Bu haqda Spot.uz Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib xabar berdi.

17-avgust kuni Prezident matbuot xizmati Urganch — Xiva (T-001) avtomobil yoʻlida haq evaziga qatnov yoʻlga qoʻyilishini maʼlum qilgan edi. Yangi yoʻl orqali harakatlanish vaqti 45–50 daqiqadan 15–20 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.

Yaqinda Xivadan Urganch xalqaro aeroportiga uzunligi 35 kilometr boʻlgan mazkur yangi avtomobil yoʻli orqali borildi.

Toʻrt polosali trassa loyihasi doirasida yerosti tunneli, 8 ta yoʻl oʻtkazgich, 15 ta koʻprik va 106 ta suv oʻtkazuvchi inshoot qurilgan. Yoʻlning oʻtkazuvchanlik quvvati kuniga 30 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etadi.

Yoʻl haqi avtomobillarni toʻxtatmagan holda elektron shaklda undiriladi. Transport oqimi va toʻlov tizimi sunʼiy intellekt asosidagi raqamli yechimlar orqali boshqariladi.

Yengil avtomobillar (M1) uchun Xivadan Urganchgacha va orqaga boʻlgan toʻliq yoʻnalishda yoʻl haqi 25 ming soʻmni tashkil etadi.

Shuningdek, uzunligi 28 kilometr boʻlgan qisqa yoʻnalish — “Turkmanli” mahallasidan Xivagacha boʻlgan yoʻl ham mavjud. Undan foydalanish haqi 20 ming soʻm etib belgilangan.

3,5 tonnagacha boʻlgan yengil yuk avtomobillari (N1), 8 nafardan ortiq yoʻlovchiga moʻljallangan avtobuslar (M2/M3) hamda ogʻirligi 3,5–12 tonna boʻlgan oʻrta yuk avtomobillari (N2) uchun toʻliq yoʻnalishdagi yoʻl haqi 40 ming soʻm, qisqa yoʻnalishda esa 25 ming soʻmni tashkil etadi.

Ayni paytda Urganch — Xiva avtomobil yoʻlidan foydalanish uchun toʻlov sayti sinov rejimida ishlamoqda. Yoʻl haqini toʻlash tizimi 25-avgustdan toʻliq ishga tushadi.

Shuningdek, maxsus mobil ilova Google Play va App Storeʼda mavjud boʻladi.

Sayt orqali yoʻl holati, tirbandliklar, taxminiy harakatlanish vaqti va ob-havo sharoitlari haqida maʼlumot olish mumkin.

Elektron hamyonni DEVHUB kompaniyasi ishlab chiqqan VIA uchinchi tomon xizmati orqali yoki bank kartasini ulash orqali toʻldirish mumkin. Yoʻl haqini qoʻlda toʻlash yoki har bir qatnovdan soʻng mablagʻni balansdan avtomatik yechib olish funksiyasini yoqish imkoni ham mavjud.

Saytda transport vositasini davlat raqami, toifasi, ishlab chiqaruvchisi, rusumi va rangi koʻrsatilgan holda qoʻshish mumkin.

Yoʻl belgilariga koʻra, pullik trassada maksimal tezlik 150 km/soat, qayrilishlarda esa 130 km/soat etib belgilangan. Minimal tezlik 40 km/soatni tashkil etadi.

Trassada piyodalar, mopedlar, ot-arobalar hamda tirkamali transport vositalarining harakatlanishi taqiqlangan.

Shuningdek, trassada qayrilib olish va toʻxtashga ham ruxsat berilmaydi.