Zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat

    “Zo'ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakat” kampaniyasi doirasida O'zbekiston XDP Markaziy Kengashi tomonidan Toshkent shahrida “Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilamiz” mavzusida tadbir tashkil etildi.

    Unda Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi, Qoraqalpogʻiston respublika, viloyatlar hamda Toshkent shahar kengashlari masʼul xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, mahalliy kengashlar deputatlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish” respublika Markazi masʼullari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

    Tadbirda BMTning “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida”gi konvensiya mazmun-mohiyati, Oʻzbekistonda ratifikatsiya qilinganligi, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qabul qilingan Qonun va Qonunosti hujjatlari, ularda belgilangan maqsad, vazifalar haqida keng tushunchalar berildi.

    Maʼruzachilar, mutaxassislar tomonidan Bosh Qomusimiz hamda qonunlardagi xotin-qizlar huquqlarining kafolatlari, ularni qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asoslari va xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonliklarning oldini olish, tazyiq va zoʻravonlikka uchragan ayollarni himoya qilish borasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar haqida tavsiyalar berildi.

    Shuningdek, ayol deputatlarga xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularning muammolarini yechishning samarali usullari, zoʻravonlikka qarshi kurash boʻyicha siyosiy partiyalar, deputatlar oldida turgan vazifalar haqida foydali maʼlumotlar berildi. Ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi yil davomida, doimiy kurashish lozimligi taʼkidlandi.

    Muloqot soʻnggida “Zoʻravonlik oqlanmaydi” nomli qisqa metrajli videorolik namoyish etildi.

    Tadbir savol-javob va bahs-munozaralar ostida qiziqarli oʻtdi, bildirilgan taklif va fikrlar asosida tavsiyalar ishlab chiqilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.