Saudiya Arabistoni bir qator sohalarga oʻzbekistonlik malakali mutaxassislarni jalb etmoqchi

    Bugun Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligida Saudiya Arabistonining “K-DOT” kompaniyasi bosh direktori Faysal ol-Dovud bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Aytish kerakki, 2023-yil 14-dekabrda vazirlik va tizim tashkilotlari rahbarlari Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistonidagi koʻplab salohiyatli ish beruvchilar bilan muzokaralar oʻtkazib, oʻzbekistonlik malakali mutaxassislarni tibbiyot, xizmat koʻrsatish, IT va ishlab chiqarish sohalarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb etishga kelishib olgandi. Shundan keyin bir qator yoʻnalishlar boʻyicha hamyurtlarimiz ushbu davlatga vaqtincha ishlash uchun joʻnab keta boshladi.

    Bugungi uchrashuvda Ar-Riyodda erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish, hamkorlikda qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish mexanizmlari xususida soʻz bordi.

    Muloqot jarayonida Saudiya Arabistonida tibbiyot, mehmonxona va texnik xizmat koʻrsatish kabi qator sohalarda ishchi kuchiga talab ortib borayotgani, ushbu yoʻnalishlar boʻyicha ham birgalikda dasturlar ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish mumkinligi alohida qayd etildi,deb xabar beradi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, ikki davlat Hukumatlari oʻrtasida 2022-yil 17-avgustda Jidda shahrida “Ishchilarni yollash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida”gi bitim imzolangan.