Zoyir Mirzayev Janubiy Koreya delegatsiyasi vakillari bilan muloqot qildi

    Joriy yilning 6-sentyabr kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyada amaliy tashrif bilan bo'lib, bir qator yirik kompaniya vakillari bilan muzokaralar o'tkazgan edi.

    Muloqot davomida “Nurafshon New Korea Busines City” loyihasini amalga oshirish, “Koreya yong'in sanoati uyushmasi” va “K-TDC GROUP” kabi kompaniyalar bilan anglashuv memorandumlari imzolangan edi.

    Jumladan, bugun Zoyir Mirzayev hamda Koreya-O'zbekiston Biznes uyushmasi raisi Edvard Kim boshchiligidagi delegatsiya bilan tashkil etilgan uchrashuv ham ushbu hamkorlikning uzviy davomi bo'ldi.

    Unda “Nurafshon biznes siti” hududida ko'p qavatli uylar, mehmonxona, yong'in xavfsizligi instituti, tibbiyot muassasasi va tijorat binolari qurish yuzasidan fikr almashildi.

    Uchrashuvda tomonlar bunyodkorlik sohasida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni tizimli davom ettirishga kelishib oldi.

    “Nurafshon New Korea Busines City” loyihasi, Yong'in xavfsizligi institutini tashkil etish kabi qator loyihalar haqida ma'lumot berildi. Viloyat rahbari ko'zda tutilayotgan bunyodkorlik ishlari yuzasidan qonunchilik doirasida hukumatga taklif tayyorlanishini ta'kidladi.

    O'z navbatida, viloyat yetakchisi xorijlik hamkorlarning ikki taraflama manfaatli taklif va tashabbuslarini hamisha qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.