Qayd etilishicha, dastlabki toʻplangan hujjatlarga koʻra, Oʻriklisoy qishlogʻida joylashgan dam olish maskanlaridan birining atrofida yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmasdan qurilish-montaj ishlari olib borilayotganda yongʻin kelib chiqib, archa va boshqa oʻsimliklar yonib nobud boʻlib, Zomin Milliy tabiat bogʻiga juda koʻp miqdorda zarar yetishiga sabab boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan 1-avgust kuni Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198 va 259-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
“Hozirda Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovga aralashish va toʻsqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deyiladi maʼlumotda.
Eslatib oʻtamiz, 1-avgust kuni 80 gektar maydonda quruq oʻt va daraxtlar yonib ketgandi. Yongʻin salkam sakkiz soat ichida oʻchirilgandi. Olovni oʻchirishga 1600 ga yaqin odam jalb etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-avgust kuni oʻtkazilgan yigʻilishda Zomin togʻlarida yuz bergan yongʻin haqida “bir noinsof boyvachchaning oʻgʻli shu ishni qilibdi. Hozir prokuratura shugʻullanyapti, albatta, chora koʻramiz”, deya taʼkidlagandi.