Zoyir Mirzayev boshchiligidagi ishchi guruh ixtisoslashtirilgan maktablardagi qurilish jarayonlarini ko'zdan kechirdi

    Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Chinoz tumani hududida bunyod etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktabdagi yakuniy ishlarni borib ko'rdi.

    Tez kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan mazkur zamonaviy ta'lim dargohida o'quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-apreldagi “Prezident ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog'ini kengaytirish to'g'risida”gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Chinoz tumanida 480 o'ringa mo'ljallangan ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etildi.

    Bugungi kunda mazkur obyektda demontaj ishlari 100, pardozlash ishlari 90, elektr ishlari 95 foizga bajarilgan.

    Mazkur maktabga jami 27 nafar yuqori malakali o'qituvchilar tanlov asosida qabul qilingan.

    Pedagog xodimlarning 4 nafari oliy toifa, 8 nafari 1 toifa, 9 nafari 2 toifaga ega muallimlardir.

    O'quv yili davomida har oyda ma'lum fan yo'nalishlarida “Fan oyligi” tashkil etilib, oylik davomida fan o'qituvchilari va o'quvchilar tomonidan kreativ yondashuv asosida dars mashg'ulotlari, o'quvchilarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida barcha fanlardan to'garak mashg'ulotlari yo'lga qo'yilgan.

    Viloyat hokimi mas'ullar bilan suhbatda ish jarayonini to'g'ri tashkil etish, maktablar o'quvchilarini ilg'or xorijiy oliy o'quv yurtlarida va ularning respublikamizdagi filiallarida o'qishini davom ettirishlarini tashkil etishni hozirdan reja qilish, shuningdek, o'quvchilarni sifatli ta'lim olishlarida barcha zarur sharoitlarni yaratish borasida muhim tavsiyalar berdi.