O'zbekiston olimpiadaga yo'l oldi

    Sport 29 Aprel 2024 481

    Musobaqa debyutantlariga qarshi uchrashuvda yoshlarimiz ilk bor olimpiada yo'llanmasini qo'lga kiritishdi.

    Futbol bo'yicha yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionati yarim final o'yinida O'zbekiston terma jamoasi Indoneziyani mag'lub etib, finalga va Parij olimpiadasiga yo'llanma oldi.

    Chempionatda ilk bor qatnashayotgan indoneziyaliklar sensatsiyasiga shu erda yakun yasaldi. Aksincha, O'zbekistonning gol o'tkazmaslik ertagi davom etmoqda.

    O'yinning 68-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Husayn Norchaev hisobni ochdi. 86-daqiqada Pratama Arxan o'z darvozasiga gol kiritib, hisobni 0:2 ko'rinishiga olib keldi.

    Qayd etish kerak, koreyalik hakam raqiblar kiritgan golni VAR tekshiruvidan keyin bekor qildi. 84-daqiqada esa raqiblar futbolchisi qo'polligi uchun maydondan chetlatildi.

    Shu tariqa o'zbekistonliklar finalga yo'l oldi. Shuningdek, yozda Parijda o'tadigan olimpiya o'yinlariga ham to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmani qo'lga kiritishdi.

    Finaldagi raqiblarimiz bugun sal kechroq, Iroq va YAponiya o'rtasidagi o'yindan keyin aniq bo'ladi.

    Osiyo kubogi, yarim final

    Indoneziya - O'zbekiston 0:2
    Gollar: Norchaev 68, Arxan 86 avtogol