“Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonunning 10-moddasida anonim murojaatlar Vakil tomonidan koʻrib chiqilmasligi belgilangan. Lekin ushbu murojaatda zoʻravonlik holati keltirilgani sababli u Ombudsman tashabbusiga koʻra voqea joyiga chiqib oʻrganildi.
Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili murojaatda koʻrsatilgan manzilga Pop tumani “Olmazor” MFYdagi xotin-qizlar faoli M.Mavjutova, IIB hudud profilaktika katta inspektori bilan birga borganida ushbu xonadonda 2-guruh nogironi boʻlgan E.Oʻ. ismli qiz yashashi aniqlandi.
Anonim murojaatda zoʻravonlikka uchrayotgani bayon etilgan ushbu qizning ruhiy hastaligi va qulogʻi yaxshi eshitmasligi sababli oila aʼzolari unga baland ovozda gapirishi maʼlum boʻldi. Qiz bilan xoli suhbatlashilganda ham unga nisbatan hech qanday tazyiq, jismoniy va ruhiy zoʻravonlik boʻlmagani qayd etildi.
Murojaatni oʻrganish davomida 2-guruh nogironi boʻlishiga qaramay, E.Oʻ. tuman poliklinikasi tomonidan hech qanday tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmagani aniqlandi. Shu kunning oʻzida tibbiy koʻrik tashkil etilib, E.Oʻ. va onasining salomatligi tekshirildi.
Oʻrganish davomida qizning onasi bilan ham suhbat oʻtkazilib, tegishli tavsiyalar berildi.
Hozir E.Oʻ.ning salomatligi nazoratga olingan. MFY mutasaddilari, IIB profilaktika inspektori, Pop tumani nogironlar jamiyati vakillari doimiy ravishda uning holidan xabar olib turilishi yoʻlga qoʻyildi.