Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida fashizm ustidan qo‘zonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan insonlar xotirasi yana bir bor yodga olinmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaroriga muvofiq, Buyuk Britaniya fuqarolari — marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.

O‘zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov Jersi oroliga tashrif buyurib, mukofotni marhum oilaning farzandlari — Dalsi va Alan Le Bretonlarga topshirdi.

Taqqdirlash marosimi Dalsi Le Breton davolanayotgan “Cheval Roc” qariyalar uyida bo‘lib o‘tdi. Unda muassasa rahbariyati, mahalliy aholi, Jersey Heritage vakillari hamda BBC, ITV jurnalistlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan muassasa rahbari Nik Betani britaniyalik oilaning insonparvarligini yuksak baholagan O‘zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi. U mukofot Jersi orolining fashistlar istilosidan ozod etilganining 81 yilligi arafasida topshirilganini alohida ramziy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Dalsi va Alan Le Bretonlar ota-onalari xotirasini iliq so‘zlar bilan yodga olib, O‘zbekiston xalqiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Ular fashizm butun insoniyat uchun tahdid bo‘lganini, g‘alaba esa xalqlarning birligi va o‘zaro yordami tufayli qo‘lga kiritilganini ta’kidladi.

Shuningdek, ular Boqijon Akramov haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashib, oila a’zolari orasida “Tom amaki” nomi bilan tanilgan o‘zbek askari mehnatkashligi, kamtarligi va insoniy fazilatlari bilan qisqa vaqt ichida oilaning mehrini qozonganini qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, Ikkinchi jahon urushi yillarida boshlangan ushbu voqea bugungi kunda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va insoniy qadriyatlar ramziga aylangan. Bu haqdagi tarix BBC va Britaniyaning boshqa yetakchi ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilgan.

Jersi oroli — Normandiya orollarining eng yirigi bo‘lib, 1940 yil iyul oyida fashistlar tomonidan bosib olingan. U yerda harbiy infratuzilma va yerosti bunkerlari barpo etilgan.

Oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Boqijon Akramov urush boshlangach armiyaga safarbar etilgan va Ukraina frontiga jo‘natilgan. Janglardan birida nemis qo‘shinlari minglab sovet askarlarini qirib tashlagan, tirik qolganlar esa asir olingan.

1942 yil iyul oyida u ikki ming asir bilan birga Jersi oroliga olib kelinib, yerosti tunnellari qurilishiga jalb etilgan. Oylab davom etgan ochlik va og‘ir sinovlarga qaramasdan, u asirlikdan qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Le Bretonlar oilasi esa hayotini xavf ostiga qo‘yib, qochqin askarga o‘z uyidan boshpana bergan va uni qariyb uch yil davomida fashistlardan yashirib kelgan. 1945 yil may oyida Boqijon Akramov O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Jon va Fillis Emili Le Bretonlarning bu jasorati insonparvarlikning yorqin namunasi sifatida tarixda saqlanib qolmoqda.