Bu haqida Qozog‘istonning “the-tech.kz” axborot nashrida maqola e’lon qilindi.

Yozilishicha, bu kelishuv 2026 yil 11 aprelda O‘zbekiston yetakchisining taklifiga binoan Qozog‘iston Prezidentining amaliy tashrifi doirasida imzolangan.

Mazkur hujjat Buxoro shahrida “IT Park Ventures” va “White Hill Capital” o‘rtasida tuzilgan. Tomonlar umumiy hajmi 2 million dollargacha bo‘lgan qo‘shma investitsiya venchur fondi (venchur fond – hali to‘liq shakllanmagan, lekin katta imkoniyat va istiqbolga ega loyihalarga pul ajratadigan jamg‘arma) tashkil etishga kelishib oldi.

Ushbu fond O‘zbekiston, Qozog‘iston va butun Markaziy Evroosiyo mintaqasida venchur hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda. U istiqbolli texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Jamg‘arma asosan Markaziy Evroosiyo startaplariga, xalqaro bozorga chiqishni maqsad qilgan mahalliy asoschilarga va texnologiyalar transferiga qaratilgan loyihalarga e’tibor qaratadi. Shuningdek, u yangi bozorlarga chiqish, iste’dodlarni rivojlantirish va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.

Amalda bu jamg‘arma uzoq muddatli sarmoyalarni jalb qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish va xalqaro tajribani olib kirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bu esa mintaqada startaplar uchun yanada qulay muhit yaratib, ularning o‘sishiga turtki beradi.

Shu bilan birga, jamg‘arma ta’sischilar uchun moliya topish, yangi hamkorlar bilan ishlash va biznesni kengaytirish imkoniyatlarini oshiradi. U O‘zbekiston va Qozog‘istonning innovatsiya va venchur sohasidagi rolini yanada mustahkamlaydi.

Umuman olganda, ushbu tashabbus Markaziy Evroosiyoda zamonaviy, barqaror va investorlar uchun jozibador venchur ekotizimni shakllantirishga qaratilgan.