“Aholi bandligi toʻgʻrisida»gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston qonuni loyihasi eʼlon qilindi.
Qonun loyihasi bilan “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunga quyidagi oʻzgartirishlar kiritiladi:
— mahalliy mehnat organlari tomonidan ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar turlariga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida mahalliy mehnat organlariga roʻyxati taqdim etilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan xotin-qizlarni davlat organlari va tashkilotlariga yoʻllanma asosida ishga joylashtirish xizmati kiritilmoqda;
— “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi asosida mahalliy mehnat organlariga roʻyxati taqdim etilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan xotin-qizlar ish qidirayotgan shaxslar sifatida mahalliy mehnat organlarida ularning murojaatisiz roʻyxatga olinishi tartibi belgilanmoqda;
— mahalliy mehnat organlari tomonidan yoʻllanma asosida ishga yuborilgan shaxslarni, shu jumladan, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari talabnomasi boʻyicha yuborilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan xotin-qizlarni ishga qabul qilishni boʻsh (vakant) ish oʻrinlari mavjud boʻlgani holda asossiz ravishda rad etgan davlat tashkilotlariga, davlat ulushi ellik foiz va undan yuqori boʻlgan tashkilotlarga javobgarlik belgilovchi meʼyorlar kiritilmoqda.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aholini ishga joylashtirish boʻyicha aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirishga, tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan tegishli bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan xotin-qizlarning bandligini taʼminlash orqali ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.