Zuhro sayyorasida hayot izlari topildi

    Zuhro sayyorasi – Venera atmosferasining yuqori qatlamlarida fosfin gazi izlari topildi. Ushbu gaz ba'zi tirik organizmlar tomonidan ishlab chiqariladi.

    Bu haqda nature astronomy xabar bergan.

    Zuhro atmosferasida fosfin borligi Kardiff universiteti (Britaniya) va Massachusets texnologik universiteti (AQSH) olimlari tomonidan Gavayidagi Jeyms Klark Maksvell teleskopi va Chilidagi Atakam radioteleskoplar tizimi yordamida kashf qilindi.

    NASA agentligi direktori Jim Braydenstayn ushbu hodisaga izoh berib, Zuhroga koʻproq eʼtibor qaratish vaqti kelganini aytgan.

    “Anaerob biologiya ikkilamchi mahsuloti boʻlgan fosfinning topilishi Yerdan tashqarida hayot borligi isbotlarini topishdagi eng muhim hodisa hisoblanadi”, deb yozgan Braydenstayn tvitterda.

    Fosfin rangsiz, oʻta zaharli gaz boʻlib, Yerda uni anaerob, yaʼni kislorod mavjudligini talab etmaydigan mikroorganizmlar ishlab chiqaradi. 2019-yilda ekzosayyoralar atmosferasida fosfinni izlashni ularda hayot borligini anglatuvchi belgi etib belgilash taklif qilingan.

    Zuhro Quyoshdan keyingi ikkinchi sayyoradir. U Yerning eng yaqin qoʻshnisi hisoblanadi. Ushbu sayyora boshqa sayyoralardan farqli, Quyosh atrofida orqa yoʻnalishda aylanadi. Bu esa sayyorada Quyosh sharqdan emas, gʻarbdan chiqishini va sharqqa botishini anglatadi.