Kadastr agentligi maʼlumotiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan takliflar umumlashtirilgan. Natijada 2027-yilda xatlov oʻtkaziladigan mahallalarning reja-jadvali tasdiqlangan.
Fuqarolar kelgusi yilda qaysi mahallalarda xatlov oʻtkazilishini Kadastr agentligining etirof.kadastr.uz axborot tizimi orqali bilib olishlari mumkin.
2026-yil 8-oktyabr holatiga respublika boʻyicha 1 million 858 ming 485 ta koʻchmas mulk obyekti uyma-uy yurib xatlovdan oʻtkazilgan. Shundan 1 million 552 ming 207 ta obyektda xatlov ishlari toʻliq yakunlangan. Jarayonlarga 5 mingga yaqin kadastr mutaxassisi jalb qilingan.
Ayni paytda 156 ming 73 ta obyekt boʻyicha toʻlovlar kutilmoqda. Yana 55 ming 114 ta obyekt boʻyicha xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini qabul qilish jarayoni davom etmoqda.
Kadastr agentligi maʼlumotiga koʻra, 2026-yil 8-oktyabr holatiga avval uy-joyi yoki yeriga nisbatan huquqni tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan 218 ming 850 nafar fuqaroning mulkiy huquqlari eʼtirof etilgan.
Mulkiy huquqlarni eʼtirof etish tartibiga ham oʻzgartirishlar kiritilgan. Jumladan, yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha qarzdorligi bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha boʻlgan fuqarolarga ham huquqlarini eʼtirof etish imkoniyati yaratilgan. Umumiy xatlov va hujjatlarni koʻrib chiqish muddatlari 150 kundan 50 kungacha qisqartirilgan.
Shuningdek, belgilangan toʻlovning 50 foizini 20 kun ichida toʻlagan shaxs qolgan qismini toʻlashdan ozod etilishi nazarda tutilgan. Agar yer uchastkasi yoki bino-inshootning faqat bir qismi taqiqlangan hududda joylashgan boʻlsa, taqiqlangan qismni chiqarib tashlagan holda qolgan qismiga boʻlgan huquqni eʼtirof etish masalasi qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Huquq eʼtirof etilganidan keyin fuqarolarni avtomatik ravishda xabardor qilish tizimi ham joriy etilgan.