Zoyir Mirzaev Chol U Li boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi

    Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev Chol U Li boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

    Muzokaralar chog'ida Toshkent viloyatida amalga oshirilishi ko'zda tutilgan investitsiyaviy rejalar bilan bog'liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. "Nurafshon biznes siti"da olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari yuzasidan ma'lumotlar berildi. Koreya Respublikasi bilan o'zaro aloqalar, xalqaro miqyosdagi ilg'or tajribalar, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlikning o'rni yuzasidan fikr almashildi.

    — Bugungi uchrashuv menda katta taassurot qoldirdi. Janubiy Koreya va O'zbekiston, shu jumladan, Toshkent viloyati o'rtasida munosabatlar tobora rivojlanib borayotgani meni quvontiradi. Ayniqsa, markaziy viloyatning so'lim tabiati, rivojlangan infratuzilmasi bizga juda yoqadi. Bu jihat ham qaysidir ma'noda bizlarni shu hudud vakillari bilan yanada faol ishlashga undaydi. Maqsadimiz — qurilish, turizm to'qimachilik sohasidagi yangi texnologiyalar, zamonaviy uskunalar asosida hududlarda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, — dedi gubernator Chol U Li.

    Uchrashuvda ta'kidlanganidek, Koreya Respublikasi to'qimachilik sohasi yutuqlari bo'yicha dunyoda yetakchilik qiladi. Ayniqsa, sohaga raqamli va “yashil” texnologiyalarni tatbiq etishda katta imkoniyatga ega ekani e'tiborga loyiq.

    Muzokaralar yakunida viloyat hokimi istiqbolli tashabbus va loyihalarni doimo qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini alohida ta'kidladi. Yaqin istiqbolga xizmat qiluvchi hamkorlikka doir hujjatlar imzolandi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.