Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-iyundagi 315-son qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjatga muvofiq, respublikada yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan neft mahsulotlari hamda gaz toʻldirish shoxobchalarida xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning faoliyatini nazorat qilish va sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qator yangi talablar joriy etilmoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, respublikada yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan obyektlarda oʻtkazilgan tahlillar davomida 46 737 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Nazorat organlari tomonidan sohada faoliyat yurituvchi subyektlarga 79 049 ta, texnik xavfsizlik sohasida esa 25 341 ta yozma koʻrsatma berilgan. Shuningdek, 3 354 ta belgilangan talablarni bajarmagan rahbar va masʼul shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 7 875 ta qoidabuzarlik bartaraf etilgan.

Biroq oʻtkazilgan tekshiruvlarda aniqlangan 7 166 ta kamchilik bartaraf etilmagani sababli 464 ta yoqilgʻi quyish shoxobchasi faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.

Qaror bilan yoqilgʻi quyish shoxobchalari hamda gaz toʻldirish inshootlari uchun qurilish, texnik jihozlash, sanoat va ekologik xavfsizlik boʻyicha minimal talablar tasdiqlandi. Endi obyektlarda yongʻin xavfsizligi tizimlari, bosim ostida ishlovchi uskunalar, avariyaviy himoya vositalari va muhandislik kommunikatsiyalariga nisbatan yagona talablar amal qiladi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan avtomobil gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida “U-Gaz” dasturiy-apparat majmuasi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ushbu tizim orqali gaz sotish jarayoni, texnologik qurilmalar holati, bosim koʻrsatkichlari va xavfsizlik talablariga rioya etilishi onlayn nazorat qilinadi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan xavfi yuqori ishlab chiqarish obyektlari uchun ruxsatnoma berish jarayonlarida avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari maʼlumotlaridan foydalanish yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa obyektlarning xavfsizlik talablariga muvofiqligini baholash va davlat nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Hukumat qarori bilan belgilangan chora-tadbirlar neft mahsulotlari va gazdan foydalanish sohasida sanoat xavfsizligini kuchaytirish, avariyalar xavfini kamaytirish hamda raqamli nazorat mexanizmlarini keng joriy etishga qaratilgan.