Shu maqsadda Prezidentimizning 2025-yil 3-noyabrdagi PF–206-son Farmoniga muvofiq davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

2026-yil 1-yanvardan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali proaktiv shaklda tayinlash va to‘lash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun Ijtimoiy sug‘urta axborot moduli ishlab chiqilib, 10 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilindi.

Joriy yilning dastlabki besh oyida 81 mingta mehnatga layoqatsizlik varaqasi avtomatik ko‘rib chiqildi. Shundan 58 mingtasi bo‘yicha qariyb 660 milliard so‘mlik homiladorlik va tug‘ish nafaqalari tayinlanib, to‘lab berildi.

Qolgan murojaatlarning bir qismi sug‘urta staji yetarli bo‘lmagani, ayrimlari rasmiy bandlik mavjud emasligi, yana bir qismi esa takroriy yoki xato rasmiylashtirilgan hujjatlar sababli rad etilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodxon Muhammadjonovaning ta’kidlashicha, yangi tizim ayniqsa xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan ayollar uchun katta imkoniyat yaratdi.

“Avvallari homiladorlik va tug‘ish yoki vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini olishda hujjatlarni taqdim qilish va murojaat qilish talab etilgan bo‘lsa, bugungi kunda barcha jarayonlar avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilishi bilan ma’lumotlar tizimga shu kunning o‘zida kelib tushadi va nafaqa proaktiv shaklda tayinlanadi”, — dedi mutaxassis.

Uning qayd etishicha, xususiy sektorda ishlovchi ayollarga to‘langan nafaqa mablag‘lari hajmi 2025-yildagi 13,5 milliard so‘mdan 141,6 milliard so‘mga yetib, 10,5 baravar oshgan. Bir nafar ayolga to‘lanadigan o‘rtacha nafaqa miqdori esa 2,6 million so‘mdan 14,8 million so‘mgacha oshgan.

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimining navbatdagi bosqichi 2026-yil 1-iyuldan boshlab joriy etiladi. Endilikda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, ya’ni kasallik nafaqalari ham Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.

Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Rustam Hikmatovning ma’lum qilishicha, yangi tizim fuqarolarning kasallik davrida daromadsiz qolib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.

“Bir kalendar yilidagi dastlabki 5 kun uchun kasallik nafaqasi ish beruvchi tomonidan to‘lanadi. Oltinchi kundan boshlab esa to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi. Avvallari ushbu xarajatlar to‘liq ish beruvchi zimmasida bo‘lgan”, — dedi Rustam Hikmatov.

Mutaxassisning aytishicha, yangi tartibga ko‘ra kasallik nafaqasi fuqaroning sug‘urta stajidan kelib chiqib hisoblanadi. Sug‘urta staji 6 oydan 8 yilgacha bo‘lsa, o‘rtacha ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq bo‘lsa esa 80 foizi miqdorida nafaqa to‘lanadi.

Shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, qaramog‘ida to‘rt nafar va undan ortiq 18 yoshgacha farzandi bo‘lgan fuqarolar hamda farzandlaridan kamida biri nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa miqdori qo‘shimcha 20 foizga oshiriladi.

Yangi tizimda bolalarni parvarish qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar ham nazarda tutilgan. Xususan, 14 yoshgacha bo‘lgan farzandni parvarishlash uchun qo‘shimcha 20 kalendar kun, 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan farzandni parvarishlash uchun esa qo‘shimcha 40 kalendar kungacha nafaqa to‘lanadi.

Rustam Hikmatovning ta’kidlashicha, barcha jarayonlar to‘liq avtomatlashtiriladi. “Fuqarolardan hech qanday ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab qilinmaydi. Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilishi bilan tizim avtomatik ravishda fuqaroning daromadi, sug‘urta staji va rasmiy bandligi haqidagi ma’lumotlarni tekshiradi hamda nafaqani tayinlaydi”, — dedi u.

To‘lovlar “Baraka” tizimi orqali amalga oshiriladi. Fuqarolar uchun virtual karta avtomatik ravishda ochiladi va mablag‘lar ushbu karta orqali o‘tkaziladi.

Kasallik nafaqalarini to‘lashning aniq muddatlari ham belgilangan. Oyning 1–15-sanalari oralig‘ida tayinlangan nafaqalar shu oyning 25-sanasigacha, 16–31-sanalari oralig‘ida tayinlangan nafaqalar esa keyingi oyning 10-sanasigacha moliyalashtiriladi.

Mazkur tizim davlat va xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan, majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olingan barcha fuqarolarga tatbiq etiladi. Buning uchun kamida 6 oylik sug‘urta stajiga ega bo‘lish talab etiladi. Mutaxassislar fikricha, yangi tizim fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga, ish beruvchilarning moliyaviy yukini ham sezilarli darajada kamaytiradi. Natijada kasallik davrida fuqarolarning daromadlari himoyalanadi, rasmiy bandlik rag‘batlantiriladi va ijtimoiy sug‘urta tizimining qamrovi yanada kengayadi.

Zulxumor Akbarova