Zominda birinchi bor ultramarafon oʻtkazildi

    Sport 29 Iyun 2021 1003

    Zomin tumanidagi birinchi marotaba ultramarafon – “Zaamin-Ultra” xalqaro bellashuvlari boʻlib oʻtdi.

    Dengiz sathidan 2 ming 400 metr balandlikdagi osmonoʻpar togʻ hududida boʻlib oʻtgan ultramarafon “Samarkand Half Marathon” doirasida tashkil etilgan boʻlib, uch bosqichli musobaqaning dastlabki bosqichi sanaladi.

    Nafaqat marafon, shu bilan birga ushbu sport, musiqa va sanʼat festivali

    Turizm va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda 13 davlatdan 700 nafarga yaqin professional va havaskor sportchilar ishtirok etdi.

    Marafonning ikkinchi bosqichi madaniyat, zamonaviy sanʼat va sport festivali – “New Star” nomi bilan joriy yilning 1-5-sentyabr kunlarida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi togʻ hududida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Uchinchi bosqich esa Joriy yilning 5-7-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadi.

    Sport bellashuvlaridan tashqari loyiha doirasida konsert dasturlari, shuningdek, madaniy va koʻngilochar tadbirlar ham koʻzda tutilgan.

    Ushbu loyihaning asosiy maqsadi, sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, madaniy turizmni rivojlantirish, Oʻzbekiston aholisi, shu jumladan, yosh avlodni faol sport turlari bilan shugʻullanishini taʼminlashdan iborat.

    Anʼanaviy marafon masofasi 42 kilometr 195 metrdan iborat boʻlib, Zomindagi bellashuv 50 kilometr masofaga oʻtkazilgani sabab ultramarafon deya ataldi.

    Maʼlumot uchun: ultramarafonlar butun dunyoda oʻtkazilib, har yili unda 70 mingdan ziyod professional va havaskor sportchi ishtirok etadi, deb xabar beradi Uzbektourism.uz Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.