Jomboy tumanida joylashgan “Sh.” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasida tekshiruv oʻtkazilganda qator qoidabuzarliklar aniqlangan.

Xususan, obyektda loyiha talablariga zid ravishda qoʻshimcha kompressor oʻrnatilgani, shuningdek gazni hisobga olish tizimi belgilangan meʼyorlarga rioya etmagan holda ishlatilgani maʼlum boʻlgan.

Bu esa tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishga olib kelgan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur holat ortidan davlatga 6 milliard 480 million soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

Hududgaztaʼminot axborot xizmatiga koʻra, holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Hozirda mazkur ish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda.