Qonimizda buxoriylar, xorazmiylar, beruniylar qoni bor. Kechagina shaxmatdagi gʻalabasi bilan dunyo eʼtiborini Oʻzbekistonga qaratgan Javohirning onasiga butun mamlakatimiz onalarining havasi kelayotgani rost.
Qadimiy madaniyat hamda sivilizatsiya beshiklaridan biri
Qashqadaryo zaminidagi togʻ va daryolar, obod shahar va qishloqlar, kundan kun
chiroy ochayotgan fayzli maskanlarni koʻrib, koʻzingiz yayraydi.
Abu Turob Naxshabiy, Najmiddin Nasafiy, Sayido
Nasafiy, Abu Muhammad Keshiy kabi mutafakkirlar nomini voha odamlari faxr bilan
eslashadi.
El dardiga darmon boʻlmoq buyuk va savobli vazifadir degan
gʻoyani hayotiy dasturi qilib olgan Sohibqiron Amir Temur tavalludining
690-yilligi munosabati bilan oʻtayotgan tadbirlarda dunyoga shunday shijoatli
insonni bergan zaminga havasingiz keladi.
Yurtimizning qay goʻshasiga bormang, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning “Men nechun
sevaman Oʻzbekistonni?” satrlari tilimizga kelaveradi.
Maʼrifatli ayollar gurungi
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tavsiyasiga koʻra, yangi
Oʻzbekiston islohotlarining oldingi saflarida borayotgan opa-singillarimiz
bilan diydorlashmoq uchun Qashqadaryo sari yoʻl oldik.
Qarshi shahridagi madaniyat saroyida oʻtkazilgan
madaniy-maʼrifiy tadbirda soʻzga chiqqan viloyat “Buvijonlar maktabi”
yetakchisi Kommuna Ismoilova bunday deydi:
“Yangi Oʻzbekistonda insonni qadrlash onalarni, ayollarni
ulugʻlashdan boshlanadi. Ayolning oilasi tinch boʻlsa, koʻngli xotirjam, uyi
obod boʻladi. Koʻp yillik tajribaga ega opajonlarimiz bilan mahallama mahalla,
uyma-uy yurib, vohamizda koʻp uchraydigan odatlar — qarindosh-urugʻlar
oʻrtasidagi nikohlar, maktab yoshidan qizlarni qarindoshlariga atab
“beshikketti” qilib qoʻyish, erta tugʻuruqlar borasida tushuntirish berib
boryapmiz. Baraka topsin, kelinlar ham, qaynonalar ham toʻgʻri tushunyapti.
Taʼlim-tarbiya uygʻunligi — bolalarimiz kelajagi kafolati.
Nimani eksang, shuni oʻrasan degani bolangga bergan taʼlim-tarbiyang
qariganingda koʻzgu boʻlib, senga aksingni koʻrsatadi, deganidir”.
Oʻzbekiston Qahramoni Muhabbat Sharopovaning dil
izhorlari haqiqiy murabbiyning, dono muallimning hikmatlariga oʻxshaydi.
“Umrim boʻyi xalqning bolasini oʻqitdim, taʼlim berdim.
Muallimlik noni bilan bolalarimni boqdim.
Taʼlim sifatini oshirish yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining
yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir deb taʼkidlaydi davlatimiz rahbari.
Ustoz maqomini oshirish, shaʼni va qadr-qimmatini himoya
qilish davlat siyosatining ustuvor vazifasi ekanidan faxrlanib ketaman. Dunyo
imoratlari ichida eng ulugʻi maktab, kasblar ichida eng sharaflisi
oʻqituvchilikdir. Bolamiz qanday kitob oʻqiyapti, qanday kino koʻryapti, nimaga
qiziqishi bor — mana shu masalalar faqat muallimning emas, ota-onaning ham
boshini qotirishi lozim.
Uchinchi Renessansga yoʻl maktab ostonasidan boshlanadi.
Maktabda olingan bilim toshga oʻyilgan naqshdek bolalar qalbiga muhrlanib
qoladi. Har bir farzand koʻnglida Vatan degan muqaddas soʻzni, faxrni yaratish,
ulgʻaytirish Qashqadaryo onalarining oltin qoidasi boʻlishi kerak!
Bugun qashqadaryolik oqila, fozila ayollar qatorida yurtning
tinchligiga shukrona aytaman, islohotlarning nurli samaralari uchun duodaman”.
— Zoʻravonlikka qarshi maʼrifat jamiyat ravnaqi garovidir, —
deydi qashqadaryolik senator Komila Karomova. — Xotin-qizlarning huquq va
manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik
holatlarining oldini olishga qaratilgan muhim targʻibot tadbirlarida
huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Jinoyat
pishib, yetilib, natijaga aylangunicha qancha tafsilotlar boʻlib oʻtadi.
Mahallalarda tushuntirish ishlaridagi birinchi vazifamiz ota-onalardan
farzandlar nazoratini talab qilish boʻladi. Ota oʻgʻlining nima ish
qilayotganini, doʻstlari kimligini bilmasa, ona qizining dugonasi bilan qanday
vaqt oʻtkazayotganini, maktab, texnikum, oliygohdagi yurish-turishini
tekshirmasa, nima boʻladi?
Qonunchilikdagi javobgarlik bolalarimizning esini kiritar,
lekin ota-ona bolasining ijtimoiy
tarmoqlardagi aqldan ozdirar darajadagi yovuzliklar, qilmishlarini
koʻrib katta boʻlayotganini bilishi kerak-ku. Farzand tarbiyasidagi befarqlik
butun bir avlodni elu yurt oldida sazoyi qiladi.
— Sanʼatga, adabiyotga qiziqishi qiz bolani
millatparvar, maʼrifatparvar qilib tarbiyalaydi, — deydi Oʻzbekiston xalq
artisti Zamira Suyunova. — Ilgari Qashqadaryoning qishloqlaridan qoʻshiqchi
yoki shoir chiqsa, mahallalarda gʻalati qaralardi. Endi esa butun qishloq
boʻlib qoʻshiqchi qizning qoʻshiqlarini birga kuylashadi.
Sanʼat — koʻngilning bebaho mulki, inson hayotining ziynati.
Faqat sanʼat va sportgina mamlakatni jahon sahnasida keng targʻib qila oladi.
Bir sanʼatkor sifatida Oʻzbekistonda keyingi yillarda sanʼat va madaniyatni rivojlantirish
masalalarini koʻz oldimga keltirar ekanman, oʻzbek milliy maqomi, baxshichilik,
milliy raqs, milliy musiqa sanʼati, milliy hunarmandchilikka eʼtibordan
koʻnglim togʻdek oʻsadi. Tinch yurtga qoʻshiq, bayramu toʻy yarashadi,
tinchlikka ne yetsin.
Chiroqchi tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabiga bir quchoq kitob
bilan kirib borgan Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona direktori Umida
Teshaboyeva hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Ziyoda
Aminova oʻquvchilarga qiz bolaning bilimi va savodxonligida, oilalar
farovonligida kitobning oʻrni haqida gapirdi.
El ardoqlagan ziyoli opalarimizning soʻzlarini tinglar ekanman, jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Onalar butun bashariyatning tarbiyachilaridir” degan purhikmat soʻzlari yodimga tushdi.
Koʻkdala iftixorlari
Koʻkdala tumanidagi fidoyi onaxonlar, sarishta kelinlar va bilimli qizlar bilan suhbatlarimizdan soʻng tumanning taniqli tadbirkor ayollari hovlisida boʻldik. Ular qoʻl urayotgan yangiliklar, el dasturxoniga tortiq qilayotgan mahsulotlar bilan qiziqdik.
Koʻkdala mahallasida yashovchi Gulzor aya Shaymanova
xonadonida uchta issiqxona bor. Onaxon turmush oʻrtogʻi va besh farzandi bilan
qirq turdan ortiq gul koʻchati, pomidor, qovoq, tarvuz, bodring, qovun
yetishtiradi. U qishloq ayollaridan oʻn nafarini ish bilan taʼminlagan. Har
yili xotin-qizlar kuni, Ramazon va Qurbon hayitlari arafasida elliktadan
ehtiyojmand oilaga gul, pomidor koʻchatlari va hadyalar tarqatadi.
— Yerga yaxshi qarasang, seni boqadi, — deydi Gulzor aya. —
Qancha barvaqt dehqonchilikni boshlasam, shuncha koʻp barakali hosil olaman.
Bolalarim, nabiralarim qabatimda.
Mehnatning halol noni elning duosi bilan totli.
Feruzaxon Xurramova turmush oʻrtogʻi
Xolmurodjon bilan besh farzandni katta qilmoqda. Koʻkdala pillakorlarining
yetakchisi Feruzaxon har yili pilla va paxta yetishtirish borasida boshqalarga
namuna boʻlyapti. Naymansaroy mahallasi ahli fermerlik nonini yeb, hamisha elu
yurtning xizmatiga kamarbasta bu oilani hurmat bilan tilga oladi. Xonadondagi
sarishtalik, tomorqadagi saranjomlikni koʻrib, vohaning eng chekkasidagi
Koʻkdala tumanida halol mehnati, tarbiyali farzandlari ortidan eldoshlari
tiliga tushayotgan oilalarga havasimiz keldi.
Qayerda shukronalik, halollik bor ekan, u yerda fayzu baraka
boʻladi deb bekorga aytmagan xalqimiz.
Shahrisabz — hunarmandlar yurti
Qashqadaryo viloyati azaldan usta
hunarmandlar, doʻppidoʻzu kashtachilar, soʻzana tikib, matoga qayta umr baxsh
etuvchi chevarlar yurti. Shahrisabz “Hunarmand” uyushmasi rahbari, “Moʻtabar
ayol” koʻkrak nishoni sohibi Gulnora Choriyeva arabi gilam, iroqi doʻppi, iroqi
uslubidagi yostiq jildi, quroq koʻrpachalar singari tikuv, toʻquv ishlariga
bosh boʻlib, oʻzi yashaydigan Uychilik mahallasida 50 ayolni ish bilan band
qilgan. Gulnoraning tavsiyasiga koʻra, opa-singillarimiz chevarlik ishlarini
uyda bajarib, maosh oladi. Shu yoʻl bilan uy-roʻzgʻor ishlari, yosh bola
tarbiyasiga ham imkon topadi. Uning soʻzlarini tinglar ekansiz, uyda qizlari,
kelinlari, qoʻshnilari, ovsinlariga hunar oʻrgatib, oila byudjetiga hissa
qoʻshayotgan va mehnatining samarasidan xursand ayollarning qoʻli dard
koʻrmasin degingiz keladi.
Yana bir usta hunarmand Mahliyo
Mannopova bir vaqtning oʻzida 750 ayolni band qilgan. Istagi bor xotin-qizlarga
dastlab tikuv sirlari oʻrgatiladi. Keyingi bosqichda yarim tayyor mahsulotlarni
uymauy yurib tarqatadi. Koʻp mahsulot tayyorlagan hunar egasining daromadi ham
shunga yarasha boʻladi. Ikki yil oldin uyda yarim tayyor mahsulot kelishini
kutib turgan ayollar orasida bugun usta hunarmand boʻlgan, yetakchi tadbirkorga
aylanganlar bor.
Shahrisabz shahri Gʻalaba mahallasida istiqomat qiluvchi Lola
Muzaffarovani mahalladoshlari “jasorat timsoli”, deb taʼriflaydi. Hayot
qiyinchiliklari oldida bir bukildi, lekin qaddini tikladi, kuch va matonatni
“Oʻzbekistonda har bir inson eʼtiborda” degan gʻoyadan topdi. Toʻshakda
yotganida “meni birov eslamasa kerak”, der edi.
Davlatimiz rahbarining eʼtibori uning
oilasiga qadar yetib borib, oʻtgan yili dastlab “Ayollar daftari”ga kiritildi
va bepul davolandi, qaddini tikladi. Eʼtibor va gʻamxoʻrlikka munosib javob
berish uchun reja qila boshladi. Mahalla xotin-qizlar faoli hamda hokim
yordamchisining koʻmagi bilan subsidiya asosida tikuv mashinasi oldi. Bugun
uning xonadoni kichik sexga aylangan. Ayol bir daqiqa ham tinim bilmaydi.
Tikuvchilik qiladi, matoga zeb beradi, sumkalarni bezab, kelinlar sarposi uchun
sovgʻalar tayyorlaydi. Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali buyurtma oladi,
sotuvni yoʻlga qoʻygan. Atrofida shogirdlari, farzandlari parvona.
— Mening hayotim katta saboq maktabi. Toʻshakda yotgan ayol
bugun tadbirkorga aylandim. Bu kabi imkoniyat va imtiyozni yaratib bergan
Prezidentimizdan minnatdorman, — deydi Lolaxon.
Mirishkor tumani Chamanzor mahallasida yashovchi Oyimxol
Atalikova 2023-yilda “Ayollar daftari”ga — tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan
ehtiyojmand xotin-qizlar toifasiga kiritilgan edi. Unga imtiyoz asosda 50
million soʻm kredit ajratildi. 10 ta tikuv mashinasi, zarur uskunalarni xarid
qilgan chevar ayol va shogirdlari tayyorlagan mahsulotlar bugun xaridorgir.
Ular bolalar va ayollar kiyim-kechaklarini tayyorlamoqda, gilamchilikni yoʻlga
qoʻygan. Muhimi, bir paytlar oʻzi ishsiz boʻlgan Oyimxol bugun 150
xotin-qizning bandligini taʼminlayapti.
* * *
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan viloyatda opa-singillarimiz faolligini oshirish, ularni bandlik va tadbirkorlikka keng jalb etish, shuningdek, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida viloyat hokimi sovrini uchun qator tanlovlar tashkil etildi. Uy bekalari oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish va ularning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish maqsadida “Kitobxon uy bekasi”, xonadon tomorqalaridan samarali foydalanish, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish va aholi bandligini taʼminlash maqsadida “Eng yaxshi tomorqachi oila”, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning daromad manbalarini kengaytirish hamda hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida “Hududda xotin-qizlar bandligini taʼminlashda faol boʻlgan tadbirkor ayol” tadbirlari shular jumlasidan.
* * *
Ha, voha ahli bugun ana shunday bunyodkorlik ishqi,
mehnatsevarlik zavqi bilan yashamoqda, yangilanishlarga ulush qoʻshmoqda.
Xalqning madaniy darajasi ayollariga eʼtiborida koʻrinadi. Adolatli va
shiddatli islohotlar esa har bir ayolning yuragi orqali oʻtadi. Vohada kim
bilan gaplashmang, gurung qilmang, bir soʻz yuragingizga nurdek oqib kiradi.
Shukronalikda gap koʻp, shukronalik neʼmati, tinchlikning shukronasi uyimizga
baraka, umrimizga umr, rizqimizga rizq qoʻshadi. Shukronalikka nima yetsin.
Sayyora TOʻYCHIYEVA,
Oʻzbekiston davlat
sanʼat va
madaniyat instituti
professori,
falsafa fanlari doktori