Bu haqda 19 oktyabr kuni Suv xo‘jaligi vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
«Kanallarni betonlashtirish — suv yo‘qotishlarini kamaytirish va sug‘orish samaradorligini oshirishning muhim omili» mavzusidagi anjumanda sug‘orish tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash borasidagi ishlar haqida axborot berildi.
Qayd etilishicha, 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida asosiy dastur doirasida 70 ta loyiha bo‘yicha 537 kilometr kanal betonlashtirilgan. Shuningdek, 26 kilometr lotok va 33 kilometr yopiq sug‘orish tarmoqlari rekonstruksiya qilingan.
Qo‘shimcha ajratilgan 422 milliard so‘m hisobidan 53 ta loyiha doirasida 388 kilometr kanalni betonlashtirish belgilangan. To‘qqiz oy davomida ushbu loyihalar doirasida 215 kilometr kanalni betonlashtirish ishlari bajarilgan.
Kollektor-drenaj tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar amalga oshirilmoqda. 2017–2026 yillarda 7 163 kilometr kollektör-drenaj tarmog‘i qurilgan va rekonstruksiya qilingan. Shuningdek, 129 541 kilometr tarmoqda ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilgan.
Aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlash maqsadida 2025 yilda «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida 892 ta loyiha amalga oshirilgan. Natijada 505 ming xonadonda yashovchi 2,7 million nafar aholi foydalanayotgan 92 ming gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilangan.
Ma’lum qilinishicha, 2027 yilda 48 ta yangi obyekt doirasida 406 kilometr kanalni betonlashtirish va 5 kilometr lotok tarmog‘ini rekonstruksiya qilish takliflari ishlab chiqilgan.
Matbuot anjumanida kanallarning texnik holatini yaxshilash, suvning yerga singib yo‘qolishini kamaytirish va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.