiz. Bu Milliy investitsiya jamgʻarmasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli «Franklin Templeton» kompaniyasiga berganimiz uchun boʻlyapti.

Bir narsani bilinglar: iqtisodiyotimizni xalqaro miqyosda yangi darajaga olib chiqish uchun chuqur oʻylab, yakuniy qarorga kelganmiz», – dedi davlatimiz rahbari.

Oʻtgan hafta Xalqaro valyuta jamgʻarmasi eʼlon qilgan hisobotda yuqori iqtisodiy faollik orqali Oʻzbekiston kuchli va barqaror iqtisodiy oʻsishni saqlab qolayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz yana bir koʻrsatkichga eʼtibor qaratdi: joriy yil yurtimiz nufuzli «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da 14 pogʻona yuqorilab, ilk bor «iqtisodiyoti moʻʼtadil erkin» davlatlar qatoridan joy oldi.

«Buning uchun qanday qiyin va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtganimizni bilganlar biladi.

Umuman, yil boshidan erishilgan natijalar, koʻrsatkichlar mehnatimizga yarasha boʻldi. Lekin ishlamay quruq oylik olib oʻtirganlar ham ishlaganlar bilan «bitta poezdda ketyapti».

Zamon, iqtisodiyot va odamlar talabi kun sayin ortmoqda. Yilning uchdan biri oʻtib boʻldi. Afsuski, ayrimlar hali ham «uygʻongani yoʻq», – dedi Prezidentimiz