Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 482-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida oʻtkazilayotgan “Zukko Bolajon!” fotoalbomi taqdimotiga otlanganida, “bogʻchalardagi anʼanaviy tadbirlardan biri-da,” degan oʻy koʻpchilikning xayolidan oʻtgan boʻlsa kerak.

Ammo MTTga kirib borishdanoq, tadbirga oʻzgacha tayyorgarlik koʻrilgani, bunga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Maktabgacha taʼlim vazirligining yaxshigina mehnatlari singganini angladik. Shu holida bogʻcha milliyligimizni tarannum etadigan, chinakam bir bolajon oʻzbekning hovlisini ham eslatib yubordi. Negaki, bogʻchada milliy tandirimizdan issiq nonlar yedik, desak ishonasizmi? Bunga oʻzimiz ham ishongimiz kelmay, tandir tomon bordik. Oʻzbekona sedanayu, chekkich, paxtadek oq va momiq xamir bogʻcha opalar qoʻlida boʻrsildoq nonga aylanayotgandi.

Milliy burchaklardagi milliy qoʻgʻirchoqlarni suratga olmagan mehmonning oʻzi boʻlmadi-yov. Chunki milliylik qalbga yaqin, qonimizdagi azaliy tuygʻularni qoʻzgʻatib yuboradigan kuch.

Xullas, “Zukko Bolajon!” fotoalbomini taqdim qilish uchun bejizga mazkur MTT tanlanmagan ekan. Tadbirda soʻzga chiqqan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati vakillari, Maktabgacha taʼlim vazirining maslahatchisi ham bunga alohida toʻxtalib oʻtishdi.

— Nasib qilsa, fotoalbomdan joy olgan suratlarni respublikamizning barcha hududlarida belgilangan MTTlar devorlariga joylab, ertamiz egalarining milliylik ruhida tarbiyalanishiga hissa qoʻshamiz, — dedi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati raisi Bahtiyor Xusanov. — Suratlar gʻoyat samimiy ishlangan, ular nafaqat bolalar, balki ota-onalarning ham eʼtiborini tortishiga ishonchimiz komil. Chunki bu yerga bolalar bilan birgalikda ularning ota-onalari ham keladi. Shu maʼnoda albomga oilaviy qadriyatlarni, ayniqsa, farzand tarbiyasi bilan bogʻliq jihatlarni koʻproq singdirdik.

Taʼkidlash joizki, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnan barkamol, zukko, sogʻlom etib tarbiyalash hamda maʼnaviy olamini yanada boyitishga qaratilgan qator loyihalar hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Xususan, nogironligi boʻlgan bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun ham “Bolalarga maʼrifat ulashib”, “Baxtli bolalik” loyihalari doirasida kitob koʻrgazmalari, turli koʻngilochar tomoshalar, konsert dasturlari ham oʻtkazilgan boʻlib, mazkur tadbirlar davomida 5 ming nafardan ortiq bola qamrab olingan. “Maʼrifat tur” loyihasi davomida esa oʻgʻil-qizlarning yurtimizdagi qadimiy obidalar, qadamjolar va diqqatga sazovor joylarga tashriflari amalga oshirildi.

Farzandlarimizning maʼnaviy dunyosini boyitish maqsadida tayyorlangan “Zukko Bolajon!” fotoalbomi bolalarda ijtimoiy motivlarni uygʻotish, badiiy-estetik didni shakllantirish, intellektni rivojlantirish, kundalik turmushdagi qoidalarini oʻrgatish, yaqinlarga gʻamxoʻrlik qilish, oʻz tuygʻularini boshqarish kabi fazilatlarni oʻrgatishga xizmat qiladi. Yurtimizdagi taniqli olimlar, pedagog-psixologlar, ekspertlar va soha mutaxassislarini jalb etgan holda milliy anʼanalarimizga xos taʼlim-tarbiya, yoʻqolib borayotgan odob-axloq meʼyorlarini yodga soladigan 50 dan ortiq holatni oʻzida aks ettirgan ssenariy loyihalari ishlab chiqilgani va shu ssenariy asosida suratga olish ishlari tashkil etilgani uning ahamiyatini yanada oshiradi. Ushbu albom mamlakatimizdagi 17 nafar fan arboblari, adabiyot, sanʼat, madaniyat namoyandalari, olimlar, shoir-yozuvchilar va sportchilar tomonidan maʼnaviy-axloqiy tarbiyani rivojlantirishga hissa qoʻshadigan xulosalar asosida toʻldirilib, 100 dan ortiq lavhalar bilan boyitildi.

Taqdimot davomida “Marvarid” bolalar musiqiy guruhi ishtirok etib, ular ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar tadbir qatnashchilari hamda bolajonlarga xush kayfiyat baxsh etdi.

Munojat Moʻminova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri