Oʻrmonchilar, ekologlar va soha mutaxassislari bilan issiq kunlarda togʻli hududda yongʻin kelib chiqish xavfini kamaytirish chora-tadbirlari, yuzaga kelgan yongʻin va uning oqibatida tabiatga yetkazilgan zararlar koʻlami koʻzdan kechirildi, yongʻin oqibatlarini bartaraf etish, ekotizimni va yashil hududlarni qayta tiklash boʻyicha fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunining 25-moddasiga muvofiq tabiat bogʻlarining xoʻjalik maqsadida va boshqa tarzda foydalanish zonalarida aholining istiqomat qilishiga, yuridik va jismoniy shaxslarning tabiiy obyektlar va majmualarga zarar yetkazmaydigan faoliyatiga yoʻl qoʻyiladi. Shu bilan birga, mazkur hujjat bilan tabiat bogʻlarida tabiiy obyektlar va majmualarga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari cheklanishi yoki taqiqlanishi belgilangan.

Oʻrganish davomida Zomin tumanining togʻli hududlarida yongʻinlar oldini olish va tabiatni asrash, xususan, yongʻinni oldini olish bilan bogʻliq ogohlantiruvchi belgilarni koʻpaytirish, yongʻinga qarshi texnik himoya vositalari, jihozlar va anjomlari bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Zomin milliy tabiat bogʻi hududiga keluvchi dam oluvchilar tomonidan maishiy chiqindilarni tashlash uchun infratuzilma yaratish, oʻsimlik dunyosining Qizil kitobga kiritilgan turlarini payhon qilmaslik va yuqori togʻ zonalarida tabiiy boyliklarni asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi matbuot xizmati.