Nufuzli arjuman O‘zbekiston Respublikasi davlat
mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlandi.
Mazkur
konferensiya Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti
hamda Fanlar akademiyasining O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni
rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashi bilan hamkorlikda tashkil
etildi.
Oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan anjumanda
mamlakatimizning yuridik sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilari,
ilmiy xodimlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, bakalavrlar, talabalar,
huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sud va adliya tizimi xodimlari,
akademik hamjamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari
vakillari ishtirok etdi.
Ilmiy-amaliy
konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi
deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
direktori, akademik Akmal Saidov ochib berdi. Taniqli o‘zbek huquqshunosi «Mustaqillik
va huquqshunoslik fani: natijalar va istiqbollar» mavzusidagi ma'ruzasida
mamlakatimiz davlatchiligi va huquqiy tizimining shakllanishi, rivojlanishi
hamda modernizatsiya qilinishi jarayonlarini ilmiy jihatdan tahlil qilishda
huquqshunoslik fanining erishgan yutuqlari va dolzarb muammolarini muhokama
etish alohida ahamiyatga ega ekanligiga e'tiborni qaratdi.
Bunda, ayniqsa,
Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish
sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning nazariy-amaliy ahamiyatini
baholash juda muhim.
Keyingi yillarda,
xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil
16-fevralda qabul qilingan «Oliy o‘quv yurtidan keyingi
ta'lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni asosida huquqshunoslik
sohasida yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimi
takomillashtirildi. O‘z navbatida, Prezidentimizning 2020-yil 29-aprelda qabul
qilingan «O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim
va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar
to‘g‘risida»gi farmoni yuridik ta’lim,
huquqshunoslik fani va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishning yangi bosqichini
boshlab berdi.
Ayni shu 2020-yilning o‘zida soha rivojiga oid yana bir nechta muhim
hujjatlar qabul qilingani tahsinga sazovor.
Konferensiya davomida Olimlar, huquq-tartibot
idoralari vakillari, O‘zFA professorlarining ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiyada mustaqillik yillarida mamlakatimiz
davlatchiligi va huquqiy tizimining shakllanishi, rivojlanishi va modernizatsiya
qilinishi jarayonlari, huquqshunoslik fanining erishgan yutuqlari va dolzarb
masalalari teran tahlil etildi. Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat va kuchli
fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan islohotlarning nazariy-amaliy
ahamiyati, shuningdek, yuridik ilm-fanning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari
va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama etildi.
Inson huquqlari
bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy
markazi matbuot xizmati.