O‘zgidromet bergan maʼlumotlarda qayd etilishicha, iyun oyida o‘rtacha havo harorati mayga nisbatan 4–5 daraja, cho‘l hududlarda esa 6–7 daraja yuqori bo‘ladi. Keyingi yillarda mamlakat bo‘ylab iyun oyidagi o‘rtacha harorat barqaror o‘sib bormoqda.
2026 yil iyunining dastlabki kunlarida ob-havo nisbatan beqaror bo‘lishi kutilmoqda. 1–3 iyun kunlari ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi va shamol tezligi 15–20 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechalari 15–20°, kunduzi 30–35° atrofida bo‘ladi.
Oyning keyingi qismida harorat bosqichma-bosqich ko‘tarilib, kunduzi 34–39° gacha, ayrim kunlari shimol, janub va cho‘l hududlarda 40–42° gacha yetishi mumkin.
O‘zgidromet dastlabki bahosiga ko‘ra, 2026 yil yozi umumiy hisobda meʼyordan biroz issiqroq bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Yoz o‘rtalarida ayrim kunlari havo harorati 42–44° gacha, ayrim hududlarda esa 45–47° gacha ko‘tarilishi mumkin.
Mutaxassislar, shuningdek, iyun oyida yog‘ingarchilik kamayishi, ayrim joylarda kuchli jala yomg‘ir va shamol kuzatilishi mumkinligini ham bildirmoqda.