Tadbirda tuman hokimi, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari hamda faol nuroniylar ishtirok etib, g‘o‘za rivoji va kutilayotgan hosildorlikka yuqori baho berdilar.
Daladagi holat va ko‘saklar soni ko‘zlanganidan ham yuqori natijani ko‘rsatmoqda. Ikki qatоrli Xitoy urug‘i 76 sm o‘lchamda 2 qatorlab ekilgan bo‘lib, ko‘chat qalinligi va hosildorlikni bir necha barobarga oshirdi. Tomchilatib sug‘orish hamda plyonka ostiga ekish usuli suv va resurslarni tejash bilan birga nihollarning tez va sog‘lom rivojlanishini ta’minladi.
Ilgari bir dona ko‘sakda 3 gramm atrofida paxta bo‘lgan bo‘lsa, yangi usulda bitta chanoqdagi paxta og‘irligi o‘rtacha 6 grammni, chigit soni esa 8 tani tashkil etmoqda. Ilmiy va to‘g‘ri ishlov berilgani sababli maydonda ko‘sak qurti zararlagan yoki ochilmay qolgan chanoqlar umuman uchramaydi. Natijada, ilgariги 30–40 tsentnerlik ko‘rsatkichlar o‘rniga joriy yilda gektaridan 75–80 tsentnerdan mo‘l hosil olish kutilmoqda.
Soha fidoyilari va nuroniylar ham erishilayotgan natijalarni alohida e’tirof etdilar.
Saidahmedov Abdur asul (mehnat faxriysi, dehqon):
«Dehqonchilikda 35–40 yil ishlab, bunday serhosil paxtani ko‘rmagandim. Muhtaram Prezidentimizning qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, intensiv texnologiyalar va Xitoy urug‘larini olib kirish bo‘yicha tashabbuslari o‘z mevasini bermoqda. Defoliatsiya va tomchilatib sug‘orish orqali po‘latdek tola va rekord hosil yetishtirilmoqda».
Muxtorov Shavkat (faol nuroniy):
«Qirq yillik faoliyatimizda bir qatorlab, 90 sm ga ekardik va 10 tacha ko‘sak olishni ajoyib natija derdik. Bu yerda esa ikki qatorli usul, tomorqadan oqilona foydalanish va to‘g‘ri oziqlantirish evaziga ilgariгidan ikki-ikki yarim barobar ko‘p hosil turibdi».
Oqqo‘rg‘on dalalaridagi bugungi manzara sifatli urug‘, zamonaviy dehqonchilik madaniyati va fidokorona mehnat birlashganida qanday yuqori natijalarga erishish mumkinligini yaqqol isbotlamoqda.