2026-yil 25-iyuldan boshlab Qozog‘istonda patrul-post xizmati (PPX) xodimlarining xorijiy fuqarolar bilan munosabatlardagi majburiyatlari, ularning transport obyektlari, metropoliten, aholi punktlari va shahar tashqarisidagi avtomobil yo‘llarida xizmat olib borish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“Kazinform” xalqaro axborot agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan PPX xodimlarining xorijiy fuqarolar, diplomatik va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalar xodimlari bilan faqat o‘z xizmat vazifalari doirasida muloqot qilishi belgilangan. Xususan, bu huquqbuzarliklarning oldini olish, transport harakati jadvali bo‘yicha maʼlumot berish, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish shoxobchalarining joylashuvi haqida axborot taqdim etish kabi vazifalarni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning hujjatlarini tekshirishda politsiya xodimlari chet elga chiqish pasporti, yashash uchun ruxsatnoma yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasining amal qilish muddati, viza hamda Qozog‘iston hududida qonuniy bo‘lib turganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligiga eʼtibor qaratadi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, politsiya xodimlari Maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq chora ko‘rishi shart.

Kiritilgan o‘zgartirishlar bilan patrul-post xizmatining ayrim vazifalariga ham aniqlik kiritildi. Xususan, PPX xodimlari xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborishda migratsiya xizmati bo‘linmalariga yordam beradi hamda ularni davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlarigacha kuzatib boradi.

Shuningdek, politsiya xodimlari xorijiy fuqaroning yo‘lovchi poyezdi yoki samolyotdan qolib ketganligi, chet elliklar ishtirokidagi huquqbuzarliklar, noqonuniy migratsiya holatlari va noqonuniy muhojirlarni olib o‘tishning maʼlum yo‘nalishlari haqida zudlik bilan navbatchilik qismiga xabar berishi shart.

Aholi punktlari va shahar tashqarisidagi avtomobil yo‘llarida jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha patrul-post xizmatini o‘tashga doir yo‘riqnomaga ham xuddi shunday o‘zgartirishlar kiritildi.