Qozog‘istonning «Yo‘lovchi tashish» AJ shu yilning 1 oktabridan boshlab Olmaota — Toshkent yo‘nalishida «Ayollar vagoni» xizmatini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda “24kz” xabar berdi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qaror Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ushbu xalqaro yo‘nalishga talab yuqoriligi va yo‘lovchilar oqimi oshib borayotgani munosabati bilan qabul qilingan.
Qayd etilishicha, «Ayollar vagoni» xizmati Qozog‘iston ichki temir yo‘l yo‘nalishlarida ham talabgir bo‘lib, u joriy etilganidan buyon 946 ming nafardan ortiq yo‘lovchi ushbu xizmatdan foydalangan.
Hozirda Olmaota — Toshkent poezdi har kuni qatnaydi. Poezd Almati stansiyasidan 19:05 da jo‘nab, Toshkentga 12:53 da yetib keladi. Toshkentdan esa 14:41 da jo‘nab, Almatiga 08:51 da yetib boradi.
Yangi vagonning ishga tushirilishi bilan «Ayollar vagoni» xizmati mavjud bo‘lgan temir yo‘l yo‘nalishlari soni 14 taga yetadi. Ular orasida Almati — Toshkent xalqaro yo‘nalishi ham bor.
«Ayollar vagoni»da katta yoshdagilar hamrohligida 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning ham harakatlanishiga ruxsat beriladi. Bunday vagonlarga chiptalar faqat ayollar uchun sotiladi va yo‘lovchilarga faqat ayol kuzatuvchilar xizmat ko‘rsatadi.
Chipta rasmiylashtirilayotganda «JN» belgisi o‘rin «Ayollar vagoni»ga tegishli ekanini anglatadi.
Chiptalar poezd jo‘nashidan 45 kun oldin savdoga chiqariladi.