“Biz tabiatni ajdodlardan meros qilib emas, avlodlardan qarzga olganmiz”. Bu fikrda jiddiy maʼno yashirin. Meros tushunchasida tanlov borki, olsang ham boʻladi, olmasang ham. Qarzni esa oldingmi, demak qaytarasan. Meros kechirilishi mumkin, qarz esa yoʻq.

Oradan ikki yil oʻtib yana Samarqandda, bu safar boshqa bir xalqaro tadbir — Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yigʻilishining ochilish marosimida Prezidentimiz ekologiya masalasiga alohida toʻxtalib, “Markaziy Osiyo yashil belbogʻi” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish taklifini ilgari surdi. Bu — Oʻzbekiston ekologik barqarorlik masalasini shunchaki zarurat emas, balki avlodlar oldidagi qarzni qaytarish masʼuliyati, kelajak taraqqiyotining asosi, bir soʻz bilan aytganda, hayot-mamot masalalaridan biri sifatida koʻrayotganini anglatadi.

2026-yil aprel oyida Ostonada ikkita muhim tadbir chaqirildi. Birinchisi “Barqaror kelajak uchun umumiy nigoh” shiori ostidagi Mintaqaviy ekologik sammit boʻlsa, ikkinchisi Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) taʼsischi davlatlari rahbarlari majlisi. Ikkala tadbirning ketma-ket bir vaqtda oʻtkazilishi tasodif emas. Ular bir-birini mantiqan toʻldiradi. Birinchisi umumiy ekologik siyosat haqida, ikkinchisi esa oʻsha umumiy muammoning eng dardli nuqtasiga, yaʼni Orol fojiasiga qaratilgan.

Reytinglar ortidagi reallik

Bugun dunyoda harorat oshayotgani haqida katta minbarlarda bong urilmoqda. Ammo bu jarayon Markaziy Osiyoda umumiy koʻrsatkichlardan ikki barobar tez kechayotgani achinarli holat.

Markaziy Osiyoning togʻ muzliklari mintaqa uchun biologik “suv banki” vazifasini oʻtaydi. Qor erishi yoz boshida daryolarni toʻldiradi, daryolar sugʻorish kanallarini, kanallar esa dehqonchilikni tirik tutadi. Ushbu zanjirning har bir boʻgʻinida Markaziy Osiyo­ning iqtisodiy va ijtimoiy hayoti osigʻliq turibdi, desak aslo mubolagʻa emas. Gidrologlar “muzlik suvi bankini tugatish” deb ataydigan holat bor, yaʼni muzliklar eriydi, keyin quriydi, suv manbai batamom yoʻqoladi. Bu ssenariy endi nazariy xavf emas. Sirdaryo va Amudaryoning yuqori oqimi hududlarida bu jarayon allaqachon boshlangan va muzliklarning uchdan bir qismi yoʻqolgan. Fargʻona vodiysida dehqonlar suv navbatini kutib, ertadan kechgacha qanal boshida oʻtiradi, Qashqadaryoda ayrim yillari sugʻorish mavsumi qiyin kechadi.

Atmosfera sifati masalasi ham keskin. Markaziy Osiyodagi Toshkent, Olmaota, Bishkek havo sifati pastligi indeksi boʻyicha dunyo shaharlari reytingiga tez-tez kirib qoladi. Bu indeks kimyoviy laboratoriya oʻlchovlari, tibbiy statistika va transport tahlili asosida tuziladi. Nafas tizimi kasalliklari, bolalarda astma tarqalishi, ishchi yoshidagi aholida nafas yoʻllari shikastlanishi poliklinika statistikasida yashiringan.

Chang va tuz boʻronlarini alohida aytish zarur. Orol dengizi qurishi bilan uning tubida yillar davomida yigʻilgan kimyoviy oʻgʻitlar va pestitsidlarni singdirgan zaharli tuzlar atmosferaga koʻtarildi. Har yili millionlab tonnagacha shunday zaharli chang havoga koʻtariladi va shamol uni yuzlab kilometrga tarqatadi.

Mintaqaviy muammolar kesishuvi

Iqlim oʻzgarishi mantigʻi bilan qaraganda, “falon mamlakat koʻproq zarar koʻrdi” yoki “falon mamlakat koʻproq aybdor” deb aytish osondir, ammo Markaziy Osiyoda reallik bosh­qacha. Bu yerda besh mamlakatning ekologik taqdiri bittagina gidrologik tizim, yaʼni Amudaryo va Sirdaryo havzasi orqali chambarchas bogʻlangan.

Tojikiston va Qirgʻiziston togʻ muzlik­lari eriydigan boshlangʻich nuqtani nazorat qiladi, ammo suv pastga oqadi. Oʻzbekiston va Turkmaniston suvning yirik isteʼmolchilari, ammo suv manbalari ular ixtiyorida emas. Qozogʻiston geosiyosiy va iqlim jihatidan keng hudud, uning choʻllanayotgan dashtlari va sanoat chiqindilari masalasi bor. Mana shu besh mamlakat yaxlit tizim sifatida ish tutmasa nima boʻladi? Bir davlat irrigatsiya samaradorligini oshirsa-yu, ikkinchisi oʻz kanallarini kengaytirishni boshlasa, bir mamlakat sanoatni tozalasa, qoʻshnisi issiqxona gazlari normasini eʼtibordan qoldirsa, umumiy natija nolga teng boʻlmaydimi? Iqtisodchilar bunday vaziyatni “mahalliy optimallashtirishdan umumiy zararga” deb ataydi. Yaʼni har bir davlat oʻzi uchun toʻgʻri qaror qabul qiladi. Ammo umumiy natijasi hammaga zarar beradi. Markaziy Osiyoda aynan shu mantiq ishga tushmasligining asosiy yagona yechimi umumiy standart, umumiy mexanizm va umumiy javobgarlikdir.

Oʻzbekiston rahbari tomonidan Ostonada taqdim etilgan tashabbuslar aynan shu nuqtaga yoʻnaltirilgan.

“Markaziy Osiyoning toza havosi” konsorsiumi

Ostonada “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini tuzish taklif qilindi. Konsorsium havoni ifloslash manbalarini aniqlash, mintaqaviy ­yagona monitoring tizimini yoʻlga qoʻyish, ­sanoat obyektlarini modernizatsiyalashda “yashil” moliyalashtirishni birgalikda bosh­qarish uchun vazifa oladi. Bu mintaqa mamlakatlari havo sifati masalasida yakka-yakka ish tutish oʻrniga, yagona platformada va yagona standart asosida ishlashining birinchi marta rasmiy tilga olinishi boʻldi.

Toshkent, Olmaota, Bishkekda qish kunlari “havo ifloslanishi yuqori” boʻlishi normal holga aylanib ulgurdi. Atrof-muhit mutaxassislari bu ahvolning uch asosiy sababini aytadi. Yaʼni isitish mavsumida koʻmir va maishiy yoqilgʻi yoqish, oʻtgan asrning 90-yillar standartidagi eskirgan transport parki va ishlab chiqarish korxonalarida tozalash infratuzilmasi zaifligi.

Muammoning oʻziga xos bir jihati shundaki, havo ifloslanishining qiyosiy tahlili uchun maʼlumot toʻplash va oʻlchashning mintaqaviy tizimi mavjud emas. Qozogʻistonda yirik shaharlarda avtomatik stansiyalar bor, Oʻzbekistonda tizim kengayyapti, lekin Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmanistonda oʻlchov stansiyalari kamchil. Natijada baʼzi hududlardagi havo ifloslanishi rayosat bayonotlarda muammo oʻlaroq tan olinsa-da, aniq raqamlar yigʻilmaydi. Qiyoslashga yaraydigan umummintaqaviy maʼlumot yoʻq, demak, umumiy choralar ishlab chiqish uchun asos ham yoʻq.

Shunday ekan, konsorsium tuzish taklifi, avvalo, shu tafovutni bartaraf etishga qaratilgan. Yagona monitoring tarmogʻi, yagona metodologiya va yagona maʼlumotlar bazasi mamlakatlar oʻrtasidagi havo sifatini qiyos­lash va ortiqcha chiqindi chiqaruvchi obyektlarni birgalikda identifikatsiya qilish imkonini beradi.

Ikkinchi muhim jihat. Yashil iqlim jamgʻarmasi (GCF) yoki Global ekologiya fondi (GEF) kabi xalqaro iqlim institutlari bilan mamlakatlar hozir alohida-alohida muzokara qiladi. Yagona konsorsium orqali bitta muzokara, bitta hujjat, bitta ijro va natijani kuzatish tizimi yaratilishi mumkin.

Bugungi kunda havoni ifloslantiruvchi obyekt sanoat zonasi boʻladimi, issiqlik stansiyasi yoki katta transport tuguni boʻladimi, koʻpincha davlat chegarasi yaqinida joylashgan. Ammo oʻlchov tizimi faqat oʻz hududida ishlaydi. Fikrimizcha, Markaziy Osiyoning chegaradosh hududlaridagi avtomatik stansiyalar tarmogʻi yagona onlayn platformaga ulansa, har bir mamlakat oʻzi va qoʻshnisining havo holatini real vaqtda koʻra oladi. Maʼlumotlar jurnalistlar, tibbiy mutaxassislar va fuqarolar uchun ochiq eʼlon qilinsa, jamoatchilik nazorati mexanizmi paydo boʻladi.

Tan olish kerak, tozalash tizimi oʻrnatish biznes uchun ortiqcha xarajat. Shunday ekan, majburiyatsiz hech kim bu xarajatni qilishni istamaydi. Ammo iqtisodiy ragʻbat majburiyatdan yaxshiroq ishlaydi. Agar konsorsium mintaqa mamlakatlarida bir xil tarzda tozalash tizimi oʻrnatgan korxonaga soliq imtiyozi, eksport imtiyozi yoki arzon kredit kabi mexanizmlarni joriy etsa, biznes ixtiyoriy ravishda “yashil” yoʻnalishga buriladi.

Markaziy Osiyoda havo ifloslanishining katta qismi transport tufayli vujudga keladi. Shaharda yuradigan avtobuslar, yuk mashinalari, eskirgan xususiy avtomobillar koʻpincha “Yevro-1” yoki “Yevro-2” standartidan ancha past. Baʼzi mamlakatlar 2030-yilgacha “Yevro-4” standartiga oʻtishni ­rejalashtirgan boʻlsa, boshqalari hali aniq jadval ham qilmagan. Konsorsium umumiy mintaqaviy standart belgilashi, masalan, 2028-yildan faqat “Yevro-4” va undan yuqori standartli transport vositalariga ruxsat berish, 2032-yilga borib, umumiy parkda quyi standartli transportni cheklash va ushbu jadvalga rioya etishni birga nazorat qilsa, natija sezilarli boʻlardi.

Choʻllanishga qarshi markazga mintaqaviy maqom berish nima uchun muhim?

Choʻllanish sekin kechadigan, koʻrinmas, ammo tizimli jarayon. U tuproqning yuza qatlamini eroziya orqali olib ketadi, oʻtloqlarni yemirib, yer osti suv sathini pasaytiradi, hosildorlikni yil sayin kamaytirib boradi. Masalan, Orol dengizi atrofidagi yerlarda tuproq shoʻrlanishi natijasida 1 gektardan olinadigan hosil oʻrtacha 30-40 foiz kamaygan. Bu faqat agrar koʻrsatkich emas, u iqtisodiy va ijtimoiy koʻrsatkich.

Mintaqada yerni tiklash tajribasi asrlar davomida mavjud. Ammo u tarqoq va umumlashtirilmagan. Bir yerda daraxt ekiladi va yaylov tiklanadi, ammo bu tajriba qoʻshni hududga tarqalmaydi. Markaz mintaqaviy maqom olsa, bu tajribalarni toʻplash, tahlil qilish va standartlashtirishga masʼul boʻladi. Nigeriya, Efiopiya va Pokiston tajribasi koʻrsatadiki, rotatsion yaylovchilik va daraxt ekish orqali 5-8 yilda degradatsiyalangan yerlar tiklanishi mumkin. Markaziy Osiyoda ham ana shunday salohiyat bor. Faqat umumiy metodologiya va birgalikdagi kuch ­zarur.

“Yashil” savdo yoʻlagi zarurati

Markaziy Osiyo “yashil” savdo yoʻlagi — “yashil” texnologiyalar va ekologik toza mahsulotlar uchun mintaqa ichida imtiyozli bojxona tartiboti belgilash va ushbu mahsulotlarning sertifikatlarini barcha besh mamlakat oʻrtasida oʻzaro tan olish ­tizimini yaratish taklifi ilgari surildi. Maqsad — mintaqadagi korxonalarni “yashil” ishlab chiqarishga real iqtisodiy ragʻbat orqali undash va mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish.

Masalan, Yevropa Ittifoqi 2026-yildan boshlab uglerod sarfi chegarasi (CBAM) mexanizmini ishga tushirdi. Agar YEIga eksport qilinayotgan metall, sement, alyuminiy, oʻgʻit, elektr energiyasi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilayotganda belgilangan chegaradan ortiq uglerod gazlari chiqarilgan boʻlsa, importyor normadagi farqni soliq sifatida toʻlaydi. Oddiy qilib aytganda, Markaziy Osiyo korxonasi “iflos” texnologiya bilan mahsulot ishlab chiqarib Yevropaga sotgandagi narxiga qoʻshimcha CBAM soligʻi qoʻshiladi. Bu mahsulot narxini oshirishi mumkin va natijada Yevropa xaridori boshqa “tozaroq” ishlab chiqaruvchini tanlaydi. Mintaqa mamlakatlari CBAMni hozirdan jiddiy qabul qilmasa, 5-10 yil ichida YEI bilan savdoda bozor ulushi yoʻqotilishi mumkin.

Ikkinchidan, ichki bozorni unutib boʻlmaydi. Agar mintaqa ichida “yashil” mahsulotga imtiyoz berilmasa, ishlab chiqaruvchi nima uchun yangi texnologiyaga investitsiya qilsin? U bozorda hech qanday ustunlik olmaydi. Ammo agar “yashil” sertifikatli mahsulot mintaqa ichida imtiyozli boj stavkasidan oʻtsa, davlat xaridlarida ustunlik olsa yoki ijtimoiy reklama orqali nufuzi oshsa, biznes oʻzini “yashil” tomonga uradi. Bunga davlat majburlovi orqali erishish nihoyatda qiyin. Chunki nazorat xarajatlari yuqori, ijro kafolatlanmagan. Bozor ragʻbati esa ijro mexanizmini biznesning oʻziga yuklaydi va  davlat faqat oʻyin qoidasini belgilaydi.

Uchinchidan, bugun “yashil” texnologiyalar, quyosh panellari, shamol turbinalari, elektromobil batareyalari ishlab chiqarishda hech bir davlat Xitoy bilan raqobatlasha olmaydi. Markaziy Osiyo Xitoyga yaqin joylashgan ekan, u yerdan keladigan ushbu texnologiyalar uchun umumiy tender, import kanali, narx muzokarasi imkoni mavjud. Bu texnologiyalarni mamlakatlar alohida-­alohida xarid qilsa, kichik mijoz boʻladi. Birlashib xarid qilinsa, mamlakat emas, bozor maqomiga chiqadi va katta narx chegirmalariga yoʻl ochiladi.

Hozir mintaqa mamlakatlarida “ekologik toza mahsulot” tushunchasi turlicha talqin etiladi. Qozogʻistonda berilgan sertifikat Oʻzbekistonda tan olinmaydi, Oʻzbekiston tasdiqlagani Qirgʻizistonda ishlamaydi. Yagona mintaqaviy sertifikat esa arzonroq va tijorat jihatidan ancha jozibali emasmi? Bu tizim ISO 14001 va Yevropa muqobiliga muvofiq tuzilsa, xalqaro xaridorlar uchun ham tushunarli boʻladi va Yevropa bozoriga kirish imkonini oshirish uchun ishonchli asos vazifasini oʻtaydi.

Kichik ishlab chiqaruvchi uchun eng katta muammolardan biri maʼlumot topishdir. U qaysi texnologiyalar mavjudligini, narxini, kim subsidiya berishini, qay tartibda soliq imtiyozi olishni koʻpincha bilmaydi. Mamlakatlar oʻrtasida umumiy onlayn platforma yaratilib, mahsulot katalogi, moliya­lashtirish bazasi, maslahat xizmati shakllantirilsa, turgan gapki, kichik biznesning “yashil” texnologiyani qabul qilish tezligi oshadi. Masalan, Yevropadagi Enterprise Europe Network kichik korxonalarni “yashil” innovatsiyalar bilan bogʻlash uchun ishlaydi. Markaziy Osiyo uchun ana shunday umummintaqaviy maslahat tizimi lozim.

Iqlim loyihalari uchun yagona investitsiya portfeli

Forumda yana bir muhim tashabbus — Markaziy Osiyo iqlim loyihalarini tarqoq tashabbuslar emas, yagona strategik inves­titsiya portfeli tarzida shakllantirish taklif qilindi. Butun mintaqaning barqaror rivoj­lanishga oid kichik yoki yirik loyihalari yaxlit hujjatda jamlanadi, ustuvorlik tartibi belgilanadi va xalqaro investorlar, fondlar bilan aynan shu portfel orqali ishlanadi. Maqsad — moliyaviy jozibadorlikni oshirish, xalqaro yordamni mintaqaning ustuvor ehtiyojlariga toʻliq muvofiqlashtirish.

Bugungi tizim shundayki, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Tojikiston har biri oʻzi uchun iqlim loyihasini tayyorlaydi. Xalqaro moliya institutlari har bir mamlakat bilan alohida muzokara oʻtkazadi. Har bir muzokara oʻz hujjatlarini, oʻz tizimini, oʻz vaqt jadvalini talab qiladi. Natijada loyihalari kechikadi, mablagʻ kamroq ajratiladi.

Muammoning yana bir tomoni — loyihalar orasida ustuvor tartib yoʻqligi. Baʼzi mamlakatlar bir vaqtning oʻzida oʻn yoki undan ortiq iqlim loyihasini moliyalashtirish uchun muayyan xalqaro manbaga murojaat qilayotgan boʻladi. Ammo ushbu loyihalarning bir qismi chala ishlab chiqilgan, boshqasida aniq audit mexanizmi yoʻq, uchinchisida ijro jadvali koʻrsatilmagan. Xalqaro investor nima koʻradi? Tizimsiz, tasdiqlanmagan, formatlari muvofiqlashtirilmagan loyihalar toʻplami. Bunday yondashuv bilan moliyaviy yordam olish qiyin.

Bunda aynan yagona investitsiya portfeli muammoning tizimli yechimi boʻla oladi. U, avvalo, yagona baholash mezonini belgilab, qaysi loyiha ustuvor, nima uchun, qanday mezon asosida kabi savollarga javob beradi. Investor bilan “besh mamlakat bir portfel” sifatida murojaat qilish samaraliroq. Zero, moliya bozorida umumiy qoida bor. Yirik va shaffof biznes kichik va tarqoq biznesdan arzonroq kredit oladi. Mintaqa uchun ham shu mantiq ishlaydi.

Orol tarix emas, davom etayotgan hodisa

Orol dengizi qurishi jahon tarixidagi eng katta ekologik falokatlardan biri sifatida hatto maktab darsliklariga kirib ulgurgan. Ammo darslik misoli odatda oʻtmishni tasvirlaydi. Falokat 1960-1970-yillarda boshlangan, ammo u hali tugamagan, uning oqibatlari bugun ham davom etyapti va ayrim jihatlardan kuchayyapti.

Dengiz oʻrnida paydo boʻlgan choʻl har yili millionlab tonnagacha tuz, chang va zaharli moddalarni atmosferaga koʻtaradi. Bu chang sovet davrida sugʻorish deltasiga singib ketgan pestitsid va kimyoviy moddalar bilan toʻyingan. U shamol bilan 500-600 kilometr masofaga tarqaladi va Oʻzbekiston, Qozogʻis­ton, Turkmanistonni qamrab oladi.

OQXJ taʼsischi davlatlari rahbarlarining Ostonada oʻtkazilgan majlisida ushbu reallik tan olindi. Jamgʻarma 1993-yilda, Orol inqirozi avj pallasida taʼsis etilgan va u Markaziy Osiyodagi eng uzoq yashagan mintaqaviy ekologik tuzilma. 30 yildan ortiq vaqt ichida OQXJ doirasida 34 ta suv tejash infratuzilmasi, Orol atrofida oʻrmon ekish, yerni tiklash kabi mintaqaviy loyihalar ishlab chiqilgan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda irrigatsiya tizimini modernizatsiyalash boʻyicha qilingan ishlar aniq natija bera boshladi. Hozir irrigatsiyadagi samaradorlik oshishi orqali yiliga 10 milliard kub metrdan ortiq suv tejalayotgani aytildi. 2030-yilga borib bu koʻrsatkich 15 milliard kub metrni tashkil etishi moʻljallangan.

Kelasi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi raisligi Oʻzbekistonga oʻtadi. Bu raislikni koʻp narsa sifatida koʻrish mumkin — diplomatik yutuq, mintaqaviy nufuz koʻrsatkichi, yana bir rasmiy maqom. Ammo pragmatik jihatdan u, avvalo, masʼuliyat ekani Oʻzbekiston rahbari tomonidan alohida taʼkidlandi.

“Kelajak suvi”

Majlisda suvga ehtiyotkor munosabat madaniyatini tiklash uchun “Kelajak suvi” dasturini rivojlantirish aytildi. Bu iboraning ortida aslida jiddiy gʻoya bor. Markaziy Osiyo xalqlari tarixan suvni asrab-avaylashni juda yaxshi bilgan. Xorazm sugʻorish tizimi, Fargʻona vodiysidagi suv ulashish anʼanalari, Samarqand ariqlari —
bularning hammasi mintaqada suv menej­mentining asriy tajribasini koʻrsatadi. Sovet davrining “koʻp suv — koʻp paxta” siyosati ushbu madaniyatni buzdi, suv davlatniki, tejash befoyda deb hisoblandi.

“Kelajak suvi” dasturi maktablarda suv tejash haqida aniq bilim berish, mahalliy va qishloq suv tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash, jamoa darajasida suv auditi oʻtkazish kabilarni nazarda tutadi. Bu choralar texnik yechimlardan koʻra kamroq “zararli” koʻrinadi. Ammo ijtimoiy norma oʻzgarsa, odamlar suvni tejashni shaxsiy masʼuliyat deb his etsa, texnik tizimlar ham koʻproq samara beradi. Madaniy va texnik yondashuv bir-birini kuchaytiradi.

Yoshlar, taʼlim va kelajakka nigoh

Ostonada 2027-yilda Oʻzbekistonda Jahon yoshlar iqlim forumini oʻtkazish taklifi berildi. Shu oʻrinda yana bir masala — umumtaʼlim maktablarida iqlim va barqaror rivojlanish mavzularini oʻquv rejasiga kiritilishi ham kun tartibiga chiqadi.

Ostona tashabbuslarini amalga oshirish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiyani boshqarish, choʻllanishga qarshi kurashish, “yashil” biznes tuzish uchun zarur boʻlgan avlod hozir maktabda oʻqiyapti. Ushbu bolalar 2035-2040-yillarda muhandis, agronom, moliyachi, siyosatchi boʻlib yetishadi. Ularning iqlim savodxonligi, ekologiya haqida aniq bilimi, barqaror rivojlanish haqida tanqidiy fikrlash qobiliyati bugun berilayotgan taʼlim orqali shakllanadi.

Finlyandiya 2000-yillar boshida “barqaror rivojlanish”ni maktab oʻquv rejasiga integratsiya qildi. Nafaqat alohida fan sifatida, balki har bir fan ichida tafakkur metodi sifatida. Janubiy Koreya ham shu yoʻlni tutdi. Natijada ushbu mamlakatlarda “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish jarayoni boshqa mamlakatlardagidan ancha osonroq kechdi. Chunki yoshlar oʻsha tilni, oʻsha mantiqni va oʻsha mezonni maktabdan bilib chiqqan. Markaziy Osiyo uchun bu tajriba taʼlim vazirliklari kun tartibiga kirishi lozim boʻlgan masala.

Hisob-kitob vaqti

Oʻzbekiston Prezidentining Samarqandda aytilgan fikriga qaytaylik. Tabiatni avlodlardan qarzga olyapmiz. Qarzdor boʻlish ayb emas, agar qarz tan olinsa. Ostonada koʻtarilgan “Toza havo” konsorsiumi, Choʻllanishga qarshi markazga mintaqaviy maqom berish, “Yashil savdo yoʻlagi” va yagona inves­titsiya portfeli kabi tashabbuslar ana shu qarzni tan olishning tizimli ifodasidir. Undan tashqari, OQXJ islohotlari, “Kelajak suvi” dasturi — barchasi birgalikda Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishga real yondashayotganini koʻrsatadi.

Muz kutmaydi. Tuproq kutmaydi. Orol atrofidagi aholi ham kutmaydi. Agar Oʻzbekiston rahbari tashabbuslariga jiddiy yondashilsa, ular nafaqat Markaziy Osiyo, balki oʻxshash iqtisodiy va ekologik vaziyatdagi boshqa mintaqalar uchun ham oʻrnak boʻlishi mumkin. Chunki suv, havo va yer chegara bilmaydi va har birimizdan bir kun hisob soʻraydi.

Oʻktamjon TILAVOV,

Professor