Bu haqda Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring qilish va nazorat qilish davlat muassasasi direktori Muhammadjon Qahhorov «O‘zbekiston 24»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, mazkur takliflar Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 3 iyundagi 276-son qarori asosida ishlab chiqilgan va Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilning o‘tgan yetti oyida 82 mingdan ortiq yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamagan holda harakatlangani aniqlangan. Ushbu huquqbuzarlardan 2 milliard so‘mdan ortiq jarima undirilgan.
1 sentabrdan yo‘l haqini avtobusga chiqishda to‘lash shart
2026 yil 1 sentabrdan brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan shahar avtobuslarida yo‘l haqini to‘lash tartibi qat’iylashtiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchi avtobusga chiqqan vaqtida yo‘l haqini to‘lashi yoki imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlashi kerak. Yo‘l haqini to‘lamagan va imtiyozga ega ekanini tasdiqlamagan shaxs chiptasiz yo‘lovchi hisoblanadi.
Yo‘l haqini transport yoki ijtimoiy kartani validatorga tekkizish, shuningdek, bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz to‘lov vositalari orqali amalga oshirish mumkin.
Qoidabuzarliklar nazoratchilarning maxsus planshetlari orqali aniqlanadi. Ular yordamida yo‘lovchining to‘lovni amalga oshirgani yoki amalga oshirmagani tekshiriladi.
Yangi tartibdan ko‘zlangan asosiy maqsad yo‘lkira tushumlarini to‘liq hisobga olish, naqd pulga bog‘liqlikni kamaytirish va jamoat transportida elektron to‘lov madaniyatini oshirishdan iborat.
Shuningdek, yo‘lovchilarning har bir bekat va vaqt kesimida harakati haqida aniq ma’lumot shakllantirilishi avtobus yo‘nalishlarini samarali rejalashtirish va jamoat transporti ishini muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Hozirda avtobusda chiptasiz yurish uchun BHMning 10 foizi, ya’ni 41 200 so‘m jarima belgilangan.