Mazkur sport turining tarixiy ildizi nihoyatda qadimga borib taqaladi. Arxeologik tadqiqotlar Markaziy Osiyo, jumladan, Oʻzbekiston hududida aql oʻyini ilgaridan mavjud boʻlganini koʻrsatadi. Jumladan, 1990-yili Afrosiyobdan fil suyagidan yasalgan yettita sipohning topilgani, Dalvarzintepadan esa kushonlar davriga oid ikkita figura aniqlangani yurtimiz shaxmat tarixini oʻrganishda muhim burilish yasadi. Sohibqiron Amir Temur hatto jang maydonida ham shaxmat oʻynagani, saroyda muntazam shaxmat musobaqalari oʻtkazilgani, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur bu nafis oʻyin haqida gʻazallar bitgani esa zaminimizda azaldan bu sport turi qadrlab kelingani, aholi oʻrtasida keng yoyilganidan darak.

Mustabid tuzum davrida xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning ushbu sport turi bilan shugʻullanishi uchun yetarli imkon va sharoit yaratilmadi. Oʻsha davr shaxmat sohasidagi mutasaddilarining asosiy qismini boshqa millat vakillari tashkil etardi. Ularda mahalliy aholiga mensimaslik kayfiyati kuchli boʻlib, “mahalliy aholidan chempion chiqmaydi, buning uchun ularda aql-zakovat yetishmaydi” degan asossiz tasavvurda yurgani hech kimga sir emas.

Shunga qaramay, aholi orasida bu jozibali oʻyinga qiziqish soʻnmadi. Shaxmatning ashaddiy ishqibozlari tomonidan mahalla-koʻy, choyxonayu xiyobonlarda uyushtiriladigan bellashuvlar toʻxtab qolmadi. Ayniqsa, ziyoli qatlam yigʻinlari shaxmatsiz oʻtmasligini koʻpchilik eslasa kerak. Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshimov, Odil Yoqubov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev va boshqa ijodkorlar uchun shaxmat shunchaki vaqt oʻtkazish vositasi emas, balki aqlni charxlaydigan, mantiqiy fikrlashni oʻstiradigan oʻziga xos tafakkur mashqi boʻlgani koʻpchilikning yodida.

Mustaqillik esa yoshlarimiz uchun imkoniyat eshiklarini ochdi. Ularning boshqa sport turlari qatori shaxmat bilan shugʻullanishi uchun muayyan shart-sharoitlar yaratildi. Shuning samarasi oʻlaroq, 1992-yili Manila (Filippin)da oʻtkazilgan XXX shaxmat olimpiadasida Oʻzbekiston erkaklar ­terma jamoasi kumush medalni qoʻlga kiritdi. 2004-yili Tripolida oʻzbek oʻgʻloni Rustam Qosimjonov FIDE tasnifi boʻyicha jahon chempioni boʻlib, shaxmat hamjamiyatida uzoq yillardan buyon hukm surgan bemaʼni qarashlarni puchga chiqardi.

Mamlakatimiz yoshlari orasida mazkur sport turiga qiziqish kuchayib, shiddatli toʻlqin hosil qildi. Shu toʻlqin taʼsirida asrimizning ikkinchi oʻn yilligi boshlarida mamlakatimizda shaxmatchilarning oltin avlodi yetishib keldi. Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov kabi iqtidorli shaxmatchilar birin-ketin Osiyo va jahon arenalarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtara boshladi. Ammo oʻsha davrlarda davlat tomonidan shaxmatga eʼtibor sust boʻlib, shaxmatchilarning oʻz qobiliyatini namoyon etishi uchun yetarli shart-sharoit yaratilmagandi.

Yurtimizda bir yilda faqat bitta — Georgiy Aʼzamov xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnir oʻtkazilar, shaxmatchilar mahoratini oshirish uchun xorijiy davlatlardagi xalqaro musobaqalarga borishga majbur edi. Bu esa katta mablagʻ talab qilgani bois, koʻpchilikning imkoni yetmasdi. Xalqaro turnirlarda ishtirok etish, borish-kelish, yotoqxona va yeb-ichish xarajati asosan ota-onalar zimmasiga tushardi.

Kimdir bor-budini tikib, farzandini qoʻllab-quvvatlashga sarfladi. Bunga imkoni yoʻqlar esa noiloj shaxmatni ora yoʻlda tashlab ketishga majbur boʻldi. Eʼtibor sustligi, moliyaviy qoʻllab-quvvatlov yoʻqligi sabab malakali mutaxassislar va grossmeysterlarning koʻpi xorijiy davlatlarga ketib qolgani ham shaxmatchilar tayyorlashdagi jiddiy muammolardan edi. Bundan tashqari, mazkur muammolar sabab koʻpgina iqtidorli yigit-qizlarning shaxmatni tashlab ketishi sohada muayyan boʻshliqlarni keltirib chiqardi.

Keyingi oʻn yillik shaxmatimiz rivojida yangi taraqqiyot va gullab-yashnash bosqichi boʻldi. Tarixan qisqa muddatda shaxmatni rivojlantirishga oid qator qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Prezidentimizning 2018-yil 9-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatda shaxmatni ommalashtirish, bolalar va oʻsmirlarni bu sport turiga jalb etish, maktablarda shaxmat taʼlimini joriy qilish va iqtidorli yosh shaxmatchilarni aniqlash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda “Maktabda shaxmat” loyihasini kengaytirish, boshlangʻich sinf oʻquvchilarini shaxmatga oʻrgatish, iqtidorli bolalarni saralash va professional shaxmatga tayyorlash, shaxmat maktablari va klublarini tashkil etish, trenerlarni tayyorlash va malakasini oshirish, gʻolib shaxmatchilarni ragʻbatlantirish, shaxmat infratuzilmasini rivojlantirish vazifasi qoʻyildi. Qaror bilan Shaxmatni rivojlantirish davlat dasturi ham tasdiqlandi. 2023-yil 8-maydagi “2026-yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror esa mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan muhim xalqaro tadbirni yuqori saviyada tashkil etish, unda terma jamoamizning munosib ishtirokini taʼminlash masalalarini qamrab oldi.

Natijada Shaxmat federatsiyasi faoliyati tubdan yaxshilandi. Mamlakatimizda har yili oʻtkaziladigan nufuzli musobaqalar koʻpaydi. Osiyo va jahon chempionati gʻoliblarini ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shaxmatchilar va murabbiylariga bir yoʻla toʻlanadigan mukofot puli miqdori keskin oshirildi. Bu esa yosh shaxmatchilar va ota-onalarini ruhlantirib yubordi. Birgina 2025-yilda mamlakatimiz yosh shaxmatchilari jahon, Osiyo va mintaqaviy chempionatlarda jami 97 medalni qoʻlga kiritdi. Shundan 33 tasi oltin, 37 tasi kumush, 27 tasi bronza medallardir.

Soʻnggi yillarda yurtimiz sportchilari jahon shaxmat yilnomasida yangi tarix yozishda davom etmoqda. 2017-yilda Nodirbek Abdusattorov 13 yoshida, 2018-yilda Javohir Sindarov 12 yoshida oʻsha davrda dunyoning eng yosh xalqaro grossmeysteri unvoniga sazovor boʻlgan edi. Oʻsha yili yoshlarimiz butunjahon yoshlar olimpiadasida gʻolib boʻlib, dun­yoda tengsiz ekanini yana bir bor isbotladi.

Ushbu gʻoliblik silsilasi 2022-yilda bundan-da ulkan toʻlqinda qayta boʻy koʻrsatdi. Hindistonda boʻlib oʻtgan 44-jahon shaxmat olimpiadasida Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir ­Sindarov, Shamsiddin Vohidov hamda Jahongir Vohidovdan iborat terma jamoamiz chempionlikni qoʻlga kiritib, oʻzbek yoshlarining nimaga qodirligi, aql-zakovati va isteʼdodini butun dunyoga namoyon etdi. Bu esa 2026-yilgi 46-jahon olimpiadasiga Oʻzbekistonning mezbonlik qilishiga turtki boʻldi. Oltin avlod deb nom olgan yoshlarimiz zafarli yurishlarini davom ettirib, 2024-yilda Vengriyada boʻlib oʻtgan 45-jahon shaxmat olimpiadasida bronza medalga sazovor boʻldi va olimpiada chempionligi tasodif emasligini isbotladi.

2025-yil shaxmatchilarimiz uchun yanada salmoqli boʻldi. Dekabrda Hindistonning Gao shahrida boʻlib oʻtgan shaxmat boʻyicha ­jahon kubogining yarim finaliga yuzlab shaxmatchi orasidan ikki shaxmatchimiz — Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev chiqdi. Finalda Javohir xitoylik raqibini dogʻda qoldirib, jahon kubogini qoʻlga kiritdi va oʻzbek shaxmati tarixida ilk bor jahon shaxmat toji uchun nomzodlar turniriga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Nodirbek esa toʻrtinchi oʻrin bilan kifoyalandi.

Javohirning yurishlari shu bilan tugamadi. Joriy yil mart-aprel oylarida Kiprda oʻtkazilgan “Nomzodlar turniri”da muddatidan oldin chempion boʻlib, shaxmatga tegishli koʻplab rekordlarni yangiladi va jahon shaxmat toji uchun kurash huquqini qoʻlga kiritgan ilk oʻzbek shaxmatchisi sifatida oʻz nomini Vatanimiz sporti tarixiga muhrlab qoʻydi.

Xoʻsh, doʻppini bir chetga qoʻyib, nisbatan qisqa muddatda oʻzbek shaxmatchilari erishgan bu olamshumul gʻalabalar zamirida qanday omillar borligini bir oʻylab koʻraylik.

Birinchi navbatda, shaxmatchilarimiz uchun murabbiy masalasi hal etilganini aytib oʻtish lozim. Xususan, terma jamoa aʼzolari xorijlik eng malakali murabbiylar bilan taʼminlandi. Ular uchun doimiy ravishda maqsadli oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari oʻtkazib kelinmoqda.

Bir paytlar turli sabablar bilan xorijiy davlatlarga ketib qolgan shaxmatchi va murabbiylar jamoa safiga qaytarildi. Rustam Qosimjonov, Saydali Yoʻldoshev, Marat Jumayev, Gulruhbegim Tohirjonovaning yurtimizga qaytishi shaxmatchilar va murabbiylar jamoasining nufuzi oshishiga imkon berdi.

Binobarin, shaxmatchilarimizning chempionat va xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi bilan bogʻliq barcha xarajatni davlat va homiylar hisobidan qoplab berish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Sportchilarimizning moliyaviy muammolardan xalos boʻlib, oʻz ustida ishlashi, mahoratini oshirishi uchun real imkoniyat yaratildi. Terma jamoa ­aʼzolari uchun munosib stipendiyalar joriy etildi.

Bir paytlar respublikamizda bor-yoʻgʻi bittagina xalqaro turnir oʻtkazilgan boʻlsa, keyingi yillarda bunday tadbirlar soni 20 dan oshdi. Ularda ishtirok etuvchilar soni koʻpaydi. Turnirlarning qamrovi va geografiyasi kengaydi. Jumladan, shu yil Andijon shahrida oʻtkazilgan maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi respublika chempionatida 800 dan ortiq shaxmatchi ishtirok etdi. Chempionatlar kichik zallardan stadion va katta-katta sport arenalariga koʻchdi. Qatnashchilar soniga qoʻyiladigan cheklov olib tashlandi.

Shuningdek, shaxmatni oʻzlashtirish yoshi yildan yilga kichrayib, u bilan shugʻullanuvchilar safining kengayib borayotgani bois, mazmunan yangi musobaqalar tashkil etilmoqda. Jumladan, 6 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil va qiz bolalar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati, fristayl shaxmat boʻyicha respublika chempionati, yoshlar oʻrtasida jamoaviy respublika chempionatlari shular jumlasidan.

Joylarda shaxmatni rivojlantirish maqsadida chempionatlar va xalqaro turnirlarni viloyatlar, olis tumanlarda oʻtkazish amaliyoti joriy etildi. Masalan, shu yil mamlakat oliy liga chempionati Navoiy viloyati Toʻdakoʻl shaxmat maktabida, jamoaviy Oʻzbekiston chempionati Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanida koʻtarinki ruhda oʻtganini eʼtirof etish joiz.

Shaxmatchilarni tayyorlash, malakasini oshirish, nufuzli xalqaro va respublika turnirlarini tashkil etishda Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan Xalqaro shaxmat akademiyasining oʻrni muhim. 400 ga yaqin iqtidorli shaxmatchi taʼlim olayotgan, 30 dan ortiq murabbiy faoliyat yuritayotgan mazkur taʼlim muassasasi mamlakat shaxmatining tom maʼnodagi markaziga aylangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Toʻdakoʻl dam olish bazasi hududida tashkil etilgan xalqaro shaxmat maktabida esa respublika miqyosidagi musobaqalar, oʻquv-yigʻin mashgʻulotlari hamda seminarlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda.

Bugun mamlakatimizda shaxmat bilan ­ommaviy shugʻullanuvchilar 2 million 600 mingdan oshdi. Shundan 4000 nafari reytingli professional shaxmatchilardir. Mamlakatimiz mustaqillikka erishguniga qadar birgina grossmeysterimiz bor edi. Ayni paytda yurtimizda xalqaro grossmeysterlar soni 32 nafarni tashkil qiladi.

Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi 2016-yil 1-yanvar holatiga koʻra, jahonda 2488 reyting bilan 44-oʻrindan joy olgan boʻlsa, 2026-yil avgust holatiga koʻra, 2626 reyting bilan 8-oʻringa koʻtarilgan. Ayollar terma jamoasi esa 2016-yil 1-yanvar holatida 2159 reyting bilan jahonda 36-oʻrinni egallagan boʻlsa, hozir 2238 reyting bilan 20-oʻrinni egallab turibdi.

Shaxmatni ommalashtirishda “UzChess”, “Chessrum” va boshqa media loyihalarning oʻrni katta boʻlmoqda. Bir paytlar kechalari faqat futbol oʻyinlarini tomosha qilgan muxlislar bugun uxlamay shaxmat turnirlarida yurtdoshlarimizning chiqishini hayajon bilan kuzatib borayotir.

Muhimi, Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi yurtimizda shaxmatga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikka javoban oʻz oldiga qator ustuvor vazifalarni belgilab olgan. Avvalo, ommaviy shaxmatni yanada kuchaytirish masalasi. Negaki chempionlar minglab iqtidorlilar orasidagi kuchli raqobat orqali yetishib chiqadi. Bu esa, oʻz navbatida, maktablarda shaxmatni oʻqitish, musobaqalarni koʻpaytirish, shaxmat klublari faoliyatini kengaytirishni talab etadi.

Ikkinchidan, iqtidorlilarni erta aniqlash. Bolaning 5-6 yoshdayoq shaxmatga favqulodda qobiliyati borligini aniqlash va unga individual dastur asosida taʼlim berish milliy shaxmat maktabining eng muhim vazifalaridan.

Uchinchidan, murabbiylar maktabini yaratish va shaxmat boʻyicha taʼlimni maqbullashtirish. Kuchli shaxmatchi avtomatik ravishda kuchli murabbiy boʻlib qolmaydi. Chempion yetishtirish uchun shaxmat nazariyasi, bolalar psixologiyasi, zamonaviy kompyuter dasturlari va yangicha tayyorgarlik usullarini biladigan murabbiylar kerak.

Yoshlar orasida shaxmatga qiziqish geometrik progressiya tarzida oshib borayotgan bir paytda mamlakatda murabbiylar tanqisligi sezilmoqda. Maktab darsliklariga shaxmat darslari kiritilsa, murabbiylar yetishmovchiligi yanada katta muammoga aylanishi aniq. Shu sababli Xalqaro shaxmat akademiyasi negizida shaxmat institutini tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Respublikadagi sport oliy oʻquv yurtlarining shaxmat yoʻnalishi talabalari kvotasini oʻtkazish asosida tashkil etiladigan bu OTM professional shaxmatchilar yetishtirish, murabbiylar tayyorlash va malakasini oshirish, shaxmat boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishda dunyoda tengi yoʻq ilmiy-taʼlim markaziga aylanishi shubhasiz.

Toʻrtinchidan, ayollar shaxmatini kuchaytirish. Oʻzbekiston erkaklar shaxmatida jahon darajasiga koʻtarilgan boʻlsa-da, kelajakda milliy shaxmatning haqiqiy qudrati erkaklar va ayollar shaxmatining birgalikdagi taraqqiyoti bilan oʻlchanishini eʼtibordan chetda qoldirish mumkin emas.

Beshinchidan, shaxmatni taʼlim va tafakkur madaniyatiga, yoshlarni telefon va internet qaramligidan qutqarish vositasiga aylantirish. Agar shaxmat faqat medal olish vositasi boʻlib qolsa, uning imkoniyatlari cheklanadi. Shaxmat bolani oʻylash, shoshilmaslik, oqibatni oldindan koʻrish, xatosini tan olish, raqibini hurmat qilishga oʻrgatadi.

Bu yil mamlakatimiz shaxmatchilari oldida ikki muhim voqea — Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan 46-jahon shaxmat olimpiadasi (3-para shaxmat olimpiadasi) va noyabr-dekabr oylarida Jeneva shahrida boʻlib oʻtadigan Javohir Sindarov va Gukesh Dommaraju oʻrtasidagi jahon shaxmat toji uchun match turibdi. Har ikki musobaqada vakillarimiz zafar quchib, yurtimiz bayrogʻini yanada baland koʻtarishiga, Oʻzbekiston nomini jahonga yoyib, xalqimiz ishonchini oqlashiga ishonamiz.

Komil SINDAROV,

Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi raisi oʻrinbosari