Tektonik plitalar chegaralaridan uzoq joylashgan hudud uchun bunday seysmik faollik juda kam uchraydigan va noodatiy hodisa hisoblanadi.

Tadqiqot natijalari Science jurnalida e’lon qilindi.

Tahlil 49 ta seysmik stansiyadan to‘plangan ma’lumotlarga asoslandi. Transfer o‘qitish usulidan foydalanuvchi sun’iy intellekt algoritmi birlamchi (P) va ikkilamchi (S) to‘lqinlarni ajrata oldi, bu esa zilzilalar o‘chog‘ini aniq belgilash imkonini berdi. Qayd etilgan zilzilalarning magnitudasi 1,6 dan 3,5 gacha bo‘lgan.

“Plitalar ichida sodir bo‘ladigan o‘rtacha chuqurlikdagi zilzilalarni tushuntirish juda qiyin. Chunki yuqori mantiyadagi yuqori harorat va bosim sharoitida tog‘ jinslarining mo‘rt tarzda yorilishi kamdan-kam uchraydi”, — deydi tadqiqot mualliflari.

Olimlar fikriga ko‘ra, buning ehtimoliy sababi hududning geologik tuzilishi xususiyatlari bilan bog‘liq. Sharqiy Antarktidaning sovuq va qalin plitasi hamda G‘arbiy Antarktidaning nisbatan yupqaroq va iliqroq plitasi o‘rtasidagi chegara yuqori kuchlanish hududlarini shakllantirishi mumkin. Shuningdek, yuqoridan muz qatlamining bosimi va pastdan kelayotgan issiq mantiya oqimlarining ta’siri katta chuqurlikda yoriqlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, deb xabar berdi Kazinform.

Biroq qayd etilgan barcha seysmik hodisalar nima uchun aynan David muzligi ostida to‘plangani hozircha noma’lum. Chunki shunga o‘xshash geologik sharoitlar Transantarktika tog‘larining boshqa qismlarida ham uchraydi. Olimlar bu yerda qo‘shimcha mahalliy omillar ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.