“Temur tuzuklari” asarida aks etgan qat’iyat, adolatparvarlik, ilmga hurmat, intizom va mas’uliyat kabi fazilatlar har bir yosh uchun o‘ziga xos ibrat maktabidir. Shu bois, sohibqironning siyosiy faoliyati va shaxsiy fazilatlarini chuqurroq anglash maqsadida Amir Temur hayoti va davlatchilik tajribasini tadqiq etgan siyosatshunos olim, professor To‘lqin Alimardonov bilan suhbat uyushtirdik.

— Yoshlar orasida liderlik qobiliyatini rivojlantirish uchun Amir Temur tajribasidan nimalarni o‘rganishimiz kerak?

— Eng avvalo, mas’uliyat va majburiyatni o‘z bo‘yniga olish, intizomli bo‘lish muhim. Shuningdek, muhabbat va sadoqat — ya’ni inson o‘zi anglagan, o‘zi ishongan va e’tiqod qilgan g‘oyasiga sadoqatli bo‘lishi lozim. Sadoqatga erishish uchun intizom, qat’iyat va shijoat zarur. Ana shu sifatlari bilan Amir Temur siyosiy va tarixiy maydonga kirib kelgan.

Amir Temur siyosatda intizom va mas’uliyatga katta ahamiyat bergan. Bu fazilatlar yoshlar uchun ham juda muhim. Chunki intizom va mas’uliyat insonning oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishiga, komillikka intilishiga xizmat qiladigan asosiy omillardan hisoblanadi. Faqat istak va xohishning o‘zi yetarli emas — maqsadga faqat irodali, o‘zini ayrim ehtiyojlardan tiya oladigan shaxslargina yeta oladi.

— Sizningcha, bugungi yoshlarda ushbu sifatlar yetarlimi?

— Bu degani yoshlarda bu sifatlar yo‘q degani emas. Aksincha, bugun yoshlarimiz katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Jahon miqyosida sportda, fan sohasida, shaxmat va boshqa yo‘nalishlarda chempion bo‘layotgan yoshlarimiz bor. Bu esa yoshlarimizda temuriylarga xos fazilatlar mavjudligidan dalolat beradi. Jamiyat sifatida biz bu yutuqlarni qo‘llab-quvvatlashimiz va yanada rivojlantirishimiz lozim.

— Milliy o‘zlikni shakllantirishda Amir Temur obrazi qanday rol o‘ynaydi?

— Amir Temur bobomiz avvalo o‘zidan oldingi qadriyatlar, tarix va merosga hurmat bilan qaragan shaxs edi. U milliy-ma’naviy fazilatlarga tayangan holda faoliyat yuritgan.

Inson har doim o‘z ideallari bilan yashashi kerak. Biz ko‘pincha chet el qahramonlarini ideal qilamiz, ammo o‘z tariximizda ham buyuk shaxslar bor. Bizning ideallarimiz Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Nodirabegim kabi bashariyatga xizmat qilgan ulug‘ insonlar bo‘lishi kerak.

Ularning merosi va ruhi bilan yashagan inson haqiqiy baxtni anglaydi. Bugun temuriylar maktabini rivojlantirishdan maqsad ham farzandlarimizni ana shunday buyuk shaxslar siymosida tarbiyalashdir.

Biz ham Amir Temur qoldirgan buyuk merosga amal qilib yashasak, milliy tuyg‘ularimiz mustahkamlanadi va kelajakka ishonchimiz ortadi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash — jamiyat taraqqiyotining poydevori, xalqning ertangi istiqbolini belgilovchi muhim ijtimoiy-ma’naviy jarayondir. Amir Temurning boy ma’naviy merosi, ayniqsa “Temur tuzuklari” asari yosh avlodni vatanparvarlik, intizom, fidoyilik, adolat va bilimga chanqoqlik ruhida tarbiyalashda bebaho manba bo‘lib xizmat qiladi.

Darhaqiqat Amir Temur o‘zining 69 yillik umri davomida nafaqat davlat arbobi, siyosatchi balki yoshlarga jasorat ramzi bulib ham namoyon bulgan siymodir. Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz joizki jamiyat taraqqiyoti avvalo insonning o‘zini anglashi, o‘z zimmasiga mas’uliyat olishi va maqsad sari ongli ravishda intilishi bilan bog‘liq. Liderlik — bu tug‘ma sifat emas, balki intizom, sadoqat va qat’iyat orqali shakllanadigan insoniy fazilatdir. Amir Temur hayoti misolida korinadiki, buyuklik tashqi sharoit emas, balki insonning ichki irodasi, ishonchi va o‘z g‘oyasiga sodiqligi natijasida yuzaga keladi.

Bugungi yoshlarda ham ana shu imkoniyat va salohiyat mavjud. Eng muhimi — ular o‘z tarixini anglab, milliy qadriyatlarga tayana olsa, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari yo‘lida sabr va mas’uliyat bilan harakat qilsa, jamiyatning ertangi kuni yanada mustahkam bo‘ladi. Zero, kuchli jamiyatni avvalo ma’naviy barkamol, o‘zligini anglagan va ishonch bilan yashaydigan insonlar barpo etadi.

Madina Botirjonova