Har kim o‘z bahosi, talqini, tanqidi va tahlilini bildirdi.
To‘g‘ri, har kim o‘z fikrini
erkin aytish huquqiga ega. Ammo ko‘nglimni ranjitgani malomat so‘zlari edi.
Mazammatu ta’naga to‘la postlar edi…
Shu o‘rinda masalaga boshqa
jihatdan qarashni taklif etgan bo‘lardim: mazkur o‘yinda hisob eng muhim emas.
Zotan, biz uchun ayni damda o‘g‘lonlarimizning Yevropa va Amerika futbooli bilan
tengma-teng maydonga tushayotgani — eng katta yutuq. Qolaversa, bu bahs hal
qiluvchi vaziyat ham emas. Yana xalqimizda “o‘yin boshi” degan gaplar ham bor.
Nazdimda, bugun malomat
fursati emas, balki qo‘llash, dalda berish payti. Biz esa buni davlatimiz
rahbaridan o‘rganishimiz kerak. Ayni shunga bir misol keltirsam…
2025 yil 10 iyun kuni
Oliy Majlis Senati vakili sifatida Moskvada Pushkin kitobxonligi an’anaviy
tadbirida ishtirok etdim. Kechqurun MDH davlatlari parlament a’zolari uchun Rossiya
Davlat Dumasi qabul uyushtirdi. Bordik. Xorijlik hamkasblar bilan suhbatimiz avj
oldi. Ammo xayolim Toshkentda edi. Chunki ayni vaqtda poytaxtimizda O‘zbekiston
futbooli tarixiga oltin harflar bilan yozilgan o‘yin ham bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Internet orqali o‘yinni
kuzata boshladim. Match boshlangach, maydonga shaxsan Prezidentimiz qator davlat va
hukumatlar rahbarlari bilan kirib keldi. (Shu kuni Toshkentda xalqaro investitsiya
forumi ham bo‘lib o‘tayotgandi.)
Yonimda Qozog‘iston,
Qirg‘iziston, Tojikistondan borgan qardoshlar va Turkmaniston elchixonasi mas’ul
xodimi bo‘lib, ular ham, garchi bu o‘yinga qadar jamoamiz mundialga chiqish masalasini
hal qilib qo‘ygan bo‘lsa-da, davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zi bosh bo‘lib
mehmonlarni stadionga olib kelganidan hayratda edi. Bilasizmi, o‘sha kuni bu
davraning eng baxtli odamiga, qahramoniga aylandim desam ham bo‘ladi. O‘yin 3:0
hisobida jamoamiz g‘alabasi bilan yakunlandi.
Behad shod edim.
“O‘rtoqlar, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatida qatnashadigan bo‘ldi, meni
tabriklang”, dedim g‘urur bilan. Qarsaklar va olqishlar yangradi. Yonimdagi qardosh
hamkasblarimizning ham yuzi quvonchdan porlardi. Ular uchun O‘zbekistonning bu
yutug‘i o‘zlarinikidek yoqimli, quvonchli, qalblarga g‘urur solgan xushxabar bo‘ldi.
Aytmoqchimanki, futbol
bo‘yicha terma jamoamizning har bir yutug‘i shaxsan davlatimiz rahbarining ishtiroki,
qo‘llovi, xayrixohligi bilan bog‘lanib ketganini hech kim inkor etmasa kerak.
Yaqinda futbolchilarimizni
AQShga kuzatish uchun Prezidentimiz qabulı tashkil etildi va unda davlatimiz
rahbari xalqimizning dilidagi so‘zni otalarcha mehr bilan aytdi: “Endi
futbolchilarga qarata aytmoqchiman: jahon chempionatida oson o‘yinning o‘zi
bo‘lmaydi. Sizlar Portugaliya, Kolumbiya, Kongo kabi kuchli terma jamoalarga qarshi
o‘ynaysiz. Xalqimiz har bir o‘yinda sizlardan g‘alaba kutishi tabiiy, albatta.
Lekin, bir haqiqatni doimo yodda tuting, sizlar tarixni allaqachon yaratib
bo‘ldingiz!”.
Keling, hissiyotu hayajonga
berilmay, o‘zimizga savol beraylik: bugun malomat toshini otganimizdan ne naf?
Aksincha, futbolchilarga dalda berganimiz yaxshi emasmi?!
Holbuki, ijtimoiy
tarmoqlarda qo‘shni davlatlarning minglab fuqarolari, dunyoning boshqa
mintaqalaridagi qardosh millatlar vakillarining “Biz O‘zbekiston terma jamoasiga
muhlislik qilamiz”, degan xayrixoh fikrlarini ko‘ryapmiz. Bundan g‘ururga
to‘lyapmiz.
Biz aynan o‘zbek
futbolchilari bahonasida qardoshlarimiz bilan yanada yaqinlashmoqdamiz,
birlashmoqdamiz.
Mana o‘g‘lonlarimizning
futboldan, undagi erishilajak g‘alabadan-da ahamiyati baland bo‘lgan yutug‘i! Shunday
emasmi?
Yana bir gap. 23 iyun kuni
bo‘ladigan o‘yinda afsonaviy Krishtianu Ronaldu maydonga tushadi. Uning jamoasiga
qarshi bizning mard va jasur o‘g‘lonlarimiz to‘p suradi. O‘sha maydonda esa yuz
millionlab odam ko‘z o‘ngida O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turadi. Yana o‘sha kuni
Abduqodir Husановni taniydigan millionlab muhlislar bu irodali va jasur
o‘g‘lonning asli qaysi millat farzandi ekanini ko‘radi, uni yanada yaqinroq taniydi.
Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullaevning yana yuz minglab ishqibozi ham aynan bizning
terma jamoamizga muhlis bo‘lishi tayin.
Aminmanki, Husанов,
Shomurodovlar sabab jahon chempionatida terma jamoamiz o‘yinini ko‘plab seleksiyachi
murabbiylar ham jiddiy kuzatadi, yosh yigitlarimiz orasida kashf etiladiganlari
ham topiladi. Mana, yurtimiz futbooli uchun, Vatanimizning dunyo sahnidagi nufuzi
uchun qanday muhim bu jarayon!
So‘zim avvalida
aytganimdek, bugungi futbolda biz uchun, millat uchun nima muhimligini yana bir
bor tushunib olaylik. Shunday paytda biz uchun muhimi jamoamizni ruhan
qo‘llab-quvvatlashdir. Ular ham g‘alaba uchun borgan. Ular maydonga or uchun, millat
va xalq sha’ni uchun tushmoqda. Ular ham Vatanimizni sizu bizdek yaxshi ko‘radi. Ammo
maydon tekis, to‘p yumaloq. Qarshilarida esa dunyoning manaman degan futbolchilari.
Shunday paytda nufusi
qarib 40 millionlik jonajon O‘zбекistoni — Vatanidan keladigan har bir dalda
ularga quvvat bo‘ladi.
Husan ERMATOV,
O‘zbekistonda
xizmat ko‘rsatgan
jurnalist,
senator