Jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan Prezident qarori loyihasiga koʻra, mazkur tashabbus atmosfera havosini muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, aholi salomatligini asrash hamda transport vositalaridan chiqadigan zararli moddalar hajmini kamaytirishga qaratilgan.
Loyihada ekspluatatsiya muddati oʻtgan avtomobillarni yigʻish, baholash, qabul qilish, utilizatsiya qilish va ularning ehtiyot qismlari hamda materiallarini qayta ishlash boʻyicha yagona tizim yaratish nazarda tutilgan.
Hujjatga muvofiq, tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi:
- 2026 yildan boshlab M1 toifasidagi transport vositalari (yengil avtomobillar),
- 2027 yildan boshlab M2, M3, N1, N2 va N3 toifalaridagi mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillari,
- 2030 yildan esa barcha turdagi gʻildirakli transport vositalari uchun joriy etiladi.
Loyihada 2027 yil 1 yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq boʻlgan avtotransport vositalari egalari tomonidan har yili ekologik kompensatsiya toʻlovi yiliga bir marta bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari (12 mln 360 ming soʻm) miqdorida ekologik kompensatsiya toʻlash taklif qilinmoqda.
Shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda «zararli» ekologik toifaga mansub transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta roʻyxatdan oʻtkazish taqiqlanishi, bunday transport vositalari davlat roʻyxatidan chiqarilishi mumkinligi nazarda tutilgan. Mazkur talab antikvar avtomototransport vositalariga tatbiq etilmaydi.
Loyihada avtomobillarni utilizatsiyaga topshirgan fuqarolar va tashkilotlarga kompensatsiya berishning bir nechta mexanizmlari taklif etilgan. Jumladan, pul mablagʻlari toʻlash, yangi avtomobillar xarid qilish uchun elektron vaucherlar berish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin.
Shu bilan birga, avtomobillarni baholash va utilizatsiya qilish jarayonlari maxsus elektron platforma orqali amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, mazkur hujjat loyiha hisoblanadi. Uning normalari jamoatchilik muhokamasi va tegishli kelishuvlar yakunlariga koʻra oʻzgarishi, toʻldirilishi yoki qayta koʻrib chiqilishi mumkin.