Navoiylik Farhodlar dostoni: "Qizilqum javohirlari"dan sochilgan yog‘dular

    Ertagu dostonlarda, sarguzasht filmlarda bo‘lgani kabi biz ham oltin konini izlab yo‘lga chiqdik. Qo‘limizda hazrat Navoiyning “Farhod va Shirin”i, ko‘nglimizda navoiylik bugungi farhodlarning yangi dostonini – ular zabt etayotgan yuksak dovonlar ta’rifini eshitish istagi...

    Ha, to‘g‘ri angladingiz, biz bugun yurtimizning eng gigant korxonalaridan biri hisoblangan Navoiy kon-metallurgiya kombinatining fidoyi ishchilari va san’atga ishtiyoqmand yigit-qizlari haqida hikoya qilmoqchimiz.

    ***

    Dedi har ishki qilmish odamizod,

    Tafakkur birla bilmish odamizod...

    Hozir qaysi hudud yoki maskanga tashrif buyurmang, yangi dunyoqarash asosidagi raqamlashtirish jarayoni har bir inson faoliyatini yangi cho‘qqilar sari ruhlantirayotganiga guvoh bo‘lasiz. Shu bois, biz ham dastlab yangi innovatsion texnologiyalarning ishlab chiqarish jarayoniga qanday tatbiq etilayotgani bilan qiziqdik.

    – Kombinatimiz yo‘nalishi bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalar safida turadi, – deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ raisi, bosh direktori Quvondiq Sanaqulov. – Sohani rivojlantirishga qaratilgan muhim dastur va puxta o‘ylangan yirik investitsion loyihalar izchil tatbiq etilayotgani sabab kombinat taraqqiyotning yangi manzillari sari yuzlandi. Kon-metallurgiya sohasida korxona konlarni o‘zlashtirish, ma’dan qazib olishdan tortib, tayyor mahsulot yetkazib berishgacha bo‘lgan yaxlit bir tizim asosida faoliyat yuritayotgan ulkan klasterga aylandi. Jahonda tengi yo‘q ilg‘or texnologiyalarga asoslangan zamonaviy gidrometallurgiya zavodlari va ko‘plab ishlab chiqarish tarmoqlari barpo etilishi, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish loyihalari kombinat imkoniyatlarini yanada kengaytirib yubordi.

    Oltmish besh yil... Mana shu davrda bosib o‘tilgan yo‘l, amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar aytishga oson. Chunki buning zamirida juda katta mehnat, jasorat, fidoyilik yotibdi. Ayniqsa, keyingi yillar kombinat uchun yangi istiqbollar ochdi. Bunda davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yilda tasdiqlangan kombinatni 2026-yilgacha rivojlantirish dasturi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Geologik qidiruv ishlaridan tortib, tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan barcha jarayon to‘liq raqamlashtirildi. Bu esa korxonada mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortishiga mustahkam zamin yaratdi.

    – O‘tgan yillar davomida 23 ta yirik investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 15 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi Yo‘ldosh G‘aniyev. – Natijada oltin ishlab chiqarish 2023-yilda 2016-yildagidan 25 foiz, kumush olish 46 foiz oshdi. Bu marralar bilan kombinat oltin ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa chiqib olgani kon-metallurgiya tarixida misli ko‘rilmagan ulkan natijadir.

    ***

    Xush durur bog‘u koinot guli,

    Barchadin yaxshiroq hayot guli.

    Hayot guliga ne yetsin... Erta tongdan shoshib-pishib ishga otlansang, sevimli jamoang bag‘rida sevgan kasb mashaqqatlariyu sevinchlariga sho‘ng‘ib mazza qilib ishlasang-u, yoqimli horg‘inlik hissi bilan yana uyingga, oila a’zolaring diydoriga oshiqsang...

    Navoiylik sanoatchilarning fidokorona mehnati bilan bepoyon Qizilqum bag‘ridan qazib olinayotgan, dunyo miqyosida yuksak e’tirof etilayotgan oltin, uran va boshqa nodir qazilma boyliklari iqtisodiyotimiz taraqqiyotini ta’minlashda beqiyos strategik ahamiyatga ega. Shu bois, ishchilar, xizmatchilar mehnatini rag‘batlantirish, mehnat va dam olish sharoitlarini yaxshilash masalasi ham doimiy e’tiborda. O‘tgan 2023 yilda davlatimiz rahbarining farmoniga asosan ishlab chiqarish ilg‘orlaridan bir guruhi mukofotlandi.

    – Mamlakatdagi eng katta zavodlardan birining qurilish-montaj ishlarida qatnashib, yutuqlarga erishib kelayotganimdan faxrlanaman, – deydi kombinatning Shimoliy kon boshqarmasi 3-gidrometallurgiya zavodi katta ustasi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Guljamila Turg‘unboyeva. – O‘zbek, rus, qozoq, qoraqalpoq millatlari jamoamizda o‘zaro ahillikda mehnat qilib kelmoqda. Keyingi yillarda zavodimiz ichida yangi minizavodlar qurildi. Biokisseniya, filtrlash-quritish sexlari ishga tushdi. Bu samaradorlikni yana oshirib, davlatimiz xazinasiga ko‘proq oltin yetkazib berishimizga imkon tug‘dirmoqda.

    Ulkan maydonni egallagan markaziy Qizilqum sahrosi bag‘rida Mendeleyev davriy jadvalidagi deyarli barcha elementlarni uchratish mumkin. Bu, o‘z navbatida, tabiat bizning zaminni yetarli miqdorda mineral xomashyo resurslari bilan siylaganidan darak berib, konchilik sanoati rivojiga turtki bo‘ldi. 1967 yilning mart oyida asr mo‘jizasi, deya ta’riflanuvchi Muruntov oltin konida ilk portlatish ishlari amalga oshirildi. Bu tarixiy voqelik Qizilqum cho‘lida Navoiy kon-metallurgiya kombinatidek salohiyatli korxona faoliyat boshlashiga asos bo‘ldi. Bugun yurtimizning yettita hududida korxonaning ishlab chiqarish bo‘linmalari joylashgan. Kombinatda 46 mingdan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Shundan 13 mingga yaqinini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Sanoat sohasi drayveri sanalgan kombinat iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga ulkan hissa qo‘shmoqda. Ishlab chiqarilayotgan oltin quymalari jahonning qimmatbaho metallar birjalarida O‘zbekiston brendiga aylandi.

    ***

    Gar yo‘qtur adab, ne sud oltun unidin,

    Elning adabi xushroq erur oltunidin.

    Ha, bejiz hazrat Navoiyning el adabi, madaniyati, ma’naviyati borasidagi misralarini yodga olmadik. Shu kunlarda poytaxtimiz va Toshkent viloyatining bir necha tumanlarida Navoiy kon-metallurgiya kombinati madaniyat muassasalari jamoalarining “Qizilqum javohirlari” an’anaviy konsert dasturi namoyish etilmoqda. Kasaba uyushmalari federatsiyasining poytaxtimizdagi katta konsert zalida ayni dasturning ochilish marosimi bayramu shodiyonaga aylanib ketdi.

    – Shunday ulkan ishlab chiqarish jarayonida mazkur kombinat madaniyat muassasalari faoliyatiga alohida e’tibor qaratgani tahsinga sazovor, – deydi O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev. – Ko‘zlarida orzulari porlab turgan yigit va qizlarimizni poytaxtimizdagi katta sahnalar sari dadil chorlagani, iste’dodini ro‘yobga chiqarish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgani uchun kombinat rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman. Ular betakror ovozi, jozibali raqslari bilan ko‘pchilik qalbida o‘zbek san’ati kelajagiga bo‘lgan umid chiroqlarini yoqdi.

    Darhaqiqat, milliy va xorijiy kuy, qo‘shig‘u raqslarni maromiga yetkazib ijro etgan ishtirokchilarni tomoshabinlar davomli qarsaklar, “Barakalla, ustozingga rahmat!”, “Qoyil, baraka top!”, “Chindan ham yuragida o‘ti bor yoshlar ekanaaa!” degan e’tiroflar bilan olqishladi.

    – “Qizilqum javohirlari”ni ko‘rib, bu yoshlar iste’dod borasida chindan ham yurtimiz javohirlari, gavhar qalbli yoshlari ekaniga guvoh bo‘ldim, – deydi taniqli olim, falsafa fanlari doktori, xalqaro toifadagi spiker Jamila Shermuhammedova. – Prezidentimiz ma’ruzalaridan birida “Barcha rahbarlar bir narsani bilib olsin: ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlar bilan ishlash – biz uchun hayot-mamot masalasi! Biz yoshlarga bugundanoq sharoit qilib bermasak, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surmasak, yangi O‘zbekistonni qanday barpo qilamiz?” deya ta’kidlagan edi. Bugungi kunda kombinat huzurida faoliyat yuritayotgan “Shirin”, “Marvarid”, “Favvora”, “Ofarin”, “Sado”, “Favvora” ansambllari, “Nihol” va “Tarona” o‘zbek xalq cholg‘u orkestrlari, “Shok” estrada-raqs ansambli betakror namoyishlari bilan barchamizni hayratga soldi. Men bu dasturni tomosha qilayotib, navoiylik san’atsevar yosh qalblar shijoatiga, iste’dodiga, orzu-intilishlariga havas qildim. Ana shunday katta maqsad va dadil qadamlar bilan izlanayotgan yoshlarimiz safi yanada kengayishini istayman.

    “Uchquduq” madaniyat uyi xonandasi Bonu Is'hoqova ijrosidagi “Sarjaylov” qozoq xalq qo‘shig‘i yangraganida sahnaga atirgullar havoda suzgani kabi “Afsona” raqs ansambli qizlari kirib keldi. Ularning inja qo‘l harakatlari va milliy liboslaridagi osmon rangli jilolar tomoshabinlarni to‘lqinlantirib yubordi.

    – Men ushbu ansamblga 4 yildan buyon qatnashib kelyapman, – deydi Sabina Ummatova. – Ustozimiz taniqli baletmeyster Yulduz Ismatovadan raqs sirlarini o‘rganayotganimdan juda xursandman. “Ilk bahor”, “Gullar”, “Navro‘z” kabi ko‘plab milliy va qardosh xalqlar raqslarini turli tanlovlarda ijro etib, faxrli o‘rinlarni egallaganmiz. Raqs sehri bilan yashash, seni tushunadigan, anglaydigan ustozlaring, do‘stlaring, jonajon jamoang borligidan faxrlanish qanday yaxshi! Biz har gal poytaxtdagi katta sahnalarga qadam qo‘yganimizda juda qattiq hayajonga tushamiz, g‘ururlanamiz!

    Shu o‘rinda shogirdlarini navbatdagi qo‘shiq uchun shaylayotgan “Nihol” davlat mukofoti sovrindori, “Farhod” madaniyat saroyi direktori o‘rinbosari Sherzod Davronovni ham suhbatga tortdik.

    – 2001-yilda “Farhod” madaniyat saroyiga xonanda sifatida ishga kirgan edim, – deydi Sherzod Davronov. – Jamoadagi muhit tufayli zavqu shavq bilan ijod qila boshladim. Avval respublika, so‘ngra xalqaro tanlovlarda birin-ketin sovrindor bo‘lish baxti nasib etdi. 2004-yilda “Nihol” davlat mukofoti bilan taqdirlandim. O‘sha yildan boshlab viloyatlarda va Toshkentda konsert dasturlarimni taqdim etib kelaman. Taniqli bastakorlar, shoirlar bilan hamkorlikda yangi qo‘shiqlar yaratdim. 2022-yilda “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim.

    Kombinat san’at ishtiyoqmandlarining yangi dasturlari va ijodiy loyihalarini hamisha qo‘llab-quvvatlab kelgan. Estrada, folklor, maqom yo‘nalishlarida “Qizilqum san’at g‘unchalari”, “Qizilqum ovozi”, “Qizilqum ohanglari”, “Oltin meros” kabi tanlovlar muntazam o‘tkazilmoqda. 2013 yildan buyon “Qizilqum javohirlari” konsert dasturi har yili respublika darajasida namoyish etilishi esa an’anaga aylangan.

    – Men 17 yoshimda ishni oddiy chilangarlikdan boshlaganman, – deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi Serjan Janaxmetov. – Avval “Uchquduq” madaniyat saroyidagi to‘garaklarga qatnashib, konsert dasturlarida qo‘shiq ayta boshladim. Keyinchalik meni “Farhod” madaniyat saroyiga taklif qilishdi. Bu jamoada o‘zim orzu qilgan ko‘plab qo‘shiqlar yaratishga muvaffaq bo‘ldim. Bugungi konsertda “Aydinlar” qo‘shig‘ini ijro etdim. Shunday go‘zal va farovon yurtda tug‘ilganimdan, yonib-jo‘shib ijod qilayotganimdan juda baxtliman.

    ***

    Xulosa onlarida yana “Farhod va Shirin”ni varaqladik:

    “Ko‘rib Shirinni hayrat lol qildi,

    Taajjub bir yo‘li behol qildi.

    Ko‘rungach ko‘zga mundoq chehri oning,

    Ichiga soldi sho‘rish mehri oning.

    Mo‘jizalar yaratuchi Farhodni ko‘rgan Mohinbonu va Shirin uning ishiga ofarinlar o‘qib, boshidan javohirlar sochdilar”.

    “Qizilqum javohirlari” dasturini tomosha qilish jarayonida Navoiy bobomizning rag‘bati va tasavvurot kuchi ila Navoiy kon-metallurgiya kombinati ish jarayoni bilan yana bir bora tanishdik, yonginamizda o‘tirgan navoiylik farhodlaru shirinlar bilan suhbat qurdik.

    – Ishchi-xodimlarimizning dam olish vaqtini mazmunli tashkil etish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan, – deydi NKMK Kasaba uyushmasi kengashi mas’ul xodimi Malika Xolmurodova. – Jumladan, 2023 yilda kombinat ishchi-xodimlari uchun “Ayqulash” qoraqalpoq davlat milliy folklor ansambli hamda Toshpo‘lat Matkarimovning konsert dasturi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalarining “Kunduzsiz kechalar”, Jizzax viloyati musiqali drama teatrining “Nodirabegim” spektakllari namoyish etildi. Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazining “Askiya sayli”, Ortiq Sultonovning “Bir tilim handalak” dasturi hamkasblarimizda katta taassurot qoldirdi. “Navro‘z sumalagi” adabiy kechasi Jasur Mavlonov, Bahrom Nazarov, Anvar Sanayev, Hosila Rahimova ishtirokida yanada fayzli bo‘ldi.

    Ha, “Yaxshi dam — mehnatga hamdam”, deya bejiz ta’kidlashmagan. Kombinatning qaysi xodimi bilan suhbatlashmaylik, oltinu javohirlarga teng umrini el-yurt manfaati yo‘lida sarf qilayotgan yurtdoshlarimizning zahmatli mehnatlari shukronasi va yaratilgan sharoitlar e’tirofidan ko‘nglimiz tog‘dek yuksaldi.

    Suhbat asnosida bir haqiqat qalbimizga yorug‘lik bag‘ishladi: xoh shahar markazida, xoh sahroda, xoh qishlog‘u ovullarda yashasin, yurtdoshlarimizning barchasini bir muqaddas rishta – O‘zbekistonimiz istiqboli qayg‘usi, orzusi, mehru muhabbati birlashtirib turadi. Albatta, ana shu yuksak birlashuvimiz, hamkorlikdagi mehnatimiz, ezgu g‘oyalarimiz ro‘yobi Uchinchi Uyg‘onish poydevoriga asos bo‘lgusidir!

    Muxtasar TOJIMAMATOVA,

    "Yangi O‘zbekiston" muxbiri

    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 87-sonida (2024-yil 7-may) chop etilgan.