Oʻzbekistonda Italiya vakillari ishtiroki moda va dizayn sohasida mahorat darslari oʻtkaziladi

    Oʻzbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiyaning “CNA” Hunarmandlar, kichik va oʻrta korxonalar milliy konfederatsiyasi boshqarma boshligʻi, “CNA Federmoda” uyushmasi prezidenti Antonio Francheskini bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida Italiya tomoni bilan yengil sanoat, moda va dizayn sohalarida faoliyat yurituvchi ikki mamlakat tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va ushbu yoʻnalishlarda Italiya tajribasini joriy etish istiqbollari muhokama etildi.

    Elchixona rahbari bugungi kunda Oʻzbekistonda yengil sanoat, mebel, moda va dizayn sohalari jadal rivojlanib borayotgani, soʻnggi yillarda yurtimizdan chet elga paxta xom ashyosi eksporti toʻliq toʻxtatilganini taʼkidladi. Shuningdek, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar eksporti oshgani, toʻqimachilik, charm va poyabzal tovarlarini ishlab chiqarish kabi sohalarni yangi sifatli darajaga olib chiqish maqsadida xorijiy tajribaga katta qiziqish mavjudligi qayd etildi.

    Antonio Francheskini oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomoni bilan kichik va oʻrta biznes sohasida hamkorlik oʻrnatish hamda uni rivojlantirishga qiziqish borligini aytib oʻtdi.

    Mavjud istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlarini inobatga olgan holda Konfederatsiya vakili tomonidan dastlabki qadam sifatida CNAga aʼzo kompaniyalar mutaxassislarining Oʻzbekistonga safarini tashkil etish va uning doirasida soha mutaxassislari uchun mahorat darslarini uyushtirish toʻgʻrisida kelishib olindi.

    Tomonlar, shuningdek, hamkorlikning keyingi bosqichi sifatida mamlakatimizda “Oʻzbekiston -Italiya moda va dizayn markazi”ni tashkil etish yuzasidan ham fikr almashdilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.