Albatta, bular juda muhim. Ammo XXI asrda bu tushuncha ancha kengaydi. Bugun oziq-ovqat xavfsizligi faqat qorin toʻqligi emas. Bu inson salomatligi, bolalarning toʻgʻri oʻsishi, onalarning sogʻlom hayoti, dehqon va fermer daromadi, suv tejamkorligi, tuproq unumdorligi, mahsulot sifati, qayta ishlash, eksport, raqamlashtirish va kelajak avlod oldidagi masʼuliyatdir.
Oddiy qilib aytganda,
oziq-ovqat xavfsizligi dalada boshlanib, oila dasturxonida yakunlanadi. Dalada qanday
urugʻ ekiladi, u qancha suv talab qiladi, tuproqqa taʼsiri qanday, hosil qanday
saqlanadi, mahsulot bolalarimiz salomatligi uchun qanchalik muhim — bularning barchasi
bugunning strategik savollari. Bu masalaga shaxsan men ikki xil qarashim zarur:
vazir sifatida — amaliyot, islohot va dehqonning kundalik muammolari nuqtai nazaridan;
olim sifatida esa — dunyo ilmi qaysi yoʻnalishga ketayotgani, 2050 yil ssenariylari
nimani koʻrsatayotgani jihatidan. Ushbu ikki qarash birlashganda kelib chiqqan xulosa:
kelajak oziq-ovqat xavfsizligi faqat koʻproq mahsulot yetishtirish emas, balki sogʻlom,
adolatli, suvtejamkor, ilmga tayangan va insoniylik bilan yoʻgʻrilgan oziq-ovqat
tizimini qurishdir. Keling, shularga birma-bir, kelajak nuqtayi nazaridan
toʻxtalaylik.
Insoniyatni
nima kutmoqda?
Dunyo aholisi
bugun 8 milliarddan oshdi. 2050-yilga borib esa 9 milliarddan ziyod boʻlishi
kutilmoqda. Demak, kelajakda dasturxon atrofida oʻtiradigan odamlar soni ortib
boradi. Ammo ularni boqadigan yer, suv va tabiiy resurslar cheksiz emas.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning “2050-yilda
dunyoni qanday boqamiz?” mavzusidagi tahlillarida keltirilishicha, “2050-yilda
9 milliarddan ortiq odamni boqish uchun jahon oziq-ovqat ishlab chiqarishini
2005—2007-yillarga nisbatan taxminan 70 foizga oshirish zarur boʻladi”. Buning
uchun esa rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarish deyarli ikki barobar
oshishi kerak. Lekin FAO yana bir muhim haqiqatni taʼkidlaydi: “dunyo texnik
jihatdan yetarli oziq-ovqat ishlab chiqarishi mumkin, ammo bu ochlik avtomatik
ravishda yoʻqoladi, degani emas”. Chunki ochlik koʻp hollarda mahsulot
yoʻqligidan emas, balki odamlarning oziq-ovqatga iqtisodiy va ijtimoiy kirish
imkoniyati cheklanganidan kelib chiqadi.
Bu — biz uchun ham
katta saboq. Demak, 2050-yil uchun savol faqat “Qancha yetishtirish kerak?”
emas, “Yetishtirilgan mahsulot har bir oilaga yetib boradimi, uning narxi
arzonmi, sifatlimi, xavfsizmi, u bola va ona salomatligiga xizmat qiladimi, bu
mahsulotni yetishtirishda suv va tuproq asraldimi?” boʻlishi kerak.
Jahonda oʻnlab yil
davomida oziq-ovqat xavfsizligini oʻrganib kelayotgan olimlar — fransiyalik
Bernard Hyuber, amerikalik Mark Rozgrant, niderlandiyalik Van Boyekel hamda
perulik Rodomiro Ortiz oziq-ovqat kelajagi boʻyicha ilmiy ssenariylarda ikki
yoʻlni koʻrsatadi. Birinchisi — “Agrimonde GO” boʻlib, iqtisodiy oʻsish
va isteʼmolni hamma narsadan ustun qoʻyadigan yoʻl. Bu yoʻlda kaloriya
koʻpayadi, yaʼni aholi jon boshiga sutkalik kaloriya
miqdori oʻrtacha 3590 kkalgacha oshadi. Goʻsht va resurs talab qiladigan
mahsulotlar isteʼmoli ortadi, ammo suv, tuproq va tabiatga bosim kuchayadi. Ikkinchisi
— “Agrimonde 1”, yaʼni barqaror rivojlanish, oqilona va adolatli
yoʻl. Unda har bir odamga kaloriya kuniga 3000 kkalga yetarli boʻlishi,
adolatli sogʻlom, ekologik jihatdan maqbul oziq-ovqat taʼminoti, oʻsimlik
mahsulotlari ulushining ortishi, suv va yerni asrash, qishloq aholisi
daromadini koʻpaytirish maqsad qilinadi.
Xoʻsh, Oʻzbekiston qaysi yoʻlni tanlamoqda? Soʻnggi yillardagi islohotlar,
suv tejovchi texnologiyalarga eʼtibor, paxta maydonlarini qisqartirib
hosildorlikni oshirish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, baliqchilik, qayta
ishlash va raqamlashtirishga berilgan ustuvorlik savolga “Oʻzbekiston
kelajakni faqat miqdorda emas, sifat, samaradorlik va inson manfaatida
koʻrmoqda”, degan loʻnda javobni bermoqda.
FAO
sabogʻi: bu faqat hosil emas, daromadga ham bogʻliq
Shu oʻrinda
FAOning yana bir muhim xulosasini keltirish joiz: “Qishloq xoʻjaligidagi
oʻsish kambagʻallik va ochlikni kamaytirishda juda kuchli taʼsirga ega”.
Xalqaro tahlillarga koʻra, qishloq xoʻjaligidagi iqtisodiy oʻsish kambagʻallar
uchun boshqa sohalardagi oʻsishga nisbatan kamida ikki barobar samarali
boʻlishi mumkin. Bu tabiiy hol: rivojlanayotgan mamlakatlarda kambagʻal
aholining katta qismi qishloq joylarda yashaydi va ularning daromadi bevosita
yer, chorva, suv, mehnat va agrar xizmatlar bilan bogʻliq. Shu nuqtayi
nazardan, oziq-ovqat xavfsizligi faqat ombordagi don yoki bozordagi sabzavotdan
iborat emas. Bu qishloqda ish oʻrni, fermerning daromadi, dehqonning bozorga
chiqishi, ayollar va yoshlarning yer, kredit, bilim hamda texnologiyaga kirish
imkoniyati hamdir.
FAO, shuningdek,
kelajakda oziq-ovqat narxlari oʻzgaruvchanligi ortishi, iqlim, energiya bozori,
savdo va xomashyo narxlaridagi tebranishlar qishloq xoʻjaligiga kuchli taʼsir
koʻrsatishini taʼkidlaydi. Demak, kelajak qishloq xoʻjaligi faqat koʻp
mahsulot yetishtiradigan emas, balki tashqi zarbalarga chidamli, risklarni
boshqara oladigan va oddiy dehqonni ham himoya qiladigan tizim boʻlishi kerak.
Yangi
xavflar: mikroplastik, iqlim va antibiotiklar
Bugun dunyo
oziq-ovqat xavfsizligiga taʼsir qilayotgan xavflar avvalgidan ancha murakkab.
Ular faqat qurgʻoqchilik yoki hosil kamayishi emas. Olimlar soʻnggi yillarda
uchta yangi jiddiy xavfga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Birinchisi
— mikroplastik. Plastik chiqindilarning koʻzga koʻrinmas mayda zarralari endi
faqat shahar tozaligi muammosi emas. Ular tuproqqa, suvga, oʻsimliklarga,
baliqchilikka va butun oziq-ovqat zanjiriga kirib bormoqda. Ayrim ilmiy
baholashlarda mikroplastiklar oʻsimlik va suv oʻtlarida fotosintez jarayonini
pasaytirishi, bu esa global miqyosda asosiy ekinlar hosiliga salbiy taʼsir
qilishi mumkinligi taʼkidlanadi. 2025-yilda tayyorlangan xalqaro tadqiqotlar
shuni koʻrsatdiki, plastik chiqindilarning mikroskopik zarrasi yer yuzasidagi
oʻsimliklar, baliqlar va suv oʻtlarining fotosintezini 12 foizgacha
kamaytiryapti. Yaʼni oddiy tilda aytganda, bu ekilgan har 10 gektar daladan,
toza dalaga nisbatan 1 gektar hosil kamroq olinadi degani. Global miqyosda bu
yiliga 110-360 million tonna asosiy ekinlar yoʻqotilishini anglatadi.
Ikkinchisi
— iqlim oʻzgarishi. Qurgʻoqchilik, issiqlik toʻlqinlari, suv tanqisligi va
haddan tashqari koʻp ob-havo hodisalari bugʻdoy, sholi, makkajoʻxori, sabzavot
va chorvachilikka taʼsir koʻrsatmoqda. Xitoydagi va Hindistondagi “non
savatlari”da bugʻdoy hosili 2080-yillarga borib, 13 foiz tushishi prognoz
qilinmoqda. Bu xavfga javob berish uchun donli ekinlarning yangi navlari ustida
ishlanmoqda, lekin ulardan kutilayotgan hosildorlik, agar hozirdan investitsiya
qilinsa, 2100-yilga borib, yoʻqotishlarni 17-18 foizgacha qisqartirish imkonini
beradi, xolos. Oʻzbekiston uchun bu masala yanada dolzarb: mamlakatimiz quruq
iqlim mintaqasida joylashgan, suv resurslari cheklangan, aholi soni va
oziq-ovqatga talab esa ortib bormoqda.
Uchinchisi
— antibiotiklarga chidamlilik. 2025-yilgi tadqiqot maʼlumotlari shuni
koʻrsatdiki, Sharqiy Oʻrta dengiz mintaqasida antibiotiklarga chidamli
bakteriyalardan oʻlim 2021-yilda 380 ming kishiga yetgan, 2050-yilda esa 752
mingdan oshishi kutilmoqda. Bu faqat tibbiyot muammosi emas. Chorvachilik,
parrandachilik va baliqchilikda antibiotiklardan notoʻgʻri foydalanish inson
salomatligiga qaytib keladigan xavfdir. Bu butun dunyo uchun “One Health” — inson,
hayvon va atrof-muhit salomatligini birgalikda koʻrish zaruratini eslatadi.
Ushbu xavflar
Oʻzbekiston uchun ham begona emas. Demak, kelajakda oziq-ovqat xavfsizligiga
faqat agronom, fermer yoki iqtisodchi emas, biolog, ekolog, veterinar,
shifokor, muhandis, raqamli texnologiya mutaxassisi va pedagog ham birdek javob
beradi.
Dunyo
tajribasi bizga nimani oʻrgatmoqda?
2050-yil
oziq-ovqat xavfsizligi haqida gapirganda, dunyo tajribasiga qarash juda muhim.
Chunki bugun har bir mamlakat oʻz dalasida ishlayotgandek koʻrinsa-da, aslida,
barcha mamlakat bitta umumiy savolga javob izlamoqda: cheklangan suv,
cheklangan yer va oʻzgarib borayotgan iqlim sharoitida insonni qanday sogʻlom
boqish mumkin?
FAO
hisob-kitoblariga koʻra, 2050-yilgacha global ziroatchilik oʻsishining asosiy
qismi yangi yer ochishdan emas, hosildorlikni oshirish va bir yilda koʻproq
hosil olish, yaʼni intensivlikni kuchaytirish hisobiga kelishi kerak. Boshqacha
aytganda, kelajakda yerni kengaytirishdan koʻra har bir gektardan ilm, texnologiya
va oqilona boshqaruv orqali koʻproq va sifatli mahsulot olish hal qiluvchi
ahamiyat kasb etadi. Bu Oʻzbekiston uchun juda mos yoʻnalish. Chunki bizda yer
va suv cheklangan. Demak, kelajak “koʻproq yer” emas, “koʻproq bilim”, “koʻproq
samara”, “koʻproq qoʻshilgan qiymat” davri boʻladi.
Yevropa va Xitoy
bozorlari esa boshqa saboqni koʻrsatmoqda. Kelajakda mahsulotni faqat
yetishtirish yetarli emas, uning “tarixi” ham toza boʻlishi kerak. Masalan,
anorni Xitoyga yoki quritilgan mahsulotni Yevropa bozoriga chiqarish uchun bogʻ
qayd etilishi, zararkunandalar nazorati, pestitsid qoldiqlari, fitosanitar
sertifikat va qadoqlash talablari toʻliq bajarilishi lozim. Global GAP kabi
standartlar mahsulotning nafaqat sifatini, balki xavfsizligi, izchilligi va ishonchliligini
ham isbotlaydi. Demak, Oʻzbekiston eksportda “tonna”dan “isbotlangan sifat”
bosqichiga oʻtishi kerak. Dunyoda “aqlli ferma”, “aniq dehqonchilik”, “raqamli
suv hisobi”, “issiqxonada sensor boshqaruvi” kabi tushunchalar oddiy amaliyotga
aylanmoqda. Sensorlar suv va namlikni oʻlchaydi, dronlar ekin holatini
kuzatadi, sunʼiy intellekt hosilni prognoz qiladi, laboratoriyalar mahsulot
xavfsizligini tasdiqlaydi. Oʻzbekistonda Agroxizmatlar markazlari, raqamli
platformalar va xalqaro qishloq xoʻjaligi taʼlimi tizimi shu global jarayonning
milliy poydevoridir.
Yana bir muhim
saboq — hosilni yoʻqotmaslik. Dunyoda koʻp mamlakatlar mahsulotni koʻp
yetishtirsa ham saqlash, sovitish, qadoqlash va qayta ishlash zaif boʻlgani
uchun katta yoʻqotishlarga duch keladi. Oddiy qilib aytganda, 2050-yilda gʻolib
mamlakatlar faqat koʻp yetishtirganlar emas, balki mahsulotni isrof qilmagan,
qayta ishlagan va qoʻshilgan qiymat yaratgan davlatlar boʻladi.
Geosiyosiy
xatarlar va Oʻzbekiston tanlagan yoʻl
Bugungi dunyoda
oziq-ovqat xavfsizligi faqat agrar masala emas, balki geosiyosiy barqarorlik
masalasiga ham aylandi. Urushlar, savdo yoʻllaridagi uzilishlar, yonilgʻi va
oʻgʻit narxining keskin oʻzgarishi, eksport cheklovi, portlar va logistika
yoʻnalishlaridagi xavflar bir mamlakatdagi dalaning hosiliga boshqa qitʼadagi
siyosiy voqealar ham taʼsir qilishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Shunday
sharoitda davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xoʻjaligida oʻtkazilayotgan
chuqur oʻylangan islohotlarning mohiyati yanada yaqqol koʻrinadi. Davlat
buyurtmasi va eski maʼmuriy tizimlardan bosqichma-bosqich voz kechish, fermer
va dehqonga erkinlik berish, gʻalla va paxtada bozor mexanizmlarini joriy
etish, suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish, yerdan foydalanishda
shaffoflikni oshirish, dehqon xoʻjaliklariga yer ajratish, qayta ishlash va
eksport infratuzilmasini rivojlantirish — bularning barchasi faqat iqtisodiy
islohot emas. Bu tashqi xatarlar kuchaygan davrda mamlakatning oziq-ovqat
mustaqilligi va ichki barqarorligini mustahkamlash yoʻlidir.
Bugungi geosiyosiy
vaziyat bizga bir haqiqatni oʻrgatmoqda: har bir davlat oʻz dasturxonining
asosiy qismini oʻzi taʼminlay olishi bilan birga dunyo bozori bilan oqilona
bogʻlangan boʻlishi kerak. Oʻzbekistonning yoʻli ham shu: ichki bozorni
barqaror taʼminlash, fermer daromadini oshirish, eksportni kengaytirish, suv va
tuproqni asrash, ilm-fan va texnologiya orqali qoʻshilgan qiymat yaratish.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har bir muammoni imkoniyatga aylantirish
mumkin, qachonki ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalardan toʻgʻri foydalansak.
Bugungi oziq-ovqat siyosati aynan shu tamoyilga tayanmoqda: geosiyosiy
xatarlarga javob izolyatsiya emas, balki kuchli ichki ishlab chiqarish,
diversifikatsiya, ilmga asoslangan agrar boshqaruv, raqamlashtirish, suv tejamkorligi
va insonga yoʻnaltirilgan islohotlardir.
“Oq
oltin”dan rang-barang dasturxonga
Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi uzoq yillar “oq oltin”, yaʼni paxta bilan tanildi. Bu ekin mamlakat
iqtisodiyoti, qishloq hayoti va suv tizimiga katta taʼsir koʻrsatdi. Ammo bir
ekinga ortiqcha bogʻlanishning oqibatlarini ham tarix koʻrsatdi: suvga bosim,
tuproq shoʻrlanishi, Orol fojiasi, oziq-ovqat ekinlariga yetarli eʼtibor
berilmagan davrlar bunga misol.
Joriy yilda
Xalqaro savdo kengashi (ITC) chop etgan “Beyond the White Gold” kitobida yangi
Oʻzbekistondagi bugungi tarixiy burilish yaxshi ifodalangan: Oʻzbekiston
paxtaga tor ixtisoslashgan tizimdan diversifikatsiyalashgan, bozorga
yoʻnaltirilgan, innovatsion va barqaror agrar tizimga oʻtmoqda. Eng muhimi, bu
faqat ekin almashtirish emas, balki yerga, suvga, dehqon mehnatiga va kelajakka
munosabatni oʻzgartirishdir. Kechagi qishloq xoʻjaligi “oq oltin” bilan
tanilgan boʻlsa, ertangi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sogʻlom, rang-barang,
suvni tejaydigan va inson qadriga xizmat qiladigan milliy dasturxon bilan
tanilishi kerak. Bu milliy dasturxonda non ham, meva ham, sabzavot ham,
dukkaklilar ham, sut, tuxum, baliq, parranda goʻshti, sifatli yogʻ, yongʻoq va
poliz mahsulotlari ham bor. Bu faqat mahsulot xilma-xilligi emas, balki sogʻlom
millat asosidir.
Paxtachilik
ham yangicha maʼno kasb etmoqda
“Oq oltin”dan
keyingi davr paxtadan voz kechish degani emas. Bu paxtani eskicha hududiy
hukmron ekin sifatida emas, balki ilm, texnologiya, suv tejamkorligi, yuqori
qoʻshilgan qiymat va oziq-ovqat xavfsizligi bilan uygʻun holda boshqarish
deganidir.
Yaqinda nufuzli Nature-Scientific Reports jurnalida chop etilgan milliy
miqyosdagi tadqiqotimiz Oʻzbekiston paxtachiligida aynan shunday yangi bosqich
boshlanganini koʻrsatdi. 2021-2025-yillarda paxta maydoni 1 million 31 ming
gektardan 875,6 ming gektarga qisqardi, yaʼni 15,1 foiz kamaydi. Ammo shu
davrda umumiy paxta hosili 19,3 foiz oshib, 3,99 million tonnaga yetdi.
Oʻrtacha hosildorlik oshdi. Bu natijaning mazmuni juda oddiy: Oʻzbekiston
paxtachiligi “koʻproq maydon” mantigʻidan “koʻproq bilim, texnologiya va
samara” mantigʻiga oʻtmoqda. Yaʼni kamroq yerda koʻproq hosil olish, suvni
tejash, xarajatni kamaytirish, fermer daromadini oshirish bilan birga
oziq-ovqat ekinlari uchun yer imkoniyatini kengaytirish yangi paxtachilik
siyosatining asosiy mazmuniga aylanmoqda.
Shu bilan birga, paxtadagi yangi intensiv agrotexnologiyalar iqtisodiy
jihatdan ham samarali ekani koʻrinmoqda. Tadqiqotda 76 santimetr intensiv ekish
sxemasi, tomchilatib sugʻorish va fertigatsiya (mineral oʻgʻit yoki zarur
moddalar bilan sugʻorish) orqali gektar boshiga mahsulot yetishtirish xarajati
sezilarli kamayishi, suv sarfi 40 foizgacha qisqarishi va mineral oʻgʻitlardan
foydalanish samaradorligi oshishi qayd etilgan. Demak, ilmiy yondashuv fermerga
ham, tabiatga ham, milliy iqtisodiyotga ham foyda beradi. Bu oziq-ovqat
xavfsizligi uchun ham bevosita muhim. Chunki paxtada “koʻproq hosil — kamroq
maydon — kamroq suv — koʻproq qoʻshilgan qiymat” tamoyili mustahkamlansa,
sabzavotchilik, bogʻdorchilik, chorva ozuqasi, dukkaklilar va boshqa oziq-ovqat
ekinlari uchun koʻproq imkoniyat yaratiladi. Boshqacha aytganda, zamonaviy
paxtachilik diversifikatsiyaga toʻsiq emas, aksincha, uning imkonini
kengaytiradigan omilga aylanishi mumkin.
Albatta, bu
natijalarni yakuniy manzil emas, balki islohotlar davridagi muhim ilmiy dalil
deb baholash toʻgʻri boʻladi. Tadqiqotimiz ham 2021-2025-yillar qisqa, ammo
juda muhim transformatsiya davri ekanini taʼkidlaydi. Endigi vazifa bu oʻsishni
uzoq muddatli, ekologik barqaror va fermerlar uchun adolatli tizimga
aylantirishdir. Paxta kelajakda ham iqtisodiy ahamiyatga ega boʻladi. Lekin u
endi yakka hukmron ekin emas, balki rang-barang, oziq-ovqatga yoʻnaltirilgan,
insonparvar va barqaror agrar tizimning bir qismi boʻlishi kerak.
Soʻnggi
yillarda yaratilgan poydevor
Mamlakatimizda
oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligini kompleks
rivojlantirish, qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, bozor munosabatlarini
joriy etish, qayta ishlash va eksport infratuzilmasini kengaytirish, yer va suv
resurslaridan samarali foydalanish, sohani raqamlashtirish va innovatsion
texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarildi. 2025-yilda
2016-yilga nisbatan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi 4,5 barobar
oshdi. Sabzavot, meva, kartoshka, poliz, goʻsht, sut, tuxum va baliq
mahsulotlarida barqaror oʻsish kuzatildi. Baliq yetishtirish 2016-yilda 84
ming tonna boʻlgan boʻlsa, 2025-yilda 206 ming tonnaga yetdi.
Bu oqsil manbalarini koʻpaytirish, ovqatlanish madaniyatini boyitish va
qishloqda yangi daromad manbalarini yaratish uchun katta imkoniyatdir.
Ayniqsa, suv
tejovchi texnologiyalar boʻyicha salmoqli qadam tashlandi. 2016-yilda suv
tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydon atigi 9000 gektarni
tashkil etgan edi. Bugun bu koʻrsatkich 2,6 million gektarga yetdi:
tomchilatib sugʻorish, yomgʻirlatib sugʻorish va lazerli tekislash bilan
birgalikda shu natijaga erishildi. Oʻzbekiston bu koʻrsatkich boʻyicha
Markaziy Osiyoda birinchi, MDHda ikkinchi, Osiyoda toʻrtinchi
va dunyoda 13-oʻrinda turadi. Bu raqamlar oddiy statistika emas. Ular
ortida suvni tejagan fermer, yangi texnologiya oʻrnatgan tadbirkor, hosilini
koʻpaytirgan dehqon, bandligi taʼminlangan yoshlar, bozorga chiqqan mahsulot va
eksportga yoʻl olgan milliy brendlar turibdi.
Eng
katta sinov — suv tanqisligini yengish
2050-yil haqida
gapirganda Oʻzbekiston uchun birinchi masala, albatta, suv. Chunki mamlakatimiz
quruq iqlim sharoitida joylashgan, qishloq xoʻjaligi esa suvga katta ehtiyoj
sezadi. Ayrim baholashlarga koʻra, kelgusi oʻn yilliklarda Amudaryo va Sirdaryo
havzalarida suv oqimi kamayishi, suv taqchilligi esa yanada kuchayishi mumkin.
Oʻzbekistonda suv resurslarining katta qismi qishloq xoʻjaligida ishlatiladi.
Shuning uchun suvdan samarali foydalanish endi faqat agrotexnik vazifa emas,
balki milliy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va kelajak avlod oldidagi
masʼuliyatdir. “Har tomchi suv — kelajak rizqi” degan tamoyil faqat shior
boʻlib qolmasligi kerak. U agrar siyosat, fermer amaliyoti, mahalla madaniyati
va bolalar tarbiyasiga kirishi lozim. Suvni tejash texnologiya bilan
boshlanadi, lekin madaniyat bilan mustahkamlanadi. Tomchilatib sugʻorish,
yomgʻirlatib sugʻorish, diskret sugʻorish, lazerli tekislash — bular juda
zarur. Ammo kanallardan tortib, dala boshigacha boʻlgan butun suv zanjirida
masʼuliyat boʻlmasa, texnika ham toʻliq samara bermaydi.
Tuproq
— tirik boylik
Tuproq — tirik boylik. Agar tuproq charchasa, eng yaxshi urugʻ ham, eng
zamonaviy texnika ham kutilgan natijani bermaydi. Shuning uchun kelajakda
Oʻzbekistonning agrar siyosati “koʻproq yer ochish”dan koʻra “har bir gektarni
bilim va masʼuliyat bilan ishlatish”ga tayanishi kerak. Soʻnggi yillarda
tuproqni muhofaza qilish, unumdorligini oshirish, agrokimyoviy xaritalar
tuzish, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, almashlab ekish va past
hosilli maydonlarni tiklash boʻyicha muhim ishlar qilindi. 2019-2023-yillarda
692 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritilib, qoʻshimcha 6 million tonna qishloq
xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish imkoniyati yaratildi va 213 ming ish oʻrni
ochildi. Kelajakda tuproq unumdorligini oshirish uchun dukkakli ekinlar,
almashlab ekish, organik modda, biogumus, biochar, tuproq mikrobiomi,
agroekologiya va suv kam talab qiladigan ekinlar katta ahamiyatga ega boʻladi.
Bozordan
insoniylikka qarab: STEM+HECI zarurati
Bozor islohotlari qishloq xoʻjaligini harakatga keltirdi. Bu zarur bosqich
edi. Ammo endi yanada yuqori bosqichga oʻtishimiz kerak. Faqat “bozorga yoʻnaltirilgan
qishloq xoʻjaligi” yetarli emas. Bizga “bozorga yoʻnaltirilgan + insoniylikka
yoʻgʻrilgan qishloq xoʻjaligi” kerak. Bozor bizga qaysi mahsulot yaxshi
sotilishini anglatadi. Ammo insoniylikka yoʻgʻrilgan yondashuv savol qoʻyadi:
bu mahsulot bolalar salomatligiga, suvga, tuproqqa, fermer daromadiga va
kelajak avlodga qanday taʼsir qiladi?
Shu yerda STEM+HECI yondashuvi juda muhim. STEM — fan, texnologiya,
muhandislik va matematika bizga hosildorlik, raqamlashtirish, sunʼiy
intellekt, genomika, seleksiya, suv tejovchi tizimlar, sensorlar va dronlarni
beradi. HECI — Humanity, Ethics, Creativity and Imagination, yaʼni insoniylik,
axloq, ijodkorlik va tasavvur — texnologiyalarga insoniylik fazilatlari,
axloqiy chegaralar va muammolarga ijodiy intellekt bilan yondashib, ularni
tabiat, inson, hayvonot va nabotot manfaati va kelajagiga yoʻnaltiradi. Oddiy
qilib aytganda, STEM “Qanday qilib koʻproq va samarali yetishtirish mumkin?”,
HECI esa “Bu yechim insonga, hayvonga, oʻsimliklarga, suvga, tuproqqa, jamiyatga
va kelajakka foydali boʻladimi?” deb soʻraydi. Shuning uchun kelajak agronomi
faqat nav va oʻgʻitni bilgan mutaxassis emas. U iqlim, suv, tuproq, bozor,
oziqlanish, raqamli maʼlumot va axloqiy masʼuliyatni birgalikda tushunadigan
yangi avlod mutaxassisi boʻlishi kerak.
“Daladan
— dasturxongacha” tamoyili
Kelajakda gʻolib mamlakatlar faqat koʻp yetishtirganlar emas, balki
mahsulotni yoʻqotmagan, saqlagan, qayta ishlagan, qadoqlagan, sifatini saqlab,
isteʼmolchiga xavfsiz yetkazganlar boʻladi. Agar dehqon 100 tonna meva
yetishtirsayu, uning katta qismi saqlash, tashish yoki bozorga yetkazishda
yoʻqolsa, bu faqat iqtisodiy zarar emas, balki suv, mehnat, tuproq, oʻgʻit va
inson umidi yoʻqotilishidir. Shuning uchun qayta ishlash 2050-yildagi oziq-ovqat
xavfsizligining markaziy masalalaridan. Bugun Oʻzbekistonda oziq-ovqat sanoati
korxonalari soni oshmoqda, qayta ishlash quvvatlari meva-sabzavot, goʻsht, sut,
un va oʻsimlik yogʻi yoʻnalishlarida kengaymoqda. Lekin bu hali boshlanishi.
Meva-sabzavotni chuqur qayta ishlash, muzlatish, quritish, tabiiy sharbatlar,
bolalar ozuqasi, funksional oziq-ovqatlar, yuqori qiymatli eksport
mahsulotlari, organik mahsulotlar va xalqaro standartlarga mos qadoqlash
kelajakdagi katta imkoniyatlardir.
Raqamli qishloq xoʻjaligi — shaffoflik
va ishonch omili
Kelajak dehqoni
faqat ketmon va traktor bilan emas, raqamli maʼlumot bilan ham ishlaydi. Qaysi
yerda qanday tuproq bor? Qaysi hududda suv tanqisligi kuchayadi? Qaysi nav
issiqqa yoki shoʻrga chidamli? Qaysi mahsulot bozorda talabgir? Qaysi fermerga
qanday subsidiya berildi? Bu savollarga aniq javob boʻlmasa, samaradorlik ham,
adolat ham toʻliq taʼminlanmaydi. Shu jihatdan “Agrosubsidiya”,
“Agroplatforma”, “Raqamli qishloq xoʻjaligi” kabi tizimlarning joriy etilishi katta
ahamiyatga ega. Ular nafaqat davlat xizmatlarini tezlashtiradi, balki fermer va
dehqon uchun shaffoflik, banklar uchun ishonch, davlat uchun aniq maʼlumot,
jamiyat uchun adolatli mexanizm yaratadi.
Kelajakda bu
tizimlar yanada chuqurlashib, sunʼiy intellekt asosida hosil prognozi, suv
sarfi, kasallik va zararkunandalar xavfi, oziq-ovqat narxlari, logistika va
eksport imkoniyatlarini oldindan koʻra oladigan milliy agroaxborot tizimiga
aylanishi kerak. Ammo raqamlashtirishda ham inson unutilmasligi lozim. Agar
fermer raqamli tizimdan foydalana olmasa, internet yoʻq boʻlsa, maslahatchi
yetishmasa yoki maʼlumot unga tushunarli tilda berilmasa, eng yaxshi platforma
ham kutilgan natijani bermaydi. Shuning uchun raqamli qishloq xoʻjaligi bilan
birga raqamli savodxonlik, agromaslahat, mahalliy tilda xizmat, yoshlar va
xotin-qizlarni oʻqitish ham zarur.
Milliy ovqatlanish
madaniyati — strategik boylik
Kelajak oziq-ovqat xavfsizligi faqat
ishlab chiqarish emas, isteʼmol madaniyati hamdir. Agar bozorda mahsulot bor boʻlsayu,
oila uni toʻgʻri tanlamasa, bola ratsioni muvozanatli boʻlmasa, maktab va
bogʻchada ovqatlanish toʻgʻri tashkil etilmasa, oziq-ovqat xavfsizligi toʻliq
taʼminlanmaydi. Oʻzbek milliy dasturxonining katta afzalligi bor: unda non
bilan birga sabzavot, koʻkat, dukkaklilar, sut mahsulotlari, meva, poliz, baliq
va parranda uchun tabiiy oʻrin bor. Bu madaniyatni zamonaviy ilm bilan boyitish
kerak. Yaʼni milliy taomlarimizni saqlagan holda ularni bolalar, onalar,
keksalar va mehnatkash aholi salomatligiga mos ravishda toʻgʻri targʻib qilish
lozim. 2050-yil milliy dasturxoni faqat toʻy dasturxoni kabi moʻl-koʻllik
belgisi emas, balki har kunlik sogʻlom hayot dasturxoni boʻlishi kerak.
Yetti milliy yoʻnalish
Birinchi yoʻnalish — suvni tejashni yangi
milliy madaniyatga aylantirish. Suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish
bilan birga kanallar, suv hisoblagichlar, raqamli monitoring, fermer malakasi
va mahalliy suv boshqaruvi kuchaytirilishi kerak.
Ikkinchi yoʻnalish — tuproq unumdorligini
milliy boylik sifatida asrash. Har bir hududning tuproq pasporti, agrokimyoviy
xaritasi, almashlab ekish rejasi va organik modda balansi boʻlishi kerak.
Uchinchi yoʻnalish — qayta ishlash va
saqlashni keskin oshirish. Har bir viloyatda meva-sabzavotni saqlash, quritish,
muzlatish, qadoqlash va chuqur qayta ishlash tizimi kuchaytirilishi lozim.
Toʻrtinchi yoʻnalish — dukkaklilar, moyli
ekinlar, baliqchilik, parrandachilik, sutchilik va bogʻdorchilikni milliy
ovqatlanish strategiyasi bilan bogʻlash. Bu sohalar faqat eksport emas, xalq
salomatligi uchun ham kerak.
Beshinchi yoʻnalish — organik va “yashil”
dehqonchilikni kengaytirish. Jahon bozorida organik mahsulotga talab ortib
bormoqda. Oʻzbekistonning quyoshi, tuprogʻi va anʼanaviy dehqonchilik
madaniyati bu yoʻnalishda katta imkoniyat beradi.
Oltinchi yoʻnalish — Qoraqalpogʻiston va
suvi kam hududlar uchun alohida agrar modellar yaratish. Tuzga chidamli navlar,
kam suv talab qiladigan ekinlar, kam xarajatli issiqxonalar, yaylovlarni
tiklash va baliqchilik bu hududlar uchun katta ahamiyatga ega.
Yettinchi yoʻnalish —
yoshlar va xotin-qizlarni agrar innovatsiyalar markaziga olib kelish. Yer,
kredit, texnologiya, maslahat va bozorga kirish imkoniyatlari kengaysa, qishloq
xoʻjaligi nafaqat mahsulot, balki yangi avlod uchun munosib kasb va daromad
manbaiga aylanadi.
Xulosa: bugungi don
ertaga non boʻladi
2050-yil bizdan uzoq emas. Bugun
maktabga borayotgan farzandlarimiz oʻsha davrda mamlakatimizning asosiy ishchi
kuchi, olimlari, fermerlari, tadbirkorlari va rahbarlari boʻladi. Ularning
dasturxonida qanday non, qanday sut, qanday sabzavot, qanday meva, qanday suv
boʻlishi bugungi qarorlarimizga bogʻliq. Dunyo xavflari real: suv taqchilligi,
iqlim oʻzgarishi, mikroplastik ifloslanish, antibiotiklarga chidamlilik, tuproq
degradatsiyasi, geosiyosiy uzilishlar va oziq-ovqat narxlari beqarorligi. Ammo
yechimlar ham aniq: ilm, innovatsiya, suv tejamkorligi, raqamlashtirish,
organik va “yashil” dehqonchilik, qayta ishlash, toʻgʻri ovqatlanish
madaniyati, STEM+HECI taʼlimi va adolatli bozor munosabatlari. FAOning eng
muhim sabogʻi shundaki, dunyo yetarli oziq-ovqat ishlab chiqarishi mumkin, ammo
ochlikni yengish uchun odamlarda ushbu oziq-ovqatga yetishish imkoniyati,
daromad, infratuzilma, bilim va barqaror qishloq iqtisodiyoti boʻlishi shart.
Shuning uchun Oʻzbekistondagi agrar islohotlar faqat mahsulot koʻpaytirish
emas, balki qishloqda daromad yaratish, fermerni erkinlashtirish, dehqonni
bozorga olib chiqish, yoshlar va xotin-qizlarga imkoniyat berish, suv va
tuproqni asrash, ilm-fanni dalaga yaqinlashtirish jarayonidir.
Oʻzbekiston soʻnggi yillarda bu yoʻlda katta qadam tashladi. Navbatdagi
vazifa moʻl hosildan sogʻlom dasturxonga, bozor samaradorligidan inson qadriga,
texnologiyadan masʼuliyatli innovatsiyaga oʻtishdir. Oziq-ovqat xavfsizligi
faqat Qishloq xoʻjaligi vazirligi yoki fermerning vazifasi emas, bu olimning
izlanishi, oʻqituvchining tarbiyasi, shifokorning maslahati, onaning
dasturxoni, tadbirkorning halol mahsuloti, suvchining masʼuliyati, dehqonning
mehnati, umuman, har bir fuqaroning tanlovidir. 2050-yil dasturxoni bugungi
daladan boshlanadi. Bugungi urugʻdan, bugungi suv tejamkorligidan, bugungi
tuproqqa munosabatdan, bugungi ilm va insoniy masʼuliyatdan boshlanadi. Shu
bois, yangi Oʻzbekiston uchun oziq-ovqat xavfsizligining yangi maʼnosi shunday
boʻlishi kerak: moʻl hosil — sogʻlom inson uchun, bozor — adolatli farovonlik
uchun, texnologiya — tabiat va kelajak avlod manfaati uchun xizmat qilsin.
Ibrohim ABDURAHMONOV,
qishloq xoʻjaligi vaziri, akademik