Viloyat hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni asosida fuqarolikka qabul qilingan shaxslarga pasportlar tantanali ravishda topshirildi. Bu haqida viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Pasportlarni topshirish marosida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev barchani tabrikladi.
Rasman mamlakat fuqarosiga aylangan shaxslar orasida shu zaminda 20—30 yillab, baʼzilar undan koʻproq yashasa-da, fuqaroligi boʻlmagan, buning oqibatida koʻplab huquqlardan mahrum odamlar fuqarolik olishdan, hatto, umidlarini uzgan.
Nihoyat, ularning yillar davomida yuragini kemirgan armonlari ushaldi. Ular endilikda, koʻplab huquqlaridan erkin foydalana oladilar. Hatto, joriy yilning 30-aprel yurtimizda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi boʻyicha referendumda oʻz siyosiy huquqlaridan foydalanib, ovoz berishlari mumkin.
Maʼlumot uchun, Toshkent viloyatida 2016-yildan buyon hozirgacha 4 ming 153 nafar shaxs mamlakatimiz fuqaroligiga qabul qilingan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish boʻyicha jami 10 ming 855 nafar shaxslarning fuqaroligi tan olindi va pasport (identifikatsiya ID-karta) bilan hujjatlashtirildi.