Federatsiyalar sport shifokori, farmakolog va dietologlarni yuqori maosh toʻlab, chetdan olib kelishga majbur boʻlmoqda.
Sportchilardagi suyak sinishi, pay uzilishi kabi jarohatlar boʻyicha zamonaviy protokollar oʻzimizda joriy etilmayotgani, Travmatologiya, Kardiologiya, Terapiya markazlari federatsiyalar bilan hamkorlik qilmasligi boʻyicha eʼtiroz bildirildi.
Endilikda har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazlari sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi. Har oyda terma jamoa aʼzolarining sogʻligʻini diagnostika qiladi, jarohat olish xavfini baholaydi. Sportchining jismoniy yuklamasini ilmiy tahlil qilib, murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.
Yangi oʻquv yilidan Toshkent tibbiyot universitetida sport dietologi, fiziologiya, psixologiya boʻyicha, Farmatsevtika institutida sogʻlom ovqatlanish boʻyicha mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Olimpiya shaharchasidagi Sport tibbiyoti ilmiy markazi talabalar uchun amaliyot bazasiga aylanadi.
Shuningdek, mutasaddilarga sport mahsulotlarini mahalliylashtirish dasturini oʻz ichiga olgan qaror loyihasini kiritish topshirildi.