Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev migrantlar bilan onlayn muloqot qildi.
Viloyat rahbari onlayn muloqotda jami 57 nafar fuqaro bilan suhbatlashdi, eshitdi, koʻtarilgan masalalarni shu joyning oʻzida masʼullar bilan birgalikda muhokama qilib, tegishli topshiriqlar berdi.
Onlayn suhbatda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Misr, Fransiya singari mamlakatlarda istiqomat qilayotgan taʼlim va mehnat migrantlari ishtirok etdi. Ayni bir vaqtning oʻzida viloyat hokimi Youtube, Telegram, Facebook orqali namoyish etilgan jonli efirlarning izohlar qismida yoʻllangan murojaatlarga ham javob qaytardi.
Onlayn muloqotda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxona va vakillik xodimlari, migrantlarning oila aʼzolari ham ishtirok etdi.
Zoyir Mirzayev mutasaddilarga muloqot formatini saqlagan holda, qamrovni kengaytirish, ishtirokchilarni kengroq jalb etish, muntazam ravishda shunday suhbatlarni tashkil etib borish boʻyicha qatʼiy koʻrsatma berdi.
Jarayonda migrantlar tomonidan koʻtarilgan masalalar, muammolarni ijobiy hal etish, zarur hollarda, huquqiy yordam koʻrsatish yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatma va topshiriqlar berildi. Har bir murojaat shaxsan viloyat hokimi tomonidan qatʼiy nazoratga olindi.