Joriy yilning o‘tgan 7 oyida Migratsiya agentligi tomonidan xorijda murakkab vaziyatga tushib qolgan 2 888 nafar hamyurtimiz Vatanga qaytarildi. Buning uchun Migratsiya jamg‘armasidan 9 mlrd 936 mln so‘m mablag‘ sarflangan.
Qayd etilishicha, 2024 yilda ishlash maqsadida Sankt-Peterburgga ketgan o‘zbekistonlik fuqaroning joriy yil mart oyidan oilasi bilan aloqasi uzilgan. O‘rganishlar davomida uning ruhiy holatida o‘zgarishlar kuzatilgani va qarovsiz qolgani aniqlangan. Migratsiya agentligi ko‘magida fuqaro Sankt-Peterburg — Toshkent reysi orqali Vatanga qaytarilgan.
Joriy yilning 7 oyida Vatanga qaytarilgan fuqarolarning:
- 1 306 nafari — murakkab moliyaviy ahvolda qolgan;
- 518 nafari — bolali ayollar;
- 1 022 nafari — bolalar;
- 42 nafari — maxsus tibbiy tashish orqali olib kelingan.
Tibbiy kuzatuv talab etilgan 15 nafar fuqaro Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlari nazorat ostida Vatanga olib kelingan.
Fuqarolarni qaytarish bilan bog‘liq transport, tibbiy, tashkiliy va boshqa zarur xarajatlar uchun Migratsiya jamg‘armasidan jami 9 mlrd 936 mln so‘m mablag‘ sarflangan.