Hisobotni Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov taqdim etdi.

Taʼkidlanishicha, jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar va geosiyosiy zid­diyatlarga qaramay, Oʻzbekistonda barqaror iqtisodiy oʻsish surʼatlari saqlab qolingan. Keng qamrovli islohotlar va iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash dasturlari aholi farovonligini oshirishga xizmat qilgan.

2025-yil yakunlariga koʻra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga oʻsgan. Xizmatlar sohasi 14,7 foiz, qurilish sohasi 14,2 foiz va sanoat sohasi 6,8 foizlik oʻsishni qayd etgan. Yillik inflyatsiya darajasi 7,3 foizni tashkil qilgan boʻlsa, tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard dollarga yetgan.

Shuningdek, oʻtgan yil davomida iqtisodiyotga 591,1 trillion soʻmlik investitsiyalar jalb qilinib, bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan 10,5 foizga oshgan.

Davlat byudjeti daromadlari belgilangan rejaga nisbatan 116,6 foizga bajarilgan. Byudjet xarajatlarining qariyb yarmi — 180,4 trillion soʻm ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan. Mazkur mablagʻlarning asosiy qismi taʼlim, sogʻliqni saqlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga sarflangan.

Muhokamalar chogʻida taʼlim sohasiga ajratilgan mablagʻlar alohida qayd etildi. Xususan, 2025 yilda mazkur yoʻnalish uchun 84,2 trillion soʻm ajratilgan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 12,9 trillion soʻmga koʻpdir. Davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim muassasalariga esa qariyb 4 trillion soʻm subsidiya berilgan.

Sogʻliqni saqlash sohasiga 43,3 trillion soʻm yoʻnaltirilgan boʻlib, bu 2024 yilga nisbatan 7,2 trillion soʻmga koʻpdir. Shuningdek, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi orqali tibbiyot muassasalariga 21,6 trillion soʻm mablagʻ ajratilgan.

Deputatlar kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham eʼtibor qaratdi. 2025 yilda bolalar nafaqalari, moddiy yordam va kompensatsiyalar uchun 14,5 trillion soʻm byudjet mablagʻlari yoʻnaltirilgani qayd etildi.

Hisobot muhokamasi davom etmoqda.