Shifokor voqea tafsilotlari haqida Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatiga eksklyuziv intervyu berdi.

Vazirlik Matbuot xizmati maʼlum qilishicha, Hasan Kamilov Samarqand shahridagi xususiy klinika rahbari, Toshkent davlat tibbiyot universiteti izlanuchisi hisoblanadi. U ayni paytda Koreya Respublikasining Chxunbuk universitetida malaka oshirmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, parvoz vaqtida yoʻlovchi ayolning ahvoli toʻsatdan ogʻirlashgan. Ekipaj zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatish uchun shifokor chaqirgan.

Hasan Kamilov bemorga yordam berishga shoshilgan. Ayol ogʻir shok holatida boʻlib, tanasi sovigan va koʻkarish belgilari kuzatilgan.

Shifokor oʻzi bilan olib yuradigan shoshilinch tibbiy yordam vositalari, shuningdek, «Oʻzbekiston havo yoʻllari» ekipaji taqdim etgan kislorod niqobi va tibbiy jihozlar yordamida bemorga zarur yordam koʻrsatgan. Natijada ayolning hayoti saqlab qolingan.

«Bu — qahramonlik emas, balki shifokorlik burchimiz va har kungi mashaqqatli mehnatimizning bir qismi», — deydi Hasan Kamilov.