Targʻibot tadbirlari natijasida, mart oyining dastlabki choragida Zomin tumani “Duoba” QFY hududida 10 ta barcha shart-sharoitlarga ega, zamonaviylik va milliylikni oʻzida mujassamlashtirgan yangi koʻrinishdagi uy mehmonxonalari ochildi. Ushbu uy mehmonxonalariga oʻz faoliyatini boshlash uchun Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan sertifikatlar taqdim etish uchun 16-mart kuni Jizzax viloyat hokimining turizm va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi Sindor Rahmonqulov hamda hududiy boshqarma xodimlari ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida mahalliy aholi va tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, unda bugungi kunda turizm sohasi uchun ajratiladigan subsidiya va kompensatsiya berilish tartibi, unda yengil konstruksiya orqali barpo qilinadigan joylashtirish vositalari, gid va turoperatorlarga yangi turistik yoʻnalishlar toʻgʻrisida ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, Zomin tumani hududida joylashgan oilaviy mehmon uylari va unda yaratilayotgan imkoniyatlar, jumladan, qoʻshimcha ish oʻrinlari va mehmonlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar tahsinga loyiq deyishimiz mumkin.
Olib borilayotgan bunday targʻibot ishlari, albatta, viloyatimiz turizm salohiyatini yana-da oshirishda, hududda sayohatchilar sonining koʻpayishida hamda aholi bandligini taʼminlashda asosiy oʻrin egallaydi.









