Zoʻravon oʻgay onaning ruhiy holatiga huquqiy baho berish uchun ekspertiza tayinlandi

    Ijtimoiy hayot 26 Dekabr 2023 603

    Zangiota tumanidagi 13 yoshli S.R (qiz)ga nisbatan uning oʻgay onasi tomonidan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy zoʻravonlik qilingan.

    Bolalar ombudsmaniga jamoatchilik faollaridan Zangiota tumanidagi 13 yoshli S.R (qiz)ga nisbatan uning oʻgay onasi tomonidan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy zoʻravonlik qilinayotgani yuzasidan murojaat va videomaterial kelib tushgan.

    Holat ichki ishlar organlari tomonidan oʻrganilganda, videoda 2010-yilda tugʻilgan S.R.ga otasi S.Sning turmush oʻrtogʻi S.Sh. tomonidan zoʻravonlik qilinganligi holati ekanligi aniqlangan.

    Bu fakt yuzasidan S.S. ham tuman IIBga murojaat qilib, turmush oʻrtogʻiga qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Dastlab voyaga yetmagan S.R. sud-tibbiyot ekspertizasidan oʻtkazilib, tanasida tan jarohatlari aniqlanmagan.

    Qizcha bilan yakka tartibda psixolog suhbati oʻtkazildi va hozirda bolaga ruhiy zoʻravonlik yetkazilganligini va uning darajasini aniqlash uchun ekspertiza tayinlangan.

    Qaramogʻida boʻlgan bolaga zoʻravonlik qilganligi aytilayotgan S.Sh ning ruhiy holatiga ham huquqiy baho berish uchun ekspertiza tayinlangan.

    Mazkur fakt boʻyicha olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv Zangiota tumani prokuraturasi nazoratida.