«O‘zbekiston Prezidenti tomonidan joriy yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish vazifasi topshirilgan. Qayd etish kerakki, bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Yurtimizda islom diniga oid 784 ziyoratgoh, nasroniylik diniga oid 19 hamda buddaviylikka oid 8 madaniy meros obekti mavjud. Bu imkoniyatdan foydalanib, joriy yilda 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta'minlash mumkin», - dedi Aziz Abduhakimov.
Shundan so‘ng xalqaro davra suhbati ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishning qonunchilik va institutsional asoslari, yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekistonni Islom sivilizatsiya markazi sifatida targ‘ib qilishning ahamiyati, ziyorat turizmini tashkil etishda logistika masalalari va yangi yo‘nalishlar va COVID –19 pandemiyasi davrida turizm sohasida faoliyat yuritish shartlari kabi mavzularda chiqishlar qilindi.
2021-yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etiladigan tadbirlar, Mir Arab madrasasi tashkil etilganligining 500 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ishlari, Termiziy ulamolarning islom tamadduni va jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasiga oid anjumanga tayyorgarlik ishlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Bundan tashqari, xalqaro forum doirasida Fransiya, Malayziya, Rossiya, Ozarboyjon kabi xorijiy mamlakatlar mutaxassislari ham so‘zga chiqib, xorij tajribasi hamda O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga oid fikrlarini bayon etishdi.
Ta’kidlash joizki, 2020-yilning 9-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasiga bag’ishlangan videoselektor yig‘ilishida ziyorat turizmini rivojlantirishga doir vazifalar belgilab berildi.
2021-yil 9-fevralda Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unda qulay ichki va xalqaro ziyorat turizm muhitini yaratish, yurtimizning ziyorat turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish hamda mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilingan.
Joriy yilda viloyatlar kesimida ziyoratgohlarning targ‘iboti uchun jami 1,1milliard so‘m, xorijiy davlatlarda mamlakatimizning ziyorat turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun 6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, qator yangi mahalliy va xorijiy yo‘nalishlarda aviaparvozlar va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.
Bundan tashqari, 2020-yildan boshlab COVID —19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqib, xususiy sektor subektlariga bir qator imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.