Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash koʻlami kengayib, subsidiyalarni ajratish jarayonlari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Joriy yilda sohadagi subsidiyalar soni 29 ta yoʻnalish va 91 ta turga yetkazilib, bu maqsadlarga 2,7 trillion soʻm mablagʻ koʻzda tutilgan. Qator yoʻnalishlarda arizalar proaktiv shakllantirilib, toʻlov muddatlari sezilarli qisqartirildi.
Taqdimotda endi subsidiyalarni shunchaki xarajatni qoplashga emas, balki aniq natijaga bogʻlash zarurligi taʼkidlandi. Kelgusi yildan “mablagʻ ajratish” modelidan “natijaviy subsidiya” modeliga bosqichma-bosqich oʻtish taklif qilindi.
Yangi tizimda hosildorlik, suv hamda energiya tejamkorligi, sarflangan resurslar evaziga olingan mahsulot hajmi asosiy mezon boʻladi. Barcha maʼlumotlar tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan inson omilisiz olinadi. Har bir subsidiya oluvchining elektron pasporti shakllantirilib, natijalar onlayn kuzatib boriladi.
Dastlab ushbu mexanizm suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish yoʻnalishida sinovdan oʻtkaziladi. Subsidiya ajratilgandan keyin ikki-uch yil davomida suv sarfi, hosildorlik va suv unumdorligi baholanadi. Belgilangan koʻrsatkichlar bajarilmasa, subsidiya mablagʻini qaytarish mexanizmi qoʻllaniladi. Bu davlat mablagʻlarining manzilli va samarali sarflanishini taʼminlaydi.
Taqdimotda qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda “Agrosafe” axborot tizimi orqali elektron ariza berishdan tortib, shartnoma va polisni rasmiylashtirish, monitoring, ekspertiza hamda tovon pulini toʻlashgacha boʻlgan jarayonlar raqamlashtirilgan.
Sugʻurta qamrovini kengaytirib, bogʻ va uzumzorlardagi koʻchat va daraxtlar, import qilingan chorva hamda tasodifiy hodisalar bilan bogʻliq xavflarni ham sugʻurtalash rejalashtirilgan. Shuningdek, chorvachilik, polizchilik, kartoshka va piyoz yetishtirish uchun yangi sugʻurta mahsulotlari joriy etiladi.
2027-yilda 45 mingta qishloq xoʻjaligi korxonasini sugʻurta bilan qamrab olish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sugʻurta qamrovini 60 foizga yetkazish, 500 nafar mustaqil ekspert tayyorlash hamda sugʻurta xizmatlarini toʻliq raqamlashtirish maqsad qilingan.
Yangi yondashuvda zarar oqibatlarini qoplash bilan birga xavflarning oldini olishga ham ustuvor ahamiyat beriladi. Sugʻurta mukofotining 3-5 foizini maxsus jamgʻarmada shakllantirib, chorvachilikda vaksinatsiya, profilaktika va veterinariya xizmatlariga, paxta va gʻallachilikda biologik himoya tadbirlariga, bogʻdorchilik va uzumchilikda esa tabiiy ofatlardan himoya vositalarini oʻrnatishga yoʻnaltirish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari subsidiya va sugʻurta tizimlari, eng avvalo, fermer uchun sodda va qulay boʻlishi, davlat mablagʻlari aniq natijaga xizmat qilishi zarurligini taʼkidladi. Jarayonlarda inson omilini qisqartirish, shaffoflikni taʼminlash, sugʻurta hodisalarini adolatli baholash va tovon pullarini tezkor toʻlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Mutasaddilarga bildirilgan takliflarni takomillashtirib, tegishli huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritish vazifasi qoʻyildi.