Zominda “Zaamin Ultra” xalqaro ultramarafoni boʻlib oʻtdi

    Sport 31 May 2022 1592

    29-may kuni Jizzax viloyatining Zomin milliy tabiat bogʻida “Zaamin Ultra” xalqaro togʻ ultramarafoni oʻtkazildi.

    “Ultramarafon dunyoning eng yaxshi top-100 talik poygalari qatoridan oʻrin olgan Samarkand Marathon xayriya poygalari tarkibiga kiradi. 2022-yilgi poygalarning maqsadi koʻrishda nuqsoni boʻlgan odamlar uchun muzeylarni moslashtirishdan iboratdir. Zomindagi yugurish trassasi ancha vaqtdan beri murakkab hisoblangan yoʻl boʻylab oʻtadi. 20 ga yaqin davlatdan kelgan ishtirokchilar dengiz sathidan 2 500 metr balandlikda joylashgan masofani yugurib oʻtishlari mumkin va bu har bir qatnashchiga oʻzini sinab koʻrish uchun zoʻr imkoniyatdir!”,— deydi Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi kengashi raisi oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva.

    Ishtirokchilar toʻrt masofa: 2, 10, 21 va 50 kilometr yoʻlni yugurib oʻtdi.

    Bu yil “Zaamin Ultra” dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 1 200 dan ziyod ishtirokchini jamladi. Bular – AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Kanada, Yangi Zelandiya, Rossiya, Gruziya, Belarus, Ukraina, Isroil, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Oʻzbekiston va boshqalardir, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    50 km masofaga yugurish musobaqalarida jami 35 nafar ultramarfonchi qatnashdi.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tashabbusi bilan oʻtkaziluvchi “Zaamin Ultra” Samarqand marafonining bir qismi hisoblanadi.